Jahli chiqqan Japarov, matbuotdagi “jiddiy ahvol” va g‘alaba paradlari – Markaziy Osiyo hafta ichida
9 may kuni Moskvadagi paradda Markaziy Osiyoning besh davlatidan ham harbiylar qizil maydonda ko‘rinish berdi. Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistonning o‘zida ham harbiy paradlar o‘tkazildi. Japarov shifoxonaga borib, sog‘liqni saqlash vaziriga qattiq tanbeh berdi. Matbuot reytingida mintaqa davlatlarining hammasi 140-o‘rindan pastda. “Tolibon” xorijdan qaytgan biznes egalarini 5 yil soliqdan ozod qilmoqchi.

Markaziy Osiyo, parad, 9 may
Haftaning asosiy mavzusi – 9 may. Bu sana O‘zbekiston mustaqillikka erishguniga qadar bizning mamlakatda G‘alaba kuni sifatida nishonlangan, 1999 yilda esa birinchi prezident Islom Karimov 9 mayni Xotira va qadrlash kuni deb e’lon qilgan. Shundan beri respublikamizda bu sana xotira kuni sifatida nishonlanadi. Markaziy Osiyo respublikalari 9 mayni qanday qarshi olgani muhim. Sovet ittifoqi tarkibida yashagan bu 5 davlatdan 3 tasi – Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistonda 9 mayni nishonlash tadbirlari ko‘proq rusparast ohangda o‘tadi deyolamiz. Buni 3 davlatning o‘z mamlakatlarida parad o‘tkazgani fakti ham isbotlaydi. Lekin Qozog‘iston mintaqaning katta kuchi ekan, rusparast davlat bo‘lishdan qochadi, biroq aksil Rossiya bo‘lib namoyon bo‘lishni ham istamaydi. Qozog‘istondagi parad balki qozoq milliy armiyasi namoyishi uchun ham kerak bo‘lgandir. 7 may kuni bo‘lib o‘tgan ushbu paradda 200 dan ortiq harbiy qurol-yarog‘ va texnika, jumladan, 66 ta harbiy aviatsiya samolyoti hamda vertolyotlar namoyish etilgan. Birinchi marta mexanizatsiyalashgan kolonna tarkibida jangovar mashinalar, shuningdek, minalarni zararsizlantirish uchun robotlar o‘rnatilgan maxsus avtomobillar ko‘rsatildi. Bu oxirgi 5 yilda Qozog‘istonda o‘tkazilgan birinchi paraddir, unda xorijiy davlat rahbarlaridan Vetnam kompartiyasi raisi To Lam rafiqasi bilan qatnashgan. Qozog‘istonda koronavirus yillarida parad o‘tkazilmagan, undan keyingi yillarda esa davlat pulini iqtisod qilish uchun parad o‘tkazilmagandi. Prezident To‘qayev paradda chiqish qildi, xalqqa urush haqidagi haqiqatlarni bildirish kerakligini gapirdi.
Global siyosatga tajovuz va nafrat batsillalari kirib kelgan bugungi kunda davlatimizning barcha fuqarolariga urush haqidagi bor haqiqatni yetkazish juda muhimdir. Haqiqatsiz tinchlik qadrini bilib bo‘lmaydi. Urush va buyuk g‘alabaning ahamiyati haqidagi tarixiy haqiqatni buzib ko‘rsatishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, dedi siyosatchi.
To‘qayev global beqarorlik davrida Qozog‘iston uchun asosiy vazifa milliy manfaatlarni himoya qilish ekanini ta’kidladi.
Ikkinchi jahon urushida Tojikistondan 300 mingdan ortiq kishi urushga jalb qilingan. Dushanbedagi G‘alaba bog‘ida bu yil harbiy parad o‘tkazilib, unda 4,5 ming nafar harbiylar safarbar qilindi. Ma’lum bo‘lishicha, aslida 9 may kuniga rejalangan bu parad Rahmonning Moskvaga ketishi sababi ortidan oldinroq o‘tkazilgan.
Qirg‘izistondagi parad esa Bishkekda Alatoo maydonida o‘tkazildi. Sadir Japarov ham Moksvaga borishi tufayli qirg‘iz harbiy paradi ham 9 maydan oldinga belgilandi. Unda 3 ming nafar qirg‘iz harbiylari qatnashgan. Nutq so‘zlagan prezident Japarov Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabada qirg‘izlarning o‘rnini ulug‘ladi.
Markaziy Osiyo davlatlaridan deyarli barcha erkaklar frontga ketgan. Qirg‘izistonning har to‘rtinchi fuqarosi fashistlar Germaniyasiga qarshi jang qilgan va, afsuski, ularning yarmi urushdan qaytmagan, qaytganlarning ko‘pchiligi yarador va nogiron bo‘lib qolgan, dedi Japarov.
Tojikiston prezidenti esa urush davrida bu davlat 100 mingdan ortiq qochqinlarni qabul qilganini aytdi.
Xalqimiz ularni begona deb bilmagan, boshpana, oziq-ovqat, kiyim-kechak berib, aksarini voyaga yetkazgan, dedi siyosatchi... Biz ajdodlarimiz jasorati bilan faxrlanamiz. Ularning har biri frontda ham, front ortida ham g‘alaba qozondi. Ularning matonati bizning abadiy yo‘l ko‘rsatuvchimizdir, degan Imomali Rahmon.
Qozog‘iston esa Ikkinchi jahon urushida qatnashgan jangchilar nomi 500 ta ko‘chaga berilishini e’lon qildi.
O‘zbekistonda hech qanday harbiy parad, yurish tashkil qilingani yo‘q. Prezident G‘alaba bog‘iga tashrif buyurib, “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gul qo‘ydi. Urush qatnashchilari bilan muloqot qildi.
Turkmaniston ham harbiy parad o‘tkazgani yo‘q, lekin g‘alabaning 80 yilligini keng nishonladi. Sobiq prezident, Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhammedov “Xalq haqidasi” yodgorligi poyiga gul qo‘ygan, so‘zga chiqqan. G‘alabaning 80 yilligi Turkmanistonning neytralligiga 30 yil to‘layotgani bilan birga nishonlandi. Shu o‘rinda Turkmen Dovlet Habarlary hozirgi prezident Sardorning bobosi Berdimuhammed Annayevning hayot yo‘lini butun turkman xalqiga ibrat qilib ko‘rsatgan.
Markaziy Osiyoning har 5 prezidenti 9 may kuni Moskvadagi harbiy paradda qatnashish uchun Rossiyaga bordi. U yerda bu mamlakatlarning harbiy qismlari chiqishi ham bo‘ldi. Tojikiston armiyasi guruhi bu paradda chiqish qilishi haqida e’lon qilingandi, biroq o‘zbek harbiy qismlari qatnashuvi borasida eshitmagan edik.
Parad tadbirlaridan avval prezidentlar birgalikda suratga tushayotganda Qirg‘iziston prezidentining harakatlari qirg‘iz mediasi e’tiborini tortgan. U oyog‘i ostida yopishtirilgan Qirg‘iziston bayrog‘i bor qog‘ozni yerdan olib, cho‘ntagiga solgan. Uning yonida turgan Qozog‘iston prezidenti buni payqagan.
Japarov vazirga qattiq tanbeh berdi
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning kasalxonaga borib, u yerda sog‘liqni saqlash vazirini qattiq urishgan videosi keng tarqaldi. Prezident matbuot xizmati Sadir Japarov vazir Erkin Checheyboyevga qattiq tanbeh bergani aks etgan videoni e’lon qildi. Prezident vazirdan bolalar kardiojarrohligi bo‘yicha gumanitar dastur boshlangandan beri bu shifoxonaga necha marta kelganini so‘radi, vazir esa hali birinchi marta deb javob qaytardi.
“Markazda shunday muammo bo‘lganida nega birinchi marta kelyapsan? Signalni chalishing kerak edi. Ishxonada o‘tirma, dedim! Ishxonada ikki oy o‘tirganingdan so‘ng kursisiga yopishib qoldingmi? Bolalar o‘lib ketyapti, ishxonangda o‘tiribsan”, deya qattiq tanbeh bergan Sadir Japarov.
Matbuot reytingida MO davlatlari 140-o‘rindan pastda
“Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro tashkilotining 2025 yilgi OAV erkinligi indeksida Markaziy Osiyo respublikalarining hammasi 140-o‘rindan pastda qoldi. Reyting 180 mamlakat ichida o‘tgan. O‘zbekiston 148-o‘rnini saqlab qoldi, ammo mamlakatning beshta yo‘nalishdagi reyting ko‘rsatkichlaridan barchasi pasaygan. Xalqaro kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘z erkinligi bo‘yicha vaziyat “juda jiddiy”ligicha qolmoqda.
O‘zbekistondagi OAV erkinligining darajasi o‘tgan yili 100 balldan 37 ballga, bu yil esa 35 ballga baholangan. Reytingga asos bo‘ladigan indikatorlarning beshalasida ham pasayish qayd etilgan.
Qo‘shni mamlakatlardan Qozog‘iston 141-, Qirg‘iziston 144-, Tojikiston 153-, Turkmaniston 174-, Afg‘oniston 175-o‘rinda qayd etilgan.
Rossiya so‘nggi o‘ntalikka – 171-o‘ringacha tushib ketgan, Xitoyning o‘rni 180 davlat orasida 178-o‘ringacha qulagan. Reytingni Shimoliy Koreya va Eritreya yakunlab beradi.
Hisobot mualliflariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab jurnalistlarning erkin faoliyat yuritishiga to‘siqlarning ko‘payib borishi tendensiyasi to‘xtamayapti.
“Dunyo bo‘ylab so‘z erkinligi eng past darajaga yetdi”, – deyiladi “Chegara bilmas muxbirlar” sharhida.
Tashkilot tomonidan kuzatib boriladigan 180 ta mamlakat va hududdan 90 tasida OAV xodimlarining ahvoli “qiyin” yoki “juda jiddiy”.
Mualliflarga ko‘ra, so‘z erkinligi bo‘yicha global vaziyatning yomonlashayotganiga xavfsizlik muhitining beqarorligi va avtoritarizmning kuchayishi bilan birga iqtisodiy bosim ham asosiy sababdir.
Reyting tuzuvchilarning ta’kidlashicha, bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab tahririyatlar tobora mustaqillik va iqtisodiy omon qolish istagi o‘rtasida tanlov qilishga majbur bo‘lmoqda.
Qayd etilishicha, kuzatilayotgan 180 davlatning 160 tasida OAV umuman barqaror ishlay olmaydi yoki buni faqat qiyinchilik bilan amalga oshirishi mumkin. Mamlakatlarning deyarli uchdan birida tahririyatlar iqtisodiy sabablarga ko‘ra yopilgan, ularga rasmiylar tomonidan ko‘pincha bosim o‘tkazilgan. 46 ta davlatda OAV faqat oz sonli egalari tomonidan nazorat qilinadi.
“Tolibon” xorijdan qaytgan biznes egalarini soliqdan ozod qiladi
Dunyodagi aksariyat davlatlar afg‘onlarni o‘z yurtiga deport qilishda davom etyapti. Xususan, Pokiston va Eron to‘xtovsiz minglab afg‘onlarni ushlab, davlatdan chiqarib yubormoqda. “Tolibon” muvaqqat hukumatidagilar katta biznesmenlar va tadbirkorlar qo‘rqmay vataniga qaytaverishi mumkinligini gapirdi. Muvaqqat hukumatdagi rasmiylardan biri Abdul Salam Hanafiy bu haqda G‘azni viloyatida qaytganlar uchun yer taqsimlash marosimida aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra: “Pokistonda yirik biznesga ega bo‘lgan muhojirlar, masalan, zavodlar yoki tijorat operatsiyalarini amalga oshiruvchilar Afg‘onistonga qaytsa – maxsus qo‘mita tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi va turli qulayliklar bilan ta’minlanadi. Ularga sanoat parklaridan bepul yer beriladi, bu bog‘lar yonida esa bepul uy-joylar ajratiladi. Bundan tashqari, ular besh yil davomida barcha soliqlardan ozod qilinadi”.
Aytilishicha, 25 viloyat bo‘ylab qaytib kelganlar uchun 35 shaharcha qurish rejasi tugallangan.
G‘azni viloyatining Andar tumanidagi bozorga “Tolibon” rasmiylari tamal toshi qo‘yib bergan. Shaharsozlik boshqarmasi muhandislar boshlig‘i Hamidurrahmon Shahidxelga ko‘ra, Andar tumanidagi Miri bozorining batafsil rejasiga 192 ta turar joy uchastkasi, 12 ta savdo bloki va 7 tagacha savdo karvonsaroylari kirgan.
Qaytganlarni doimiy ravishda joylashtirishni ta’minlash uchun G‘aznining 2-sonli posyolkasidan 4000 gektarga yaqin yer ajratildi, shundan 2000 gektarga yaqini birinchi bosqichda qaytib kelganlarga taqsimlanishi aytilgan. Lekin o‘sha biznes doiralari vakillari Afg‘onistonga endi qaytadimi degan savol o‘rinlidir, albatta.
Mavzuga oid

12:42 / 04.05.2025
Paradga tayyorgarlik, qozoq oltin vizasi va chegarada otilgan jangarilar

13:30 / 27.04.2025
Urush shov-shuvi, «Chashma» kelishuvi, chegaradan qaytgan turkman pomidori va safari qoldirilgan Meloni

11:30 / 20.04.2025
Qonuniylashtirilayotgan nasha, tahqirlangan migrantlar va muhokamadagi haj – Markaziy Osiyo hafta ichida

10:20 / 13.04.2025