Jahon | 21:24 / 13.05.2025
3847
4 daqiqa o‘qiladi

“Oval kabinet, Bukinhem saroyi sotilmaydi, Kanada ham” – Kanada bosh vaziri Trampga nimalarni eslatdi?

Kanadaning yangi bosh vaziri federal saylovdan 1 hafta o‘tib, AQShga tashrif buyurdi. Donald Tramp bilan muloqotda Mark Karni Kanada hech qachon sotilmasligini eslatdi, AQSh prezidenti esa “hech qachon hech qachon demang”, deya kinoyali javob qaytargan. Kanada konservativ partiyasi a’zosi Obidxon Mamadaliyevga ko‘ra, bosh vazir safari hech nimani o‘zgartirmagan bo‘lsa ham, savdo bosimini pasaytirdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Jastin Tryudo bosh vazirlikdan iste’fo bergandan so‘ng liberallar o‘ziga Mark Karnini lider etib tanladi. 28 aprel kuni Kanadada federal saylov o‘tkazildi. Unda kichkina farq bilan liberallar konservatorlardan ustun keldi, lekin parlamentda mutlaq ko‘pchilik – 172 o‘rinni egallay olmadi, 168 o‘ringa ega chiqdi. Ayni paytda liberallar 170 o‘ringa egalik qilmoqda. Konservator partiyasi esa 143 o‘rin egallab turibdi.

Kanada konservativ partiyasi a’zosi, yurtdoshimiz Obidxon Mamadaliyev Kun.uz bilan suhbatlasharkan, saylovdagi oxirgi hafta muhim ahamiyatga ega bo‘lganini gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, saylovga 3 kun qolganida konservatorlar lideri - Per Poiliyevr hamda uning rafiqasi haqida chiqqan xabarlar saylov natijalariga ta’sir ko‘rsatmay qolmadi.

Ma’lum bo‘lishicha, Poiliyevrning venesuelalik rafiqasi o‘z amakisini daryo orqali mamlakat hududiga olib kirgan va legallashtirib, AQShga jo‘natgan. Ushbu ma’lumot shiddat bilan tarqagan hamda saylovchilarning fikriga ta’sir qilmay qolmagan. Biroq, mag‘lubiyatga asosiy sabab – konservatorlarga Trampga xayrixoh degan qarashdir.

Ya’ni Donald Tramp qayta prezidentlikka kelarkan, Kanadani AQShga qo‘shib olishini gapirdi, o‘zaro savdoda bojlar e’lon qildi. Yil boshida konservatorlar liberallardan 25 baho yuqorida edi va Per Poiliyevrning bosh vazir bo‘lishi deyarli aniq edi. O‘n yillik hokimiyatdan keyin liberallarga konservatorlar antipatiya yaratib ulgurdi, biroq Trampning Kanada mustaqilligi va suverenitetiga qarshi bayonotlari unga xayrixoh bo‘lishi mumkin deyilgan konservatorlar mag‘lubiyatiga asosiy sabab bo‘ldi.

To‘g‘ri, konservatorlar va liberallarning Kanada AQShga berilmasligi yuzasidan qarashlari bir xil. Ammo Trampning MAGA dasturi ijtimoiy-madaniy qismi konservatorlar qarashlariga deyarli mos tushadi, buni elektorat ko‘zdan qochirmadi.

Kanada bosh vaziri AQShga tashrif buyurarkan, prezident Donald Trampga ba’zi joylar hech qachon sotilmasligi, Kanada ham hech qachon sotilmasligini eslatdi. G‘arb matbuotiga ko‘ra, muzokaralarda Tramp o‘zini yaxshiroq tutgan, lekin bosh vazir Karni uning hokimiyati ostidagi Kanadaning pozitsiyalarini aniq ko‘rsatgan. Savdo bojlari borasida esa yakuniy xulosa shu yilning yozida G7 sammiti chog‘ida bildiriladi.

Mark Karnining safari hech qanday natijani olib kelgani yo‘q, biroq savdo bosimini pasaytirdi, konservator bo‘lsam ham uning safarini ijobiy baholayman, deydi Obidxon Mamadaliyev.

Bundan tashqari, yangi bosh vazirning oldida inflatsiyani jilovlash, uy-joy narxlari va ko‘chmas mulkka egalik qilish muammosini hal qilish kabi muhim vazifalar turibdi.

Bundan tashqari, bosh vazir Karni endi Kanadani qayta birlashtirishi kerak. Chunki Tryudo davrida partiyalar bo‘linib ketgan va hamma bir-biriga muxolifatda edi. Ayniqsa, yangi demokratlar dard ustiga chipqon edi. Endi Karni butun Kanadani birlashtira olishi lozim. Bizning konservatorlar partiyasi liberallarni mag‘lub etolmadi, ularning strategiyasi kuchliroq chiqdi. Ammo yangi demokratlarni fraksiya sifatida ham parlamentdan yo‘q qildik”, - deydi Obidxon Mamadaliyev.

Suhbatni Kun.uz’ning YouTube ’dagi sahifasida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.

Mavzuga oid