Jahon | 16:47 / 19.05.2020
6742
2 daqiqa o‘qiladi

Vladivostok yaqinidagi maxsus saqlash joyida bo‘lgan o‘zbekistonlik migrantlarga palov tarqatildi

Koronavirus pandemiyasi tufayli 60ga yaqin muhojir Rossiyani tark eta olmayapti va Vladivostok yaqinidagi Artyom shahrida maxsus joyda saqlanmoqda. Ijtimoiy faollar musulmonlarni Ramazon oyi va Hayit bayrami bilan tabriklash uchun ularga palov tayyorlashdi.

Foto: newsvl.ru

«Adolat» o‘zbeklar jamiyatining raisi Bahodir Nurakov so‘zlariga ko‘ra, hozirda 60ga yaqin kishi Artyom shahridagi muhojirlar uchun maxsus joyda saqlanmoqda. Ularning yarmi o‘zbeklar, ammo ijtimoiy faollar olib kelgan oziq-ovqat u yerda saqlanayotgan barcha chet elliklar uchun mo‘ljallangan. 

«Ushbu muassasada bo‘lib turganlarning Rossiya hududida ro‘yxatdan o‘tish muddati tugagan. Shuning uchun migratsiya xizmati ularni maxsus joyga joylashtirdi. Odatda, barcha muammolar bir oy ichida hal qilinadi va chet elliklar uylariga ketishadi, ammo hozir ular keta olmayapti hamda 2-3 oy davomida ushbu muassasada qolishga majbur bo‘lmoqda, sababi koronavirus pandemiyasi tufayli chegaralar yopiq. Hammasi qachon tugashini hech kim bilmaydi», - dedi Nurakov.

Palov bir necha oshpaz tomonidan Artyomdagi «Samarqand» qahvaxonasi yaqinida tayyorlandi. Milliy taomning 80ta porsiyasi uchun 10 kilogramm mol go‘shti va guruch kerak bo‘ldi. Shu bilan birga, O‘zbekistondan keltirilgan lazer guruchidan foydalanildi.

Palov tayyorlash taxminan ikki soat davom etdi, shundan keyin u katta qozonga solindi va maxsus saqlash joyiga olib borildi. Qo‘lga olingan muhojirlarga sabzavotlar, mevalar, o‘zbek noni va salqin ichimliklar ham topshirildi.

Mavzuga oid