Jahon | 14:51 / 29.06.2025
1632
3 daqiqa o‘qiladi

Serbiyada talabalar norozilik namoyishlari vaqtida tartibsizlik ro‘y berdi. O‘nlab odam hibsga olindi

Belgrad markazida mamlakat prezidentligi uchun muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini talab qilayotgan talabalar ishtirokida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Politsiya ularga qarshi ko‘zni yoshlantiruvchi gazlardan foydalandi.

Foto: AP

Serbiya poytaxti Belgradda 28 iyun kuni kechqurun talabalar ishtirokida bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlaridan keyin tartibsizliklar boshlandi. Politsiya o‘nlab fuqarolarni hibsga oldi, deb yozadi Meduza.

Politsiya boshlig‘i Dragan Vasilevichning so‘zlariga ko‘ra, tartibsizliklar oqibatida olti nafar politsiyachi va ikki fuqaro jarohat olgan. Vasilevich «o‘nlab odamlar» qo‘lga olinganini qo‘shimcha qilib, ularning soniga aniqlik kiritmagan.

Belgradda ikkita norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi. Ulardan biri muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini talab qilayotgan talabalar tomonidan tashkil etildi. Ular poytaxt markazidagi Slaviya maydoniga to‘planib, raqiblari — universitetlar blokadasiga qarshi bo‘lgan talabalarning lageri joylashgan Pionerlar bog‘i tomonga o‘tishga urindi.

Knyaz Milosh ko‘chasi hududida esa politsiya bilan to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi. Dragan Vasilevichning ta’kidlashicha, namoyish ishtirokchilari buyruqqa bo‘ysunmagani uchun politsiya vaziyatga aralashishga majbur bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, namoyishchilar yaralangan politsiya xodimi uchun chaqirilgan tez yordamni o‘tkazib yubormagan. N1 nashrining yozishicha, norozilik namoyishi kadrlaridan ko‘rish mumkin, tez yordam mashinasi olomon orasidan o‘tib ketgan.

Qayd etilishicha, politsiya namoyishchilarni tarqatib yuborish uchun ko‘zni yoshlantiruvchi gazdan foydalangan. Politsiya rahbarining ma’lum qilishicha, norozilik namoyishi ishtirokchilari dubinkalar yordamida ortga surilgan, hech qanday kimyoviy vositalardan foydalanilmagan.

Serbiya bosh vaziri Juro Matsut mazkur zo‘ravonlik va Belgrad ko‘chalarida politsiyaga hujum harakatini qoralab, barcha ishtirokchilarni keskinlikni kamaytirishga hamda mas’uliyat bilan yo‘l tutishga chaqirdi. Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich «oxir-oqibat Serbiya g‘alaba qozonayotgani»ni ma’lum qildi.

Belgrad markazida bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlari Serbiyada muddatidan oldin prezidentlik saylovlari o‘tkazilishini talab qilib, 2024 yil noyabrdan beri butun mamlakat bo‘ylab universitetlarni bloklab qo‘yayotgan talabalar tomonidan tashkil etildi. Shuningdek, Slaviya maydoni yaqinidagi Pionerlar bog‘ida shu kuni yana bir namoyish bo‘lib o‘tdi — unda universitetlar blokadasiga qarshi chiqish qilayotgan talabalar to‘plandi.

Mavzuga oid