Har yili 1 million o‘quvchi O‘zbekiston bo‘ylab sayohatga jalb qilinadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 may kuni maktab ta’limi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda tumanlarda “Barkamol avlod” maktablari, 14 ta hududda “Yoshlik” sport jamiyati va Respublika o‘quvchi yoshlar markazi bor. Lekin 219 ta “Barkamol avlod” maktabi 350 ming bolani qamrab olgan. Endi “Barkamol avlod” maktablari, “Yoshlik” sport jamiyati va O‘quvchi yoshlar markazi yagona tizimga birlashishi belgilandi.
Bu markazlar to‘liq ta’mirdan chiqarilib, zamonaviy, kreativ yo‘nalishlar asosida jihozlanadi. Ularda xorijiy tillarni o‘qitish, sun’iy intellekt, dasturlash va animatsiya kabi yangi to‘garaklar ochiladi.
Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Samarqand, Buxoro va poytaxtdagi “Barkamol avlod” markazlarida kamida 100 o‘rinli “Bolalar sayyohlik bazasi” tashkil qilinadi.
Mutasaddilarga qiziqarli turizm to‘plamlarini qilib, har yili 1 million o‘quvchini O‘zbekiston bo‘ylab sayohatga jalb qilish topshirildi.
Sanoqli kunlardan keyin 6 milliondan ziyod o‘quvchi va 1 milliondan ortiq talaba ta’tilga chiqishi aytildi. Yoz oylarida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish muhim ahamiyatga ega ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Barcha hokimlar va ta’lim sohasi rahbarlariga yozgi ta’til vaqtida barcha ta’lim muassasalarining sport maydonchasi va o‘quv xonalarida yoshlar uchun sport, fan va kasb to‘garaklarini ochish topshirildi.
Masalan, o‘zlashtirish darajasi past maktablarga oqsayotgan fanlar bo‘yicha eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinib, o‘quvchilar uchun haftasiga olti soatlik o‘quv kurslari tashkil qilinadi.
Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish uchun 900 ga yaqin teatr, madaniyat markazlari va konsert zallari, hududlarda 1,5 mingga yaqin sport maydonchalari, 200 ta oromgoh, 2 mingdan ortiq turizm obektlari imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish zarurligi ta’kidlandi.
Mutasaddilarga joylardagi amfiteatr va sayilgohlarda har kuni konsert va musiqa kechalari o‘tkazish, madaniyat va istirohat bog‘larida san’at ko‘rgazmalari, she’riyat kechalari va intellektual o‘yinlar tashkil etish topshirildi.
Poytaxtdagi Yangi O‘zbekiston bog‘i va parklarda har kuni ochiq osmon ostida konsertlar uyushtiriladi. Bu ishlarni sport sohasida ham tashkil qilib, 6 million yoshlarni qamrab olishga ko‘rsatma berildi.
Yozgi oromgohlarda yoshlar “Ibrat farzandlari”, “Qizlar akademiyasi”, “Mutolaa” loyihalari bilan qamrab olinadi. 100 ming o‘quvchi uchun maktablarda “kunduzgi oromgoh” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
“Zakovat” intellektual o‘yinining maktab ligasi tashkil etiladi.
“Raqamli avlod” loyihasi doirasida kamida 50 ming yosh o‘qitilib, hududlarda IT va kibersport turnirlari o‘tkaziladi. Bunda “Raqamli avlod qizlari” loyihasi bo‘yicha tuman va viloyat tanlovlari o‘tkaziladi.
“Mening mahallam – mening faxrim” loyihasi doirasida ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha 100 ming yosh volontyorlikka jalb qilinadi.
150 dan ortiq sun’iy, shuningdek, barcha tabiiy suv havzalaridan samarali foydalanish, bunda yoshlarning xavfsizligini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
“Yoshlar turizmi oyligi” o‘tkazilib, 1 million yoshlar uchun muzey va tarixiy obidalarga ekskursiyalar tashkil qilinadi.
Umuman, aytilgan topshiriq va tadbirlar ijrosini nazorat qilish uchun shtab tuzilishi, bu masala shaxsan prezident nazoratida bo‘lishi ta’kidlandi.
Mavzuga oid

16:32
“Yerosti boyliklarimiz 3 trillion dollarga baholanmoqda” - Shavkat Mirziyoyev

13:58
O‘zbekiston va Bolgariya o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytiradi

21:09 / 09.06.2025
Shavkat Mirziyoyev AQShning yetakchi kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi

20:45 / 09.06.2025