O‘zbekiston | 23:15 / 26.04.2025
13471
14 daqiqa o‘qiladi

Kamayadigan bojsiz limit, sotiladigan zavodlar va Lavrovning nolishi - hafta dayjesti

UzAuto Motors va boshqa katta kompaniyalar xususiylashtiriladi. 2-3 kunga xorijga chiqib kelganlar endi o‘zi bilan bojsiz tovar olib kirolmaydi. Ustiga ustak, o‘zbekistonliklar Dubayga vizasiz borish imkoniyatidan mahrum bo‘lishi mumkin. Namanganda ikki rasmiy idora omma qarshisida radarlar bo‘yicha bahslashdi. Futbol bo‘yicha Osiyo chempionlari tantanali kutib olindi. Qirg‘iziston bilan “Chashma” bulog‘i masalasida kelishuvga erishildi. Yakunlanayotgan hafta yangiliklari – Kun.uz dayjestida.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Bojsiz tovar olib kirish normalari pasaytirilmoqda

Qonunchilikda 1 may sanasiga belgilangan o‘zgarishlar ro‘yxati kengaydi. Keyingi oydan boshlab, jismoniy shaxslarning xorijdan notijorat maqsadlarda, shaxsiy ehtiyoji uchun bojsiz tovar olib kirishi limitlari pasaytiriladi. Bu norma samolyotda kelayotganlar uchun 2000 dollardan 1000 dollarga, poyezd yo‘lovchilari uchun 1000 dollardan 500 dollarga tushiriladi. Avtomobilda yoki piyoda kirib kelayotganlar uchun 300 dollarlik limit o‘zgarishsiz qoladi.

Buning natijasida, misol uchun, eng arzoni 1200 dollardan boshlanadigan iPhone 16 Pro Max telefonini bojsiz olib kirib bo‘lmaydi. Limitdan oshgan qismiga 30 foizlik boj to‘lashga to‘g‘ri keladi. Shu sababli, chet elda biror qimmatroq buyum olgan bo‘lsangiz, aeroportda odatdagidan ko‘proq vaqt ushlanib qolishga va bojxona to‘lovlariga tayyor turishingiz kerak. Xorijdagi xarid cheklarini saqlab qo‘yish ham tavsiya etiladi.

AQShdagi onlayn do‘konlardan chegirmali narxlarda turli gadjetlar, kiyim-kechak, poyabzal yoki aksessuarlar buyurtma qilib, kurerlik xizmatlaridan foydalanishga odatlanganlar ham yangilikni o‘z cho‘ntagida his qiladi. 1 maydan boshlab jismoniy shaxslar nomiga kelayotgan kurerlik jo‘natmalarining bojsiz o‘tkazib yuboriladigan qiymati hozirgidek bir chorak uchun 1000 dollar emas, oyiga 200 dollar deb belgilanadi. Bu limit Aliexpress, Ozon yoki blokdagi Temu kabi marketpleyslardan buyurtma qilingan tovarlarga ham taalluqli.

Yana bir yangilik chet elda bo‘lish muddati bilan bog‘liq. 20 iyuldan keyin biror sabab tufayli, masalan xizmat safari bilan 1-2 kunga xorijga chiqsangiz, yaqinlaringiz uchun sovg‘a olib kelish avvalgidan qimmatroqqa tushadi. Chunki, yangi tartibga asosan, samolyotda kelayotgan fuqarolar bojsiz tovar olib kirish limitidan foydalanish uchun kamida 3 kun xorijda yurgan bo‘lishi kerak. Poyezdda, avtomobilda yoki piyoda kirib kelayotganlar uchun bu muddat 2 kunni tashkil etadi. O‘zbekistondan chiqib ketganiga bundan kam vaqt bo‘lgan fuqarolar o‘zi bilan hech qaysi yangi tovarni bojsiz olib kira olmaydi.

Hukumat bu o‘zgarishlarni xorij tajribasi va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish maqsadi bilan izohladi. Bojxona qo‘mitasi shaxsiy ehtiyoj niqobi ostida, boj to‘lamay tijorat qilayotganlarni “tashmachilar” deb atab, oyiga 100 martagacha chegarani kesib o‘tayotganlar ham borligini ma’lum qildi. Iqtisodchilar esa muammoning oqibati bilan emas, sababi bilan kurashishga chaqirmoqda. Ya’ni rasmiy import uchun bojlar shunchalik baland, notarif to‘siqlar shunchalik ko‘pki, tovarlarni katta partiyada, ulgurji olib kirgandan ko‘ra, donalab tashish nisbiy afzallikka ega. Bunday donalab tashiladigan tijorat ham “xorij tajribasi”da bor-yo‘qligiga esa, rasmiy bayonotda aniqlik kiritilmagan.

Xususiylashtirish: yuzlab aktivlar sotuvga qo‘yiladi

O‘zbekistonda xususiylashtirish bo‘yicha yangi dastur e’lon qilindi. Prezident farmoni bilan, 2025-2026 yillarda yirik kompaniyalardan 29 tasi sotuvga qo‘yilishi belgilandi. Davlat 33 yildirki ardoqlab kelayotgan UzAuto Motors ro‘yxatda birinchilar qatorida ko‘rsatilgan. Kompaniyani sotish haqida kelasi yil boshida e’lon berilishi kerak. Avtosanoatdagi korxonalardan Toshkentdagi dvigatel zavodi, Jizzax va Samarqanddagi avtomobil zavodlari, shuningdek, Toshkent traktor zavodi ham sotiladi. “BYD Uzbekistan Factory” esa xususiylashtirish dasturiga kiritilmagan.

Sotiladigan yirik aktivlarning salmoqli qismi energetikaga oid. Xususan, tashqi qarzlar hisobidan 3,4 mlrd dollarga qurilgan GTL zavodi, bir qator elektr stansiyalari va elektr markazlari, gaz va gidroenergetika infratuzilmasi bilan shug‘ullanuvchi bir nechta korxonalar xususiylashtiriladi. Ro‘yxatga “Navoiyazot”, “O‘zmetkombinat”, “Texnopark”, “Sharg‘unko‘mir” hamda bir nechta sug‘urta va lizing kompaniyalari ham kiritilgan. Bundan tashqari, OKMK, NKMK, Uzbekistan Airways kabi jami 12 ta kompaniya avval reja qilinganidan ko‘ra ko‘proq aksiyalarini IPO'ga chiqarishi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, boshqa bir farmon bilan, 2025 yilda 30 trillion so‘mlik davlat aktivlari va yer uchastkalarini sotish belgilandi. Hujjatda xususiylashtiriladigan 100 dan ortiq korxona va tashkilotlar, shuningdek, 600 dan ortiq ko‘chmas mulklar ro‘yxati tasdiqlangan. Ro‘yxatda ta’lim va tibbiyotga oid ayrim obektlar ham borligi e’tiborli. Xususan, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining o‘nlab bino va inshootlari, shuningdek, respublika bo‘ylab joylashgan 29 ta stomatologiya poliklinikasini sotish ko‘zda tutilgan. Yana bir qiziq obekt – Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga qarashli sobiq bombapanoh. Uni sotib oladigan xaridor obektning o‘rnida ko‘p qavatli xizmat ko‘rsatish majmuasi, yerto‘lasida esa zamonaviy bombapanoh qurishi kerak bo‘ladi.

Quchoq ochib kutib olingan Lavrov: “Ruscha yozuvni ko‘rmayapman”

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Samarqandga tashrifi muhokamali vaziyatlarga boy kechdi. Tashrif boshidayoq u aeroportda quchoq ochib kutib olgan hamkasbi Baxtiyor Saidov bilan quchoqlashib ko‘rishishni istamay, uning yelkasidan ushlab qo‘ygani tarmoqlarda turli talqinlarga sabab bo‘ldi. Rossiyaning bosh diplomati keyinroq Samarqanddagi motamsaro ona haykali poyiga gul qo‘yishga borganida, yodgorlik atrofida inglizcha yozuv borligidan hayron qolib, ruscha yozuvni ko‘rmayotganini aytdi.

Lavrovning bu so‘zlari Rossiya nashrlarida keng yoyildi. Ko‘plab o‘zbekistonliklar tarmoqlarda uning xatti-harakatini qoralab, mahalliy rasmiylarni “xo‘p bo‘ladi” degandek yodgorliklarga qo‘shimcha yozuvlar qo‘shishdan tiyilishga chaqirdi. Holat videosidan ko‘rish mumkinki, Lavrovga hamrohlik qilgan Saidov uning gaplariga munosabat bildirmagan. Lekin rasmiylardan butkul javob bo‘lmadi deb bo‘lmaydi. “Moskva bosh maydoniga o‘zbekcha ham yozilsa, keyin o‘ylab ko‘rishimiz mumkin”, dedi Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Tojiyev. “Rus siyosatchilari O‘zbekistonda rus madaniyati va rus tiliga bo‘lgan munosabatni yomonlashtirish uchun hamma yo‘llarni sinab ko‘rmoqda”, deya yozdi boshqa bir deputat Alisher Qodirov.

Sergey Lavrovning tashrifi bilan bog‘liq rasmiy xabarlarda esa aytarli yangilik bo‘lmadi. U Shavkat Mirziyoyevning qabulida bo‘ldi, ikki davlat tashqi ishlar vazirlari o‘rtasida muzokara o‘tkazildi. Tashrif yakunlari bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazgan mehmon, yaqinda Samarqandda Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi birinchi sammiti bo‘lib o‘tganiga munosabat bildirib, ittifoqni Markaziy Osiyoda Rossiyaga qarshi kun tartibini ilgari surishda aybladi. Uning iddao qilishicha, Yevropa Markaziy Osiyo davlatlarining ichki ishlariga aralashyapti, Moskva esa bunga jim qarab tura olmaydi.

Qo‘shimcha qilish lozim, agar Rim papasi Fransisk olamdan o‘tmaganida, Lavrovning bu tashrifidan ikki kun o‘tib Samarqandga Italiya bosh vaziri Jorjia Meloni kelishi kerak edi. U papaning dafn marosimida qatnashishi sabab, tashrifini bir haftaga kechiktirdi. Rossiya tashqi ishlar vazirining kelishi Yevropa Ittifoqi bilan sammit va Italiya bosh vazirining tashrifi oralig‘ida ro‘y berganiga qaraganda, aynan G‘arb bilan aloqalar masalasi Lavrovning kun tartibidagi asosiy mavzu bo‘lgan.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda davlat tiliga oid hujjatlardan birining qonuniy kuchga kiritilishi Rossiya delegatsiyasining tashrifidan bir kun oldinga to‘g‘ri kelganini qayd etish lozim. Unga ko‘ra, endilikda O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari qaysi tilda o‘qiganidan qat’i nazar, davlat tilini bilishi kerak. Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri 9 aprelda imzolagan, 22 aprelda adliya ro‘yxatidan o‘tib, qonuniy kuchga kirgan buyruqqa asosan, ta’lim tili o‘zbek tili bo‘lmagan sinf bitiruvchilarini yakuniy attestatsiyadan o‘tkazishda davlat tili majburiy imtihon fanlari qatoriga qo‘shildi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Futbol bo‘yicha Osiyo chempioni bo‘lgan O‘zbekiston o‘smirlari bayramona kutib olindi. Prezident farmoni bilan, chempionlarga unvon va medallar berildi, moddiy mukofot sifatida futbolchilarga Cobalt, bosh murabbiy Islombek Ismoilovga esa Equinox sovg‘a qilindi. Dushanba kuni aeroportdan boshlangan tantanali tadbirlar hafta davomida yigitlar o‘qiydigan maktablarda ham davom etdi. Ta’kidlash kerak, O‘zbekiston milliy jamoalari shu paytgacha biror turnirda bu daraja yaqqol favorit sifatida ajralib turmagandi. Darvozabon Ne’matulloh Rustamjonovning qosh qoqishi ko‘plab vatandoshlarning Telegram'dagi gif kolleksiyasidan o‘rin olib ulgurdi. Juma kuni jamoa a’zolari bilan uchrashgan O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov o‘smirlarni akalarining xatolarini takrorlamaslikka chaqirdi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston “Chashma” bulog‘i bo‘yicha kelishuvga erishdi. Hukumatlararo delegatsiyalar uchrashuvidan keyin, buloq Qirg‘izistonning hududi bo‘lib qolishi, O‘zbekiston tomoni esa undagi suvning uchdan ikki qismidan foydalanishi e’lon qilindi. Kelishuvga ko‘ra, buloqdan O‘zbekiston fuqarolarining erkin va to‘siqsiz foydalanishi ta’minlanadi. Tomonlar tegishli kelishuvni tez orada imzolashga kelishib oldi. Eslatib o‘tamiz, Farg‘ona vodiysining bu nuqtasida 2020 yil 31 mayda O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari o‘rtasida nizo chiqqan, o‘zaro toshbo‘ron oqibatida so‘xliklardan 187 kishi, qadamjoyliklardan 25 kishi jarohatlangani xabar qilingandi.

BAA O‘zbekiston fuqarolari uchun o‘tgan yili kiritilgan vizasiz rejimni bekor qilishi mumkin. Bu haqda xabar bergan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, bu masala oxirgi vaqtlarda o‘zbeklar ishtirokida bo‘layotgan qonunbuzarliklar ko‘paygani sababli kun tartibiga chiqqan. Xususan, 20 aprel kuni Dubayda ro‘y bergan pichoqbozlik holati bo‘yicha 15 nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingan. Avvalroq isroillik rohibning o‘limida ayblangan uch o‘zbek o‘limga hukm qilingandi. O‘zbekiston tomoni jazoni yengillatishga urinayotganini bildirgan, xalqaro inson huquqlari himoyachilari esa hukumatni faolroq bo‘lishga chaqirmoqda.

Samarqand shahridagi mudhish yo‘l-transport hodisasida qoidabuzar haydovchi 8 kishini urib ketdi. Bu vaqtda ular piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan bo‘lgan. Holat videosidan ko‘rinishicha, jabrlanuvchilar orasida bolalar ham bor. Voqeadan ikki hafta o‘tib, aynan video tarqalganidan keyingina rasmiylar holat haqida ikki enlik, chala rasmiy axborotni e’lon qildi. Kun.uz'ning aniqlashicha, jinoyatchi o‘z qilmishi bilan bir ayolning o‘limiga, uning 3 farzandi yetim qolishiga sabab bo‘lgan. 28 yoshli haydovchi qamoqqa olingan.

Namangan shahar hokimi va viloyat YHXB o‘rtasidagi bahs hokimning “g‘alabasi” bilan yakunlandi. Gap shundaki, hokim Anvar Otaxo‘jayev viloyat YHXB boshlig‘iga xat yozib, noto‘g‘ri o‘rnatilgan radarlarni olib tashlashni so‘ragan edi. YHXB esa bunga javoban bayonot bilan chiqib, hokimning xizmat mashinasida sodir etilgan o‘nlab qoidabuzarliklar uchun vaqtida to‘lanmagan jarimalarni to‘lab qo‘yishni talab qildi. O‘z navbatida, shahar hokimligi bu jarimalar noqonuniy radarlardan kelganini ta’kidladi. Bu jarimalar bilan keyin nima bo‘lgani hozircha aniq emas, shunisi ma’lumki, xatda ko‘rsatilgan radarlarni olib tashlash ishlari boshlangan. Ma’lumot uchun, qonunchilikka asosan, beton simyog‘ochga, yoritkichga yoki binolarga o‘rnatilgan radarlar belgilangan talablarga nomuvofiq hisoblanadi.

Mavzuga oid