Jahon | 13:30 / 27.04.2025
11825
15 daqiqa o‘qiladi

Urush shov-shuvi, «Chashma» kelishuvi, chegaradan qaytgan turkman pomidori va safari qoldirilgan Meloni

Italiya bosh vaziri shu hafta O‘zbekiston va Qozog‘istonda bo‘lib, yakshanba kuni Ostonada sammit o‘tkazishi kerak edi, biroq Rim papasining vafoti sabab Jorja Meloni tashrifini kechiktirdi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston «Chashma» bulog‘i bo‘yicha kelishuvga erishdi. Arqadag‘ hafta davomida Tojikistondan tashqari barcha Markaziy Osiyo davlatlarida bo‘ldi. Turkman pomidori esa rus va ozar chegarasidan o‘tkazilmadi. Pokiston va Eron afg‘onlarni ommaviy deport qilmoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Qozog‘iston Rossiya bilan urushga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida matbuotda shovqin ko‘tarildi

Qozog‘iston Rossiya bilan urushga tayyorlanayotgani haqida ayrim ommaviy axborot vositalarida xabarlar tarqaldi. Respublika Mudofaa vazirligi mazkur xabarlarga munosabat bildirdi.

Tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Qozog‘iston go‘yoki Rossiya bilan chegarada “mojaro yuz berishi ehtimoliga” hududiy mudofaa brigadalarini joylashtirmoqda. Mudofaa vazirligi rasmiy tushuntirish berib, “Hududiy mudofaa to‘g‘risida”gi qonun loyihasi faqat Qozog‘iston ichki xavfsizligini mustahkamlashga qaratilganini aytdi.

Hududiy mudofaa to‘g‘risidagi qonun loyihasi Qozog‘iston milliy xavfsizlik tizimini modernizatsiya qilish doirasida ishlab chiqilgan. Uning maqsadi — ichki barqarorlikni ta’minlash, harbiy holat yoki boshqa favqulodda vaziyatlar sharoitida aholini, infratuzilma obektlarini va hududiy yaxlitlikni himoya qilish.

Hududiy mudofaa brigadalarini joylashtirish tashqi tahdidlarga javoban emas, balki hududlarning logistika, geografik va demografik xususiyatlarini hisobga olgan holda amalga oshirilmoqda, deya izoh berdi vazirlik.

Qozog‘iston Mudofaa vazirligi qonun loyihasi hech qanday davlatga qarshi qaratilmagani va harbiy tahdidlarga munosabat nuqtayi nazaridan qabul qilinmasligi kerakligini aytdi. 24 aprel kuni prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev Xavfsizlik kengashi sessiyasida Rossiya Qozog‘istonning asosiy strategik sherigi va ishonchli ittifoqchisi bo‘lib qolayotganini alohida ta’kidladi. Prezident shuningdek, Qozog‘istonda millatlararo totuvlikka putur yetkazishga qaratilgan har qanday provokatsiya va ig‘volarga qat’iy chek qo‘yish zarurligini qo‘shimcha qildi.

«Chashma» bulog‘i bo‘yicha o‘zbek-qirg‘iz rahbariyati kelishuvga erishdi

Yana bir muhim yangilik shuki, O‘zbekiston va Qirg‘iziston «Chashma» bulog‘idan birgalikda foydalanish bo‘yicha vanihoyat kelishuvga erishdi. Toshkentda 24 aprel kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Toshiyev raisligida o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasi muhokamadan o‘tkazilgan. Muzokaralar davomida bir bayonnoma hamda «Chashma» bulog‘idan qanday foydalanishni tasdiqlovchi hujjat imzolangan. Ikki davlat ham «Chashma» bulog‘i O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalqlarining umumiy boyligi ekanini tan olgan.

Bosh vazir Aripov idorasiga ko‘ra, o‘zbek tomoni buloqning uchdan ikki qismidan foydalanishini ta’minlash hamda manbaning suv resurslari hajmi va sifatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan har qanday xatti-harakatlarni o‘zbek tomoni bilan muvofiqlashtirish to‘g‘risida kelishuvlarga erishilgan.

 

O‘zbekiston va Qirg‘iziston «Chashma» bulog‘idan to‘laqonli foydalanishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday chora-tadbirlarga yo‘l qo‘ymaslikka kelishib oldi. Qisqa muddat ichida bu bo‘yicha yakuniy hujjatlar imzolanadi. Yaxshi qo‘shnichilik fonida mintaqada territorial va resurslarga borib taqaluvchi muammolarning qolmagani yaxshi. Vaholanki, bu masalalar keyinchalik mojarolarga richag vazifasini o‘tamasligi kerak.

Turkman pomidori rus va ozar chegarasida qolib ketdi

Rossiya va Ozarboyjon turkman pomidorini chegaradan o‘tkazmadi. Rosselxoznadzor va Ozarboyjon oziq-ovqat xavfsizligi agentligi so‘nggi 8 kun ichida turkman pomidorining yirik partiyalarini o‘z mamlakatlariga kiritmadi.

Rosselxoznadzorning Ural mintaqalararo boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 9 tonna pomidor Turkmanistondan 15 aprel kuni O‘zbekistondan katta partiya bilan bir vaqtda Yekaterinburgga olib kelingan. Har ikki davlat sabzavot xavfsizligini fitosanitariya sertifikatlari bilan tasdiqlagan.

Biroq mahalliy fitosanitariya nazorati partiyalardan olingan namunalarda meva virusini aniqladi. Ozarboyjonda undan ham ko‘proq, 56 tonna pomidor davlatga kiritilmadi. Ushbu pomidorlarni yetkazib beruvchi shirkatlarga mahsulotlarni yo‘q qilish buyurilgan. Turkmanistonga esa kasallik tarqagan fermer xo‘jaligida sog‘lomlashtirish tadbirlarini o‘tkazish talabi bilan rasmiy xabarnoma yuborildi, deya yozdi Turkmen.news nashri.

 

Eslatib o‘tamiz, aprel oyi boshida Rossiyadan Turkmanistonga 36 tonna pomidor qaytarilgan edi. Ushbu pomidorlarda ham meva virusi aniqlangan. Turkmaniston sabzavotini eksport qilish muammosi bir necha yillardan buyon davom etib kelmoqda. Meva virusi pomidor va qalampirga yuqadi. Virus meva va sabzavotlarning deformatsiyasi, rangi o‘zgarishi va nekrozga olib kelishi mumkin. Virus juda oson tarqaladi va zararlangan o‘simliklar yo‘q qilinmasa, butun plantatsiyaga ta’sir qilishi mumkin. Virus bilan kasallangan sabzavotlar odamlar uchun xavfli emas, ammo import qilingan patogenlar mamlakat ichidagi plantatsiyalarga tarqalishi mumkin, shuning uchun eksport qat’iy nazorat qilinadi.

Papa o‘limi sabab Meloni safari kechiktirildi

Shu hafta Italiya bosh vazirining O‘zbekiston va Qozog‘istonga safari qoldirildi. Rim Papasi Fransiskning uzoq davom etgan kasalligi sabab vafoti ortidan bo‘ladigan motam marosimlari munosabati bilan Jorja Meloni Markaziy Osiyoga rejalagan safarlari hamda barcha tadbirlarni bekor qildi. U 25-26 aprel kunlari O‘zbekistonda, 26-27 aprel kunlari esa Qozog‘istonda bo‘lishi, ikki davlatga rasmiy safardan tashqari bugun Italiya–Markaziy Osiyo sammitida qatnashishi kerak edi.

Meloni prezident Mirziyoyevning 2023 yil iyun oyida Italiyaga safari chog‘ida bu sammitni rivojlantirishni aytgan. 2024 yilda esa Rim shahrida tashqi ishlar vazirlari darajasida sammit o‘tkazilgan, davlat rahbarlari uchrashuvi esa Ostona shahrida, 27 aprel kuniga belgilangandi. Italiya hukumatiga ko‘ra, Meloni yaqin kunlarda bu sammitni o‘tkazishga keladi. Bu shu oy ichida ikkinchi bor Yevroittifoq va mintaqa liderlarining oliy darajadagi muloqoti bo‘lardi.

Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqini tark etganidan so‘ng Italiya hozirgi Yevroittifoqning uch yirik iqtisodiyotga ega davlatlaridan biri. Siyosiy nuqtayi nazardan ham Fransiya, Germaniya va Italiyaning pozitsiyalari umumittifoq kayfiyati va qadamlariga jiddiy ta’sir qiladi. Bugungi Italiya qariyb 2.5 trillion dollar YaIM bilan Yevropadagi ikkinchi yirik ishlab chiqaruvchi rivojlangan iqtisodiyotga ega davlat. Italiya dunyoning gigant 20 talik va 7 talik davlatlari yig‘ilgan – G20 va G7 a’zosi sanaladi. Italiya bugungi Yevroittifoq tuzilishida muhim rol o‘ynagan asosiy 3 davlatdan biri, xalqaro tashkilotlarda ham rasmiy Rim strategik mavqega ega.

Oxirgi 3 yilda Markaziy Osiyoda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston prezidentlari Italiya tashrif bilan borib, aloqalarni muhokamadan o‘tkazdi. Ayniqsa, energetika sohasida Rim Markaziy Osiyo bilan hamkorlik istamoqda. Xususan, italyan kompaniyalari Qozog‘istonda shamol va quyosh stansiyalarini qurishni rejalagan. Yana bir italyan kompaniyasi esa Tojikistonning Rog‘un GESi qurilishida faollik ko‘rsatmoqda. 2024 yil may oyida Rimdagi tashqi ishlari vazirlari sammitida “O‘rta koridor”, ya’ni Trans-Kaspiy xalqaro transport yo‘nalishi bo‘yicha fikr almashgan va Italiya moliyaviy qo‘llab-quvvatlovga tayyorligini bildirgan. Jahon banki prognozlariga ko‘ra, 2030 yilga borib O‘rta yo‘lak orqali olib o‘tiladigan yuklar hajmi uch barobar ortadi.

Qozoq nashri Ordaning yozishicha, Italiya Xitoyga qaramlikni kamaytirishga harakat qilib, Markaziy Osiyodagi diplomatik izlarini mustahkamlashga intilmoqda. Italiya ommaviy axborot vositalari esa bosh vazirning mintaqaga bo‘lajak tashrifini faol yoritadi.

Geosiyosiy taranglik kuchayib, Yevropa Ittifoqi Rossiya va Xitoy resurslariga bog‘liqligini kamaytirishga intilayotgan bir paytda Italiya Markaziy Osiyoga asosiy mintaqa sifatida qaraydi. Qozog‘istonda mudofaa, raqamli texnologiyalar va yashil energiya sanoati uchun zarur bo‘lgan materiallar topilganidan so‘ng Rim ayniqsa noyob tuproq metallariga qiziqish bildirmoqda, deya yozadi Orda nashri.

Yevropa Ittifoqi Rossiyani chetlab o‘tib, Kavkaz va Kaspiy dengizi orqali Yevropa va Osiyoni bog‘laydigan Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini rivojlantirish uchun mablag‘ ajratmoqda. Meloni esa bu tashabbusdan Italiyani Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasida asosiy vositachi sifatida ko‘rsatish uchun foydalanmoqchi.

Gurbanguli Berdimuhammedov MO bo‘ylab safar o‘tkazdi, faqat Tojikistonga bormadi

Turkmaniston sobiq prezidenti, hozirgi prezidentning otasi va davlat milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhammedov Qozog‘iston va Qirg‘izistondan keyin O‘zbekistonga ham tashrif bilan bo‘lib qaytdi. Biroq Berdimuhammedov Tojikistonga bormadi, mintaqadan faqat Tojikistonga safar yo‘qligi sababi esa noma’lum. Har davlatda Berdimuhammedov o‘ziga xos hurmat-ehtirom bilan qabul qilindi, oliy darajada kutib jo‘natildi. Japarov unga haydovchilik qilgan bo‘lsa, Shavkat Mirziyoyev Berdimuhammedivni Samarqandda shaxsan qarshi oldi.

5 may kuni Turkmaniston delegatsiyasi “Markaziy Osiyo – Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi” Samarqand sammitida, shu yilning 6-7 sentabr kunlari esa Toshkentdagi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun ham keladi. Xalq maslahati raisi Berdimuhammedovga ko‘ra, Turkmaniston–O‘zbekiston chegarasidagi savdo zonasi – «Dashoguz-Shabat» nazorat-o‘tkazish punkti hududida Savdo markazining tashkil etilishi savdo aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Uning joriy yilda foydalanishga topshirilishi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshiradi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, so‘nggi yillarda gaz bo‘yicha qo‘shma loyihalar qilinmoqda. Ashxobod Toshkent bilan kimyo sanoatida ham hamkorlikka tayyorligini bildirgan. Turkmanboshi dengiz portidan foydalanish mavzusi ham muhokamada bo‘lgan. Jahon transport kompaniyalari va moliya institutlari bu ishga jalb qilinishi ham belgilanyapti. Gurbanguli Berdimuhammedov o‘zi bilan qizi O‘g‘iljahonni ham olib kelgan. Unga safar davomida prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva hamrohlik qildi. Turkmanistonda prezident Berdimuhammedovning o‘g‘li Sardor bo‘lsa-da, Gurbanguli Berdimuhammedovning siyosiy umri davom etmoqda. Davlat boshqaruvi va dunyo bilan aloqalarda sobiq prezidentning roli kuchli hisoblanadi.

Qirg‘izistonga polietilen paketlarni olib kirish taqiqlanishi kutilmoqda

Qirg‘izistonga qalinligi 20 mikrometr va undan past xarakteristikali polietilen paketlarni olib kirish yarim yilga taqiqlanishi mumkin. Iqtisodiyot va savdo vazirligi tegishli taklifni ilgari surdi.

Vazirlik tomonidan tegishli qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Qalinligi 20 mkm va undan kam bo‘lgan polietilen paketlar ishlatilganda ultrabinafsha nurlar va mexanik ta’sirlar ostida degradatsiyaga uchraydi. Bu esa plastik mikrozarrachalar shakllanishiga olib keladi. Bu mikrozarrachalar atrof-muhitda to‘planadi va uzoq muddatli ifloslanishga sabab bo‘ladi. Ular tana to‘qimalariga ham kira oladi, bu esa sog‘liqqa ta’sir ko‘rsatadi.

 

Qalinligi 20 mkm va undan past bo‘lgan polietilen paketlarni qayta ishlash 3-4 baravar ko‘p resurs talab qiladi. Shuning uchun ularni yig‘ish va keyinchalik qayta ishlashda boshqa polietilen mahsulotlaridan farqli o‘laroq muammolar yuzaga keladi. Shularni hisobga olgan holda, taqiqni joriy etish yuklamani kamaytirishga, aholi salomatligini saqlashga va ekologik toza muqobillarni ishlab chiqishni rag‘batlantirishga yordam beradi.

Vazirlikka ko‘ra, plastik qadoqlash o‘rnini qog‘oz, yog‘och, shisha, metall va mato bosishi mumkin. Ammo bu o‘zgarish sanoat sohalarini yangicha ishlashga majbur qiladi, ular bunga tayyorlanishi kerak.

Afg‘onlar ommaviy ravishda deport qilinmoqda

Pokiston va Eron ommaviy ravishda afg‘onlarni deport qilmoqda. Hisobotga ko‘ra, joriy yilda Erondan ikki million, Pokistondan yana 1,6 milliondan ortiq afg‘onlar chiqarib yuborilishi kutilmoqda. JSSTning ma’lum qilishicha, aprelning birinchi 10 kunligida 130 mingdan ortiq afg‘onlar deport qilingan. Bu shaxslar ixtiyoriy-majburiy ravishda qaytib kelishgan, ularning 60 foizi Pokistondan va 40 foizi Erondan kelgan, deya qo‘shimcha qiladi tashkilot. Qaytib kelgan fuqarolarni qabul qilish, joylashtirish va ijtimoiy integratsiyaga «Tolibon» hukumati tayyor bo‘lishi kerak. Qabul qiluvchi davlatlar ham xalqaro qonunlar doirasida muhojirlarga insoniy va munosib munosabatda bo‘lishga mas’uldirlar, deydi muhojirlar huquqlari faoli Alirizo Karimiy. BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarining yordamchisi Rauf Mazou Pokistonning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Muhammad Sodiq bilan afg‘on muhojirlarining ahvolini muhokama qilgan.

Migrantlar bilan bog‘liq muammolar juda ko‘p. 31 mart, belgilangan muddat tugaganidan buyon, ayniqsa, hujjati yo‘q yoki vizasi muddati o‘tganlar uchun muammolar og‘irlashdi. Ular qayta murojaat qilishdi, lekin hech qanday yordam olmagan  deydi Pokistondagi afg‘on muhojiri Rezo Saxiy. 

«Tolibon» Iqtisodiyot vazirligi xalqaro yordam agentliklarini qaytib kelganlarning muammolarini hal qilishda hamkorlikni kuchaytirishga chaqirdi.

Mavzuga oid