Sport | 18:47 / 30.05.2025
18102
3 daqiqa o‘qiladi

Stadionda janjal «uyushtirgan» shou-biznes vakillariga ma’muriy bayonnoma tuzilib, ish sudga yuborildi - IIBB

Toshkent shahar IIBB «Likecup» loyihasi doirasidagi futbol uchrashuvida uyushtirilgan huquqbuzarlik oqibatida loyiha vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi. Shuningdek, janjalni sahnalashtirganlar va unda qatnashganlarning barchasiga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ish JIB Shayxontohur tuman sudiga yuborildi.

Foto: Videodan kadr

28 may kuni «Likecup» loyihasi doirasida shou-biznes vakillari va instablogerlar o‘rtasida o‘tkazilgan futbol uchrashuvida janjal kelib chiqdi.

Jonli efirda ketgan hamda tarmoqlarda tarqalgan videoda o‘yin yakunida D.Nazarov boshqa o‘yinchini turtib janjal boshlagani ko‘rinadi. Shundan so‘ng Nazarovga boshqa o‘yinchi tashlangan hamda holat ommaviy tartibsizlikka aylanib ketgan. Keyinroq boshlovchi Alisher Uzoqov bu janjal uyushtirilgani va bu “sahna ko‘rinishi”dan Milliy gvardiya xodimlari ogohlantirilmagani haqida aytib chiqdi.

Shou-biznes vakillarining jamoat joyida sodir qilgan ushbu huquqbuzarligi jamoatchilikning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Toshkent shahar IIBB holat yuzasidan rasmiy munosabat berdi. Ma’lum bo‘lishicha, holat 28 may kuni Shayxontohur tumanidagi «Jar» o‘yingohida sodir bo‘lgan.

«O‘yin yakunlanganidan so‘ng, 2004 yilda tug‘ilgan O.O‘. ijtimoiy tarmoqlarda obunachilarini ko‘paytirish va ushbu o‘yinga omma e’tiborni yanada ko‘proq jalb qilish (piar) maqsadida go‘yoki jamoalar o‘rtasida janjal kelib chiqqanini sahnalashtirgan.

Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB tomonidan tekshiruv o‘tkazilib, turnir ishtirokchilari bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan. «Likesup» loyihasi doirasida yuz bergan yuqoridagi holat jamoatchilik o‘rtasida keskin e’tirozlar keltirib chiqargani va huquqbuzarlik sodir etilishiga sabab bo‘lgani uchun loyiha vaqtincha to‘xtatilgan», deyiladi IIBB bayonotida.

Shuningdek, mazkur holat yuzasidan loyiha tashkilotchilari, ushbu janjalni sahnalashtirganlar va unda ishtirok etgan barchaning shaxsi aniqlanib, ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

«To‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudiga yuborildi» deyiladi bayonotda.

IIBB axborot xizmati janjallashganlarning nechtasiga nisbatan ish ochilganiga aniqlik kiritmagan.  

Mavzuga oid