Jahon | 20:04 / 08.05.2025
14331
4 daqiqa o‘qiladi

Putin Ramzan Qodirovning iste’foga chiqishiga ruxsat bermadi

Checheniston yetakchisi 7 may kuni Vladimir Putinga hisobot berdi. Ular «protokoldan tashqari» qator mavzularni ham muhokama qilgan va Rossiya prezidenti internetda tarqalgan «so‘nggi muhokamalarga» izoh bergan.

Foto: RIA Novosti

Ramzan Qodirov Vladimir Putindan o‘zining Checheniston rahbarligi lavozimidan ketishiga ruxsat ololmadi. U Rossiya prezidenti bilan mazkur masalani 7 may kungi uchrashuvda muhokama qilmoqchi edi. «Bugun prezidentdan so‘rayman. Nima desa, shu bo‘ladi. Nega endi yo‘q? Biz barchasini qildik, hammasini qurdik. Agar yana kimdadir muammo paydo bo‘lsa — qaytamiz!» — degan Putin bilan suhbatdan oldin «Kommersant» nashriga.

Uchrashuv davomida Ramzan Qodirov Checheniston iqtisodiyoti, sanoat ishlab chiqarishi va qurilishning o‘sishi, ishsizlikning qisqarishi haqida hisobot bergan. Shu bilan birga, respublika yetakchisi boshidan oxiriga qadar nutqini qog‘ozdan o‘qib bergan, kuzatuvchilar esa uning qo‘li qaltirab turganiga e’tibor qaratgan.

Putin bilan uchrashuvdan keyin Ramzan Qodirov «protokoldan tashqari qator muhim mavzularni» muhokama qilgani va «to‘liq tushunish va qo‘llab-quvvatlov» olganini yozib qoldirdi. «Yakunda Vladimir Vladimirovich internetdagi so‘nggi muhokamalarga izoh berib, yana Mark Tvenning mashhur so‘zlarini keltirdi: «Mening o‘limim haqidagi mish-mishlar juda bo‘rttirilgan». Hali ko‘p ishlashimiz kerakligini qo‘shimcha qildi. Oliy bosh qo‘mondon buyrug‘ini bajaraman!» — deydi Qodirov.

Bunga qadar «Novaya gazeta. Yevropa» Checheniston yetakchisining sog‘lig‘i keskin yomonlashgani haqida yozgandi. Nashr manbalarining ma’lum qilishicha, Ramzan Qodirov respublikani tark etmay qo‘ygan va deyarli butun vaqtini Grozniydagi «Aymed» klinikasida o‘tkazmoqda. Ta’kidlanishicha, olti yil oldin Qodirovga oshqozonosti bezi nekrozi tashxisi qo‘yilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil fevraldagi tibbiy tekshiruvlardan keyin Ramzan Qodirov hokimiyatni oila a’zolariga topshirish ssenariysini ishga tushirgan. Shu bois respublikadagi aktivlarni qayta rasmiylashtirish jarayonlari boshlangan. Oldin ular uchinchi shaxslar nomiga rasmiylashtirilgan edi — bu Qodirovning farzandlari mintaqaviy hukumatda lavozimlarni egallay olishi uchun amalga oshirilgan. Endi esa barcha bizneslar haqiqiy egalariga «qaytgan». Ammo Qodirovning qizlari davlat xizmatidan ketishga majbur bo‘lgan.

«Novoy» manbasining qayd etishicha, Chechekiston yetakchisi o‘ziga voris sifatida uchinchi o‘g‘li Adamni ko‘rib chiqmoqda — u noyabr oyida 18 yoshga to‘ladi. Aynan shuning uchun Qodirov 2023 yildan boshlab uni asosiy merosxo‘r sifatida turli lavozimlarga tayinlab, mukofotlay boshlagan.

Ramzan Qodirov 2007 yildan beri Chechenistonni boshqarib keladi. «Kavkazkiy uzel» hisob-kitoblariga ko‘ra, u o‘z iste’fosi haqida kamida sakkiz marta gapirgan. Xususan, Ramzan Qodirov 2017, 2020 va 2022 yillarda ham lavozimdan ketishga tayyorligini bildirgan.

Mavzuga oid