2026 yildan O‘zbekistonda AES sovitish tizimlarini ishlab chiqarish boshlanadi
O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi uchun quruq sovitish tizimlarini ishlab chiqarish 2026 yilda boshlanishi rejalashtirilyapti. O‘zbekiston prezidentining Vengriyaga tashrifi doirasida «O‘zatom» va MVM EGI kompaniyasi atom energetikasi sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Kelishuv ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, yangi texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish, texnologiyalarni mahalliylashtirish, zarur infratuzilmani yaratish kabilarni ham o‘z ichiga oladi.

«O‘zatom» va Vengriyaning MVM EGI davlat korxonasi atom energetikasi sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar qildi.
O‘zbekiston prezidentining Vengriyaga tashrifi doirasida tomonlar hamkorlik to‘g‘risidagi bitim va anglashuv memorandumi imzolagan.
«Hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, yangi texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish, atom elektr stansiyalarida quruq sovitish tizimlarini yetkazib berish va amalda tatbiq qilish, texnologiyalarni mahalliylashtirish, zarur infratuzilmani yaratish, shuningdek, mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturlarini tashkil etishni nazarda tutadi», deyiladi «O‘zatom» xabarida.
«O‘zatom» rahbari Azim Ahmadxo‘jayevga ko‘ra Vengriya tomoni O‘zbekistonda atom elektr stansiyalari uchun quruq sovitish tizimlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni taklif qilgan.
«Prezident atom elektr stansiyalari uchun energiya tejamkor va rivojlangan texnologiyalarni olib kelish bo‘yicha topshiriq bergan. Vengriyada eng yaxshi rivojlangan texnologiya bu — quruq sovitish tizimlari. Bu tizimlar bizga eng past darajada suvni ishlatish imkonini beradi, chunki reaktorlarni sovitish uchun juda ko‘p hajmda suv kerak bo‘ladi», — dedi Ahmadxo‘jayev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, 2026 yildan O‘zbekistonda AES sovitish tizimlarini ishlab chiqarish boshlanadi.
«Kelgusi yildan bu tizimlarni ishlab chiqarishga o‘tamiz. Bundan tashqari, Vengriyadagi hamkorlarimiz tomonidan ushbu tizimlarni ishlab chiqarish uchun O‘zbekistondagi imkoniyatlarni ham o‘rganish taklifi bo‘ldi. Aynan shu masala bo‘yicha kelasi oydan boshlab bizga katta delegatsiya keladi. Ular barcha imkoniyatlarni o‘rganib chiqadi va ishlab chiqarishni tashkillashtirishga o‘tamiz», — dedi «O‘zatom» rahbari.
Mavzuga oid

11:15 / 05.06.2025
Vengriya Sirdaryoda parrandachilik klasterini barpo etadi

22:10 / 01.06.2025
Tergovdagi qiynoqlar, arzonlashgan dollar va AQShdagi o‘zbek lobbisi - hafta dayjesti

17:20 / 28.05.2025
Birlik sari 71 qadam. Turkiy liderlar ilk marta Vengriyada yig‘ildi

23:46 / 27.05.2025