O‘zbekiston | 22:12 / 25.06.2025
11136
2 daqiqa o‘qiladi

Qidiruvda bo‘lgan 12 nafar o‘zbekistonlik BAAdan ekstraditsiya qilindi

Ular O‘zbekiston va Abu-Dabi Interpol Milliy markaziy byurolarining hamkorlikdagi sa’y-harakatlari natijasida mamlakatga qaytarilgan.

Foto: INTERPOL

O‘zbekiston va Abu-Dabi Interpol Milliy markaziy byurolarining hamkorlikdagi sa’y-harakatlari natijasida, BAA politsiyasining ko‘magi bilan qidiruvda bo‘lgan 12 nafar shaxs O‘zbekistonga qaytarildi, deb xabar beradi IIV matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, arab hamkasblari bilan o‘tkazilgan virtual uchrashuvda jinoyatchilarni aniqlash va topshirish bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlarini faollashtirish va o‘tkazishda ikki tomonlama yordam ko‘rsatish masalalari muhokama qilingan. Turli jinoyatlar sodir etgani uchun qidiruvda bo‘lgan uch nafar shaxsni topshirish tasdig‘i olingan. Shuningdek, keyingi harakatlarni belgilash uchun kuzatuv guruhi BAAga kelganda uchrashish taklif etilgan.

Abu-Dabi Interpol Milliy markaziy byurosi va Dubay politsiyasi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda BAA hududida yashiringan hamda u yerda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik shaxslar yuzasidan muhokamalar olib borilgan. Uchrashuvning birinchi qismida arab va o‘zbek tomonlari o‘zaro hamkorlikda qidiruvdagi shaxslar hamda gumonlanuvchilar ro‘yxatini almashgan.

Uchrashuvning ikkinchi qismida Interpolning Toshkentdagi Milliy markaziy byurosi xodimlari qidiruvda bo‘lgan 12 nafar jinoyatchini O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish jarayonini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

«Bu jinoyatchilar mamlakat sud organlari oldida javob berish va munosib jazo olish uchun topshiriladi», - deyiladi xabarda.

Mavzuga oid