Jahon | 10:20 / 13.04.2025
7918
12 daqiqa o‘qiladi

Oldi olingan to‘ntarish, qayta tekshiriladigan GES va qimmatlagan go‘sht - Markaziy Osiyo hafta ichida

Qirg‘izistondagi maxsus kuchlar davlat to‘ntarishining oldi olinganini tasdiqladi. Qozog‘istonda go‘sht narxi keskin qimmatladi, tuxum importiga esa 6 oy tanaffus berildi. O‘zbekiston va Turkmaniston aholisi shikoyati ortidan Rog‘un GES qayta tekshiriladi. Tojikistonda endi elektrdan noqonuniy foydalanganlar qamalishi mumkin. AQSh Afg‘onistonga oziq-ovqat yordamini to‘xtatdi, «Tolibon» mavzuni siyosiylashtirmaslikka chaqirdi.

 Qozog‘istonda go‘sht narxi keskin qimmatladi

Qozog‘istonda go‘sht va go‘sht mahsulotlari narxining sezilarli o‘sishi qayd etildi. Rasmiylar buni Tojikiston va O‘zbekistondan talab oshgani bilan izohlamoqda. 2025 yil mart oyi yakunlariga ko‘ra, go‘sht mahsulotlari narxi 2,2 foizga qimmatlashgan. Bu so‘nggi uch yildagi eng katta oylik o‘sish bo‘lmoqda. Shunga o‘xshash o‘sish faqat 2022 yil aprel oyida qayd etilgandi.

Ostona shahri aholisi mol go‘shti uchun 2800 tenge (67 ming so‘m) to‘lagan bo‘lsa, hozirda narxlar 3100-3300 tengegacha (taxminan 77 va 82 ming so‘mga) yetmoqda. Bu ko‘rsatkich O‘zbekistondagi go‘sht narxlariga nisbatan ancha pastdir.

Tahlilchilarga ko‘ra, go‘sht narxining oyiga 1 foizdan oshishi juda kam uchraydigan holat. Taqqoslash uchun: 2023 yilda go‘sht yil davomida 7 foizga, 2024 yilda esa 3,4 foizga qimmatlashgan. Joriy yilda esa narxlar allaqachon 5,6 foizga ko‘tarilib bo‘ldi.

Keskin o‘sish ketma-ket uchinchi oy davom etmoqda. Yanvar oyida go‘sht 1,1 foizga, fevralda 2,1 foizga, mart oyida esa yana 2,2 foizga qimmatlashgan. Ayniqsa, mol va qo‘y go‘shtining narxi keskin oshgan. Mol go‘shti bir oyda 3,5 foizga qimmatlashgan — bu 2017 yil fevralidan beri ikkinchi yirik ko‘rsatkichdir. Qo‘y go‘shti esa 3,4 foizga oshib, maksimal ko‘rsatkichga yetgan.

Rasmiylar narxlarning oshishini qo‘shni davlatlar xususan, Tojikiston va O‘zbekiston tomonidan talabning oshishi bilan izohlamoqda. Shu bilan birga, vazirliklar vakillari ichki bozorda go‘sht mahsulotlari taqchilligi yo‘qligini, vaziyat vaqt o‘tishi bilan barqarorlashishini aytgan. O‘zbekistonda ham mana uzluksiz go‘shtning narxi oshib kelmoqda.

Qirg‘izistonda davlat to‘ntarishining oldi olindi

Qirg‘izistonda davlat to‘ntarishining oldi olindi. Maxsus xizmatlar mamlakatda ommaviy tartibsizliklar uyushtirishga bo‘lgan urinishning oldi olinganini tasdiqlagan. Bu haqda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga tayanib qirg‘iz mahalliy nashri «AKIpress» xabar berdi. 

Ushbu tartibsizliklarning asosiy maqsadi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirish va keyinchalik davlat to‘ntarishiga urinishdir, deya ta’kidlaydi qo‘mita.

Davlat to‘ntarishiga urinishni rejalashtirgan guruhning barcha a’zolari qo‘lga olingan. Gumonlanuvchilar “soxta provokatsion” video suratga olmoqchi bo‘lgan. Videoda kaltaklangan qirg‘izistonlik qiz go‘yoki chet el fuqarolari tomonidan qanday tahqirlangani haqida gapirishi rejalashtirilgan.

Ushbu rolik “milliy vatanparvarlik tuyg‘ulari”ga ta’sir qilishi va “mamlakatning uyushmagan yoshlari” vakillarini g‘azablantirishi kerak edi, deya tushuntirdi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi.

Ularga ko‘ra, shundan so‘ng “o‘qotar qurollar bilan jihozlangan maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan jangovar guruhlar xorijliklarning ish va yashash joylarida” qirg‘inlar uyushtirgan bo‘lardi. Provokatsiya va tartibsizliklar Qirg‘iziston fuqarolari va huquq-tartibot idoralari vakillariga nisbatan ham rejalashtirilgani aytilmoqda. Guruhning g‘oyaviy ilhomlantiruvchilaridan biri Birlashgan Arab Amirliklarida yashiringani taxmin qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, qo‘shni davlat Qirg‘iziston mintaqaning boshqa davlatlaridan farq qiladi, hozirga qadar deyarli barcha prezidentlar qandaydir inqilob yoki ommaviy tartibsizlik sabab lavozimini topshirgan.

Qozog‘iston tuxum importini chekladi

Qozog‘iston endi ma’lum muddat tuxumni import qilmaydi. Davlat qishloq xo‘jaligi vaziri 4 aprel kuni mamlakatga tovuq tuxumlarini olib kirishni taqiqlash to‘g‘risidagi buyruqni imzoladi.

Qozog‘iston hududiga uchinchi mamlakatlardan va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YoII) davlatlaridan yangi tovuq tuxumlarini barcha turdagi transportda olib kirishga olti oy muddatga taqiq joriy etilsin, deyiladi buyruq matnida.

Tuxumlarni Qozog‘iston hududi orqali boshqa davlatlarga yetkazib berish davom etadi. Vazirning yuqoridagi buyrug‘i 9 apreldan kuchga kirdi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligining tushuntirishicha, bahor-yoz mavsumida mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tuxum importiga vaqtinchalik taqiq o‘rnatilgan.

Chunki ushbu davrda odatda tuxumga bo‘lgan talab pasayadi, bozor ehtiyojlari sanoat ishlab chiqarishi va uy xo‘jaliklari mahsulotlari hisobiga to‘liq qoplanadi. Bu esa tuxum narxining tushishiga olib keladi va parrandachilik fabrikalari faoliyatiga hamda ishlab chiqarish rentabelligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shuningdek, ushbu davrda tuxumning saqlash muddati qisqaradi. Ammo texnologik jarayonlar barqarorligi sabab ishlab chiqarish hajmi kamaymaydi, bu esa omborlarda ortiqcha mahsulot zaxirasining to‘planishiga olib keladi.

Ko‘rsatilgan omillarni hisobga olgan holda, Tashqi savdo siyosati masalalari bo‘yicha idoralararo komissiyada Qozog‘iston hududiga tovuq tuxumlarini olib kirishga vaqtinchalik cheklov choralarini belgilash maqsadga muvofiqligi ma’qullandi, deb xabar qildi vazirlik.

Aholi shikoyatidan keyin Rog‘un GES loyihalari qayta tekshiriladi

O‘zbekiston va Turkmaniston aholisi shikoyati sabab Rog‘un GES loyihasi qayta tekshiriladi. Jahon bankining Inspeksiya kengashi Tojikistonda qurilayotgan Rog‘un GESi bilan bog‘liq loyihalarni tekshirish bo‘yicha rasmiy so‘rovni e’lon qildi. U O‘zbekiston va Turkmanistonning Amudaryo quyi oqimida yashovchi aholisi nomidan berilgan shikoyatga asoslangani aytilmoqda. Bu haqda “Chegara bilmas daryolar” koalitsiyasi (Rivers without Boundaries) xabar berdi.

Shikoyatda Rog‘un GES loyihasining ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy xavflari «katta» hamda «qaytarilmas» bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan. Da’vogarlar manfaatlarini “Chegara bilmas daryolar” koalitsiyasi himoya qilmoqda. Bu tekshiruv GES loyihasi Jahon bankining ijtimoiy va ekologik standartlariga qanchalik mos kelishini aniqlab beradi.

Aholi shikoyatiga ko‘ra, Jahon banki Rog‘un GESni qurishga pul ajratish qarorini noto‘g‘ri baholash asosida qabul qilgan. Bu eski va to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlarga tayangan bo‘lib, loyiha Amudaryo havzasidagi tabiat va odamlar hayotiga qanday xavf tug‘dirishini yetarlicha ko‘rsatmaydi.

So‘rovda Rog‘un GES qurilishi oqibatida Amudaryoga suv oqimi 25 foizgacha kamayishi va bu holat mintaqada ekologik falokatga olib kelishi mumkinligi aytilgan. Bunday o‘zgarishlar cho‘llanish va sho‘rlanishni kuchaytirib, O‘zbekiston va Turkmanistondagi 8–10 million aholining salomatligi va farovonligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

“Rog‘un GES loyihasi o‘zining hozirgi tugallanmagan ko‘rinishida Markaziy Osiyodagi millionlab odamlarning ekologik barqarorligi va farovonligi uchun ulkan tahdid hisoblanadi. So‘rovning inspeksiya kengashi tomonidan ro‘yxatga olinishi bizning xavotirlarimiz jiddiyligini tasdiqlovchi muhim qadamdir”, - deydi “Chegara bilmas daryolar” ekologik koalitsiyasining xalqaro muvofiqlashtiruvchisi Yevgeniy Simonov.

“Jahon banki yetakchi xalqaro moliya instituti sifatida o‘zining ijtimoiy-ekologik standartlarini e’tiborsiz qoldira olmaydi va loyihani moliyalashtirishni davom ettirishdan oldin barcha xavf-xatarlarni har tomonlama va xolisona baholashni ta’minlashi shart”, deya qo‘shimcha qilgan Simonov.

Ekologlar ham quyidagi masalalardan xavotir bildirmoqda: Rog‘un GES loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston va Turkmanistondagi aholining fikri inobatga olinmagan, loyiha haqida to‘liq ma’lumot, jumladan, favqulodda vaziyatlarda amalga oshiriladigan rejalar e’lon qilinmagan. Bundan tashqari, hujjatlar mahalliy tillarda — o‘zbek, qoraqalpoq va turkman tillarida taqdim etilmagani aytilmoqda.

Shikoyat qilganlar ta’qibdan cho‘chib, o‘z shaxsini yashirishni so‘ragan. Bu mintaqada aholi fikrini eshitish mexanizmlari sust ishlayotganini ko‘rsatadi, deyiladi xabarda.

Amudaryo quyi oqimidagi aholi o‘nlab yillar davomida suvdan noto‘g‘ri foydalanish va Orol dengizi qurib borishidan aziyat chekmoqda. Rog‘un GES bu holatni yana ham yomonlashtirib, muhim ekotizimlarning butunlay yemirilishiga va odamlar turmush sharoitining yomonlashuviga olib kelishi mumkin. 

Hayoti daryoning holatiga bevosita bog‘liq bo‘lgan O‘zbekiston va Turkmaniston aholisi bilan to‘laqonli muloqotning yo‘qligi ishtirok va shaffoflik tamoyillarining jiddiy buzilishidir. Biz baholash yondashuvlarini zudlik bilan qayta ko‘rib chiqishni va barcha manfaatdor tomonlarning haqiqiy ishtirokini ta’minlashni talab qilamiz, deydi CEE Bnakwatch nohukumat tashkiloti vakili Manana Kochladze.

2024 yili ekologlar Rog‘un GES loyihasini Jahon bankining ijtimoiy va ekologik standartlariga mos tarzda qayta ishlab chiqishni, shuningdek, dunyodagi eng baland to‘g‘on qurilishiga xavfsizroq va tejamliroq alternativlarni ko‘rib chiqishni taklif qilgan edi. Biroq Jahon banki bu takliflarni ko‘rib chiqmagan.

AQSh Afg‘onistonga oziq-ovqat yordamini to‘xtatdi

AQSh Davlat departamenti Afg‘oniston va Yamanga oziq-ovqat yordamini to‘xtatdi. Aniqrog‘i endi Vashington Jahon oziq-ovqat dasturiga bu ikki davlatga yordam yo‘llashi uchun pul bermaydi.

 Davlat departamenti matbuot kotibi Temmi Bryusning aytishicha, yordam «Tolibon»ga nisbatan xavotirlar tufayli to‘xtatilgan.

Matbuot uchun brifingda u bu qaror razvedka ma’lumotlari baholari va muvaqqat hukumat gumanitar faoliyatga aralashuvi haqidagi uzoq yillik xavotirlarga asoslanganini qo‘shimcha qildi.

Ayni paytda kobulliklarning bir qismi xalqaro hamjamiyatni Afg‘onistonga yordam ko‘rsatishni davom ettirishga chaqirib, bu og‘ir damlarda aholining qiyinchiliklariga yechim topish muhimligini aytmoqda.

«Tolibon» Iqtisodiyot vazirligi xalqaro yordam mavzusini siyosiylashtirmaslikka chaqirdi. Bunday yordamlarni davom ettirish mamlakatning ba’zi iqtisodiy qiyinchiliklarini yengillashtirishga yordam beradi, deydi vazirlik.

Xalqaro tashkilotlarning insonparvarlik yordami inqiroz davrida odamlarga yordam berish uchun juda muhim va iqtisodiy o‘sish, jamiyat taraqqiyoti, qashshoqlik va tengsizlikni kamaytirish uchun kerak. Bu siyosiy maqsadlar uchun ishlatilmasligi kerak, deydi vazirlik matbuot kotibi Abdul Rahmon.

Reuters agentligi Tramp ma’muriyati Afg‘onistonga qolgan yordamni qisqartirishni rejalashtirayotgani haqida ham xabar bergan.

Mavzuga oid

E`lonlar