Jahon | 00:10 / 31.01.2018
5654
3 daqiqa o‘qiladi

“Indians” beysbol klubi irqchilikdagi ayblovlar sababli 70 yillik logotipidan voz kechadi

Foto: Patrika Semanski, Assotiated Press

AQShning Bosh beysbol ligasida (MLB) ishtirok etuvchi “Klivlend Indians” klubi 2019 yildan boshlab o‘yinchilarning kiyimlari, kepkalari va uy stadionida qo‘llangan “Vaxu sardori” logotipini qo‘llashdan to‘xtaydi. Klub ushbu logotipi uchun bir necha bor irqchilikda ayblangan: unda tabassum qilib turgan qizil tanli hindu tasvirlangan.

Klub ushbu logotipli atributikani stadiondan tashqarida sotishda davom etadi. Klub shunday yo‘l bilan hindu tasviriga huquqni qo‘ldan boy bermaydi va uni “uchinchi tomon” qo‘llashiga ijozat bermaydi. Biroq eski logotipdagi barcha mahsulot MLB saytidan olib tashlanadi. 

The New York Times nashri ma'lumotlariga ko‘ra, klub egasi Pol Dolan ushbu logotipning kiyimlardan olib tashlanishi taklifiga uzoq vaqt qarshilik qilgan. Biroq MLB vakili Rob Menferdning aytishicha, klub oxir-oqibat liganing bu masala bo‘yicha taklifiga rozilik bergan. 

Amerikalik hindular harakatining Ohayo shtatidagi (Klivlend shahri joylashgan) rahbari klubning bu qarorini qo‘llab-quvvatlagan. U kelgusida klub nomi – “Indians”ni (Hindular) ham o‘zgartirish kerakligini aytgan.  

Hindu obrazi klubning logotipida 1928 yildan beri bor bo‘lgan, 1948 yilda esa klub kiyimida 70 yildan beri qo‘llanib kelingan “Vaxu sardori” personaji paydo bo‘lgan. Shu yillar ichida bu logotip dunyodagi eng mashhur sport qiyofalaridan biriga aylanib ulgurgan, biroq klub oxirgi yillarda uni kamroq qo‘llab kelgan. Misol uchun, 2014 yilda klubning asosiy ramzi “S” harfi bo‘lgan, “hindu” esa muqobil variant sifatida qoldirilgan. 

AQShda ko‘plab sport jamoalarining nomlari va logotiplarida hindularga ishora bor. Oxirgi yillarda irqchilikdagi ayblovlar sababli ular o‘zgartira boshlangan: bir necha universitet jamoalari o‘z atributikalaridan hindular bilan bog‘liq barcha eslatmalarni olib tashlashgan. 2015 yilda AQSh milliy futbol ligasining “Vashington Redskinz” (qizil tanlilar) klubidan nomini o‘zgartirish talab qilingan, biroq klub oliy sud orqali o‘zining tarixiy nomini saqlab qolishga erishgan.

Mavzuga oid