O‘zbekiston | 12:53 / 19.09.2017
19782
2 daqiqa o‘qiladi

Kommunal xizmatdan qarzdorlik uchun endi qarzdorning o‘zigina tizimdan uzib qo‘yiladi

Joriy yilning sentabr oyidan boshlab O‘zbekistonning bir nechta hududlarida, jumladan Jizzax va Termiz shaharlarida Yagona billing (to‘lov) tizimi ishga tushirildi. Bu haqda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi «Kommunxizmat» agentligi rahbari Nodir Hojamov Kun.uz'ga ma'lumot bergan.

Bir necha oylar davomida Osiyo Taraqqiyot bankining moliyaviy ko‘magi asosida ishlab chiqilgan loyihaning texnik yechimlari Axborot texnologiyalar va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tayyorlangan. Yagona billing tizimning qulaylik jihati shundaki, uning markaziy axborotlar omborida barcha iste'molchilarning ma'lumotlari aniq qayd etib boriladi. Agar qarzdorlik holati kuzatilsa, atrofdagi iste'molchilarga ta'sir qilmagan holda, aynan qarzdor iste'molchiga yetkazib berilayotgan kommunal xizmat vaqtincha to‘xtatib qo‘yilishi mumkin. Bu jarayonlarga inson omili ta'sir o‘tkazmaydi.

Mutasaddi vakilning aytishicha, tez orada Jahon bankining moliyaviy ko‘magi bilan Samarqand, Sirdaryo va Buxoro viloyatida ham ushbu loyiha ishga tushishi kutilmoqda. Shuningdek, 2018 yilning so‘nggi qadar Respublikaning 8ta viloyatida loyiha to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Vazirlikning ma'lumot berishicha, «O‘zbekenergo» va «O‘ztransgaz» kompaniyalari bilan hamkorlikda Yagona billing tizimini joriy etish ishlari 2019 yilning yanvar oyiga qadar tabiiy gaz va elektr energiyasini yetkazib berish sohasida ham yakunga yetadi.

Mavzuga oid