Jahon | 23:40 / 11.03.2025
11645
5 daqiqa o‘qiladi

«Quvur operatsiyasi»: ruslar uni «urushdagi burilish nuqtasi» deyishmoqda

Anchadan buyon Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urush haqida video qilmay qo‘ygandik. Bugun frontda kuzatilgan unikal operatsiya haqida gaplashamiz. Axir bu voqeani Rossiya tomoni urushdagi burilish nuqtasi deb atamoqda. Iltimos, YouTube-kanalimizda yuklangan videoga like bosing, izohlarda fikringizni qoldiring. Voqea haqida fikringiz biz uchun qiziq.

Qarshi hujum

Esingizda bo‘lsa, Ukraina o‘tgan yili 6 avgust kuni Rossiyaning Kursk oblastiga bostirib kirgan va 1200 kilometr kvadrat maydonni egallab olgandi. Kiyev egallab olgan hududlardan muzokaralarda foydalanishni maqsad qiladi. Biroq Rossiya hozirgacha ukrainlar egallab olgan hududning katta qismini qaytarib olishga erishdi. Xabarlar lentasida ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak, oxirgi 3-4 kun ichida ruslar Kurskda yaxshigina odimladi.

8 mart kuni Rossiya armiyasi Ukraina nazorat qilayotgan Sudja tumanidagi ukrain kuchlariga ortdan borib hujum qiladi. Ukrain kuchlarini aylanib o‘tish uchun ruslar Sudjadagi «Urengoy – Pomari – Ujgorod» gaz quvuridan foydalangan. Rossiya tomoni berayotgan bayonotlarda aytilishicha, bu operatsiya Ukraina mudofaa chizig‘ini yorib o‘tish uchun hal qiluvchi yurish bo‘lgan.

Bu quvur orqali Rossiya uzoq yillar Ukraina orqali Yevropaga gaz yuborib kelgan. 2025 yil 1 yanvardan buyon gaz o‘tkazgich ishlamayotgandi. 8 mart ertalabdan bir qator Rossiyadagi Z-kanallar muvaffaqiyatli o‘tgan quvur operatsiyasi haqida gapira boshlashdi. Ularda aytilishicha, 100 kishidan iborat guruh 1,4 metr diametrli quvur orqali bir hafta davomida 16 km masofani bosib o‘tgan. Ular ikki kun harakatlanib, yana to‘rt kun quvurdan chiqib hujum qilishni kutgan.

Operatsiyani «Veteranlar» xususiy harbiy kompaniyasi, Apti Alaudinov boshchiligidagi «Axmat» maxsus kuchlari va Rossiya armiyasi 30-motoo‘qchi polki tashkil qilgan. «Veteranlar» guruhi uchun bunday operatsiya yangilik emas. Ular o‘tgan yil yanvar oyida Avdeyevkaga hujum vaqtida yerosti yo‘lidan foydalangan.

Urush tarafdori bo‘lgan rossiyaliklar bu operatsiyani ko‘tarinkilik bilan maqtashmoqda. Biroq bir guruh Z-blogerlar va urush targ‘ibotchilari operatsiya yomon tashkil qilinganidan noligan. Ularning e’tiroziga ko‘ra, operatsiyada ventilyatsiya va ta’minotdagi kamchilik sabab bir necha harbiy metandan zaharlanib o‘lgan. Z-bloger Yegor Guzenko esa operatsiya haqida suratlar tarqalib ketgani dushmanga qo‘l kelgan. Chunki quvurdan chiqqan harbiylar yaxshi joylashib olishi uchun kamida bir hafta kerak bo‘lgan.

Ukraina nima demoqda?

8 mart kechga borib Ukraina tomoni ruslarning quvur orqali hujum qilishi yangilik bo‘lmagani, hujum vaqtida payqalgani haqida bayonot berdi. Ukraina bosh shtabi Sudjadan 2 km masofadagi gaz o‘tkazgichga zarba berilgani aks etganini aytayotgan videolarni e’lon qildi. Kadrlarda chindan artilleriya zarbalari ko‘rinadi.

Ukraina tomoni axborotida aytilishicha, quvur orqali hujumga o‘tganlar rossiyalik maxsus topshiriqli xizmatchilar bo‘lgan. Ukraina tomoni bu operatsiya doirasida ruslar katta yo‘qotishga uchraganini aytgan.

Rossiya kanallariga ko‘ra, ruslar Sudja atrofidagi o‘nlab qishloqlarni qaytib olgan. Quvur operatsiyasi Kursk yo‘nalishidagi katta qarshi hujumning bir qismi ekani aytilmoqda. Tarmoqda chechen generali Apti Alaudinov bu operatsiya urushdagi burilish nuqtasi bo‘lishi mumkinligini aytayotgan video tarqaldi.

Rossiya mudofaa vazirligi hali Kursk yo‘nalishidagi qarshi hujum haqida ham, «quvur operatsiyasi» haqida ham hech qanday bayonot bergani yo‘q. Urush holatida har ikki tomon berayotgan axborotlarni mustaqil tekshirish imkoni ham yo‘q.

Razvedka xatosimi?

Esingizda bo‘lsa, Zelenskiy Oq uyda Donald Tramp bilan janjallashib qolganidan keyin AQSh Ukrainaga avvaliga harbiy yordamni, keyinroq razvedka ma’lumotlari berishni to‘xtatib qo‘ygandi. Katta ehtimol mana shu yordam uzilib qolgani Ukraina uchun frontda jiddiy qiyinchilik tug‘dira boshladi. Ayniqsa razvedka masalasida AQShning Ukrainadan yuz o‘girgani jiddiy o‘zgarish hisoblanadi. Amerika razvedkasining darajasi ma’lum, ayniqsa urush holatida ular yanada sergak ishlashadi.

Balki Ukraina amerikaliklarning sifatli razvedka ma’lumotlariga ishonib qolib, frontdagi o‘z harbiy razvedkasiga e’tibor qilmay qo‘ygandir. Nima bo‘lganda ham «quvur operatsiyasi» ko‘rsatib qo‘ydiki, bir davlat bosh bir davlatga to‘liq ishonch bildirishi yaramaydi. Ayniqsa urush vaqtida.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid