Jahon | 17:52 / 14.05.2025
9534
8 daqiqa o‘qiladi

Tramp yana Saudiyada. U Netanyahudan yuz o‘girdimi?

Arab shayxlari AQShga yuzlab milliard dollar investitsiya kiritish va’dalari bilan, bitim tuzganini aytib maqtanishni xush ko‘ruvchi Trampni avrayotgandek ko‘rinmoqda. Qatar amiri hatto hashamatli samolyot ham sovg‘a qilyapti. Shunday vaziyatda, AQShga bir sent ham bermay, aksincha faqat pul so‘raydigan Isroil rahbariyati tashqi yordamlar masalasida xasis Trampning ko‘ziga balodek ko‘rinayotgan bo‘lsa ajab emas.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

AQSh prezidenti Donald Tramp ikkinchi muddatida ham o‘zining ilk davlat tashriflarini Saudiya Arabistonidan boshladi. U yaqinda Rimga borgandi, lekin bu Italiyaga davlat tashrifi emasdi: Rim Papasining dafn marosimida qatnashish uchun borgandi.

Tramp kecha va bugun Ar-Riyodda bo‘lib turibdi. Saudiyadan keyin, Birlashgan Arab Amirliklari va Qatarda ham bo‘ladi. 2017 yildan farqli ravishda, bu gal Isroilga bormaydi.

Saudiya Arabistoni va AQSh munosabatlari keyingi yillarda ancha sovuqlashdi. Sovuq urush davrida, ya’ni 1991 yilda SSSR qulaguniga qadar, Saudiya va boshqa arab monarxiyalari AQShning geosiyosiy jamoasida edi. Lekin keyingi yillarda, ayniqsa 2001 yil 11 sentabrdan keyin, Saudiya Arabistoni AQShdan masofa saqlay boshlayapti, o‘zaro ishonch pasaygan. Chunki o‘sha 11 sentabrdan keyin AQSh va Isroil Yaqin Sharq mintaqasini yangidan formatlay boshlagan edi. Shu sabab ham bu mintaqada ko‘plab urushlar bo‘ldi, mintaqa davlatlari muttasil G‘arb bosimi ostida qoldi, mintaqa beqarorlashdi.

Nega Saudiya-AQSh munosabatlari keyingi davrda ancha sovuqlashdi? Buning sabablari bir qancha. Ayniqsa, sobiq prezident Bayden davrida Saudiya va AQShning o‘zaro hamkorligi va ishonchi jiddiy pasaydi.

Birinchidan, 2018 yilda saudiyalik taniqli jurnalist Jamol Qoshiqchining Istanbuldagi Saudiya konsulligida o‘ldirilishi prezident Bayden tomonidan Saudiyaga qarshi salbiy bayonotlar berilishiga sababchi bo‘ldi.

Ikkinchidan, Saudiya o‘zining tashqi siyosatini, geosiyosatini diversifikatsiya qilyapti. Bir vaqtlar faqat AQShga oriyentir olgan bo‘lsa, bugun Xitoy Xalq Respublikasi, Yevropa Ittifoqi, Rossiya Federatsiyasi bilan ham munosabatlarni ancha ijobiylashtirgan.

Uchinchidan, Saudiya endi Eronni o‘zi uchun eng xavfli dushman deb bilmaydi. Bir vaqtlar Saudiya Eronni o‘zi uchun katta tahdid va dushman deb bilar edi, va shu sabab o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun AQShga yaqin turardi. Biroq Saudiya va Eron 2023 yil martida Pekinda yarashgani ortidan, Yaqin Sharqdagi vaziyat o‘zgardi. Saudiya hali ham Eronga u qadar ishonmaydi, rasmiy Tehronning xatti-xarakatlarini jiddiy kuzatib turadi, lekin Eronni o‘zi uchun katta dushman deb bilmaydi. Va bu bilan Saudiyaning AQShga bo‘lgan ehtiyoji ancha pasayadi.

To‘rtinchidan, Saudiyaning Isroil bilan munosabatlarini normallashtirish bugun kun tartibidan olib tashlangan. 2023 yil 7 oktyabrida Hamasning Isroilga xujumi ortidan Isroil nafaqat Hamasga, balki falastinliklarga, g‘azoliklarga genotsid boshladi. Bugungi kunga qadar Isroil 52 mingdan ortiq bolalar, ayollar va qariyalarni o‘ldirdi. Bu genotsid fonida, Saudiya va boshqa arab davlatlarining Ibrohim kelishuvlari formatida Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishi – imkonsiz.

AQSh Saudiyaning to‘liq o‘z ta’siridan chiqib ketishini istamaydi. Saudiya Arabistoni – boy davlat, u Islom sivilizatsiyasining markazi, arab dunyosining eng ta’sirli davlati, katta neft ishlab chiqaruvchi energetik qudrat. Shuning uchun ham, Tramp yana o‘zining birinchi tashrifini Saudiyadan boshladi. Kun tartibida Saudiyaga yuz milliardlab dollarga qurol-aslaha sotish, AQShga katta sarmoyalar kiritish, Saudiyada tinch atom stansiyalarini qurish va mintaqaviy hamkorlik masalalari bor.

Trampning Saudiyaga tashrifidan Yaqin Sharq davlatlarining deyarli barchasi manfaatdor. Faqat Isroil norozi. Isroilning o‘ng ekstremist kabineti va uning boshida turgan Netanyahu, to‘rtta sababga ko‘ra, juda norozi. Lekin Netanyahu bu noroziligini ochiq ayta olmaydi. Sababi, AQSh-Isroil munosabatlarida, “xo‘jayin” – bu AQSh, Isroil emas. Tramp bir necha marta Netanyahu bilan telefonlashgan va unga o‘zining Yaqin Sharqdagi rejalari haqida aytgan. Bu rejalarning birontasi Netanyahuga yoqmagan. Shundan so‘ng Tramp Netanyahuni inkor qila boshlagan.

Birinchi sabab, Saudiyaga tashrif mobaynida Tramp Suriya prezidenti Ahmad Ash-Shara bilan ko‘rishmoqchi. Isroilning Suriya bo‘yicha asosiy ssenariysi – Suriyani parchalash, fuqarolik urushidan chiqarmaslik, holsizlantirish va Isroilga qulay odamni hokimiyatga olib kelish. Ash-Shara esa Isroil emas, Turkiya va arab davlatlariga xayrixoh odam. Suriyadan sanksiyalarning yechilishi Isroilni norozi qilmoqda.

Ikkinchi sabab, Tramp Eron bilan ham tinch atom elektr stansiyalari bo‘yicha kelishuvga erishmoqchi. Isroilning maqsadi esa, AQShning qo‘li bilan Eron davlatini yiqitish edi. Trampning Eron bilan yarashuvga intilishi, tabiiy ravishda, Netanyahuni qo‘rqitadi.

Uchinchi sabab, Tramp va uning ma’muriyati shu paytga qadar Hamas bilan bevosita muloqotlarni yo‘lga qo‘ydi. Bu muloqotlarni Isroilning roziligini olmasdan, uni xabardor qilmasdan amalga oshirmoqda. Yaqinda Tramp Hamas bilan kelishib, amerikalik asirni ozod qilishga erishdi. Hamas AQShga “barqaror tinchlik” haqida bildirmoqda. Isroilning maqsadi esa mintaqada barqaror tinchlik emas, muttasil urush, genotsid va G‘azoni falastinliklardan tozalash edi.

To‘rtinchi sabab, Tramp Yamandagi husiylar bilan ham muzokara olib bormoqda. Husiylar shu paytga qadar G‘azodagi genotsidga qarshi bor kuchi bilan Isroilga qarshilik qilib kelayotgan kuch edi. Shu paytga qadar husiylarga qarshi boshida Saudiya, yaqinda esa Isroil, AQSh va Britaniya birgalashib kurashdi. Lekin husiylar yo‘q bo‘lmadi, ular qarshilik qilishda davom etdi. Endi Tramp husiylar bilan ham kelishuvga erishmoqchi. Bu albatta Isroilga qattiq yoqmaydi.

Arab monarxiyalari Trampni juda katta mablag‘ga sotib olmoqda. Saudiya, BAA va Qatar AQShga bir necha yuz milliard dollar investitsiya kiritadi, qurol sotib oladi, Qatar Trampga hashamatli samolyot sovg‘a qiladi. Isroil esa Trampga pul bermaydi, aksincha, doim pul va yordam so‘raydi, evaziga AQShning global reputatsiyasiga va manfaatlariga zarar yetkazadi.

Isroilning tarixiy jinoyatlarini shu paytgacha himoya qilib kelayotgan asosiy davlat – AQSh edi. Endi Isroilni himoya qilish AQShga ham og‘irlik qilayotgan ko‘rinadi. Tramp – ta’bir qilib bo‘lmaydigan siyosatchi. Bir necha oylar oldin u G‘azoni tozalab, Isroilga tortiq qilmoqchi edi. Bugun esa, Isroildan masofa saqlab, arablar tomon og‘ishdi. Oylar o‘tib, u yana o‘zgarishi mumkin. Lekin, shu narsa aniqki, Isroilning genotsidini hech bir davlat yashira olmaydi, insoniyat qabul qila olmaydi.

Hozircha AQSh Isroildan voz kechmayapti, balki Netanyahudan voz kechyapti. Qachonlardir AQSh Isroildan voz kechsa, boshqa biron bir davlat Isroilni otaliqqa olmaydi, na Hindiston, na Xitoy va na Yevropa Ittifoqi. Isroil o‘z qilmishlari uchun, albatta, javob beradi. Bu – vaqt masalasi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid