O‘zbekiston | 22:58 / 25.06.2025
5775
6 daqiqa o‘qiladi

Bloger uyida timsoh saqlab kelgani aniqlandi, O‘zbekiston Shvetsiya bilan migratsiya sohasida kelishuv imzoladi, fuqaro oqlanganidan so‘ng ham 207 kun qamoqda o‘tirdi – mahalliy dayjest

O‘zbekistonda besh oyda 42 kishi ovqatdan zaharlandi. Toshkentda bloger uyida timsoh saqlab kelgani aniqlandi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga ayrim vakolatlar beriladi. Xorazmda fuqaro oqlanganidan so‘ng ham 207 kun qamoqda o‘tirdi. Kun davomida Kun.uz yoritgan shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Toshkentda bloger uyida timsoh saqlab kelgani aniqlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda bloger uyida Nil timsohini saqlayotgani aks etgan videolar yuzasidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi o‘rganish olib bordi.

O‘tkazilgan reyd davomida Toshkent shahrida yashovchi fuqaro yashash manzilida bir bosh Nil timsohini saqlayotgani aniqlandi.

Huquqbuzarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Ish yuzasidan to‘plangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish va tegishli chora ko‘rish uchun sud organlariga yuborildi. Timsoh Toshkent hayvonot bog‘iga topshirildi.

O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasida migratsiya sohasida kelishuv imzolandi

Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev va Shvetsiya migratsiya vaziri Yohan Forssell o‘rtasida O‘zbekiston va Shvetsiya migratsiya sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda noqonuniy migratsiyaning oldini olish, inson huquqlarni himoyalovchi, qulay, shaffof tashkillashtirilgan migratsiya mexanizmlarini yaratish masalasi muhokama qilindi.

Bugungi kunda Shvetsiyadagi demografik jarayonlar tufayli transport, qurilish, sanoat, tibbiyot, ta’lim va xizmat ko‘rsatish sohalarida kadrlar yetishmovchiligi kuzatilyapti. O‘zbekiston ushbu mamlakat mehnat bozoriga malakali mutaxassislarni tayyorlash va olib kirish uchun yetarli salohiyatga ega.

Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida markazlashtirilgan raqamli platforma yaratish, qurilish, logistika va tibbiy xizmatlar yo‘nalishlariga ish beruvchilar talabi asosida o‘zbekistonlik yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va Shvetsiyada bandligini ta’minlashga qaratilgan pilot loyihalarini boshlash kabi tashabbuslarni ilgari surdi.

Besh oyda 42 kishi ovqatdan zaharlandi

2025 yilning o‘tgan 5 oyi davomida O‘zbekistonda 14 ta holatda ovqatdan zaharlanishlar ro‘yxatga olinib, unda 42 nafar fuqaro jabrlangani ma’lum qilindi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga ko‘ra, yuzaga kelgan ovqatdan zaharlanish holatlarining o‘ntasi uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarini iste’mol qilish natijasida yuzaga kelgan. Ulardan 8 nafarini bolalar tashkil etadi.

Uchta holatda ovqat toksikinfeksiyasi qayd etilib, 13 nafar fuqaro jabrlangan, shundan 8 nafarini bolalar tashkil etadi. Kimyoviy zaharlanish bitta holatda qayd etilgan.

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga ayrim vakolatlar beriladi

«O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish» konsepsiyasiga ko‘ra, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga qator vakolatlar beriladi.

Xususan, ular davlat ko‘chmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovining eng kam stavkalarini belgilash, dafn etish joylarini saqlash qoidalarini va dafn etish xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha tariflar miqdorini tasdiqlash kabi vakolatlarga ega bo‘ladi.

Shuningdek, kengashlar yo‘llarning ayrim qismlarida harakatlanish tezligini oshirishga yoki kamaytirishga ruxsat berishi mumkin.

Fuqaro oqlanganidan so‘ng ham 207 kun qamoqda o‘tirdi

Xorazm viloyatida fuqaro sudyaning qo‘pol xatosi tufayli 8 oy jazoni ijro etish muassasasida asossiz saqlangani aniqlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro Rustam Xo‘janiyozov va boshqalar bir nechta epizodda savdo do‘koni oldida turgan yog‘ mahsulotlarini o‘g‘irlaganlikda ayblangan. Ularning barchasi 2023 yil oktyabr oyida ushlanib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Ish sudga chiqqan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudining 2024 yil mart oyidagi hukmi bilan Rustam Xo‘janiyozov aybli deb topilgan va unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Jinoyat ishi Xorazm viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasida ko‘rib chiqilgan. Taftish instansiyasining o‘tgan yil iyuldagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudi hukmining Rustam Xo‘janiyozovga oid qismi o‘zgartirilgan. Ya’ni Rustam Xo‘janiyozov «o‘g‘irlik» moddasi bilan qo‘yilgan ayblov epizodlarida qayd etilgan jinoyatni sodir etganlikda aybsiz deb topilgan.

Ajrimda Rustam Xo‘janiyozovni ma’muriy javobgarlikka tortish masalasi bo‘yicha tegishli hujjatlar IIBga yuborilishi belgilangan. Biroq taftish instansiyasi ajrimida Rustam Xo‘janiyozovga nisbatan qo‘llangan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini bekor qilib, uni jazoni ijro etish muassasasidan darhol ozod qilish yozilmay qolgan. Buning oqibatida Rustam Xo‘janiyozov asossiz ravishda jazoni ijro etish muassasasida 207 kun saqlangan.

Sudyalar Oliy kengashi matbuot xizmatining Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan hamda sudyaning ushbu xatosi o‘z tasdig‘ini topgan. Ishni taftish instansiyasida ko‘rgan 3 nafar sudyaga nisbatan xayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llangan.

Mavzuga oid