Prezident xorazmlik fermerni faxriy unvon bilan taqdirladi
73 yoshli Oyimjon Otajanova «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi» unvoni bilan mukofotlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyati, Xonqa tumanidagi «Sobirjon Yusuf» oilaviy fermer xo‘jaligi dalasida bo‘ldi.
Qayd qilinishicha, uning rahbari, 73 yoshli Oyimjon Otajanova ko‘chatchilik bilan shug‘ullanayotganiga qirq yildan oshgan. Xo‘jalikning 3 gektar maydonida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari yetishtiriladi. Yana ikki gektarda bog‘dorchilik qilinadi. Bundan tashqari, 12 sotix issiqxonada 40 turdagi gul ko‘chatlari yetishtiriladi. Issiqxona zamonaviy suv tejamkor texnologiyalar bilan ta’minlangan bo‘lib, uning har bir bo‘limida ko‘chatlarning turi va xususiyatiga kelib chiqib zarur mikroiqlim yaratilgan. Yiliga 50 ming tupdan ortiq ko‘chatlar o‘stirib, sotiladi. Ularning yillik daromadi bir milliard so‘mdan ortadi. Bu yerda yetishtirilayotgan ko‘chatlar qo‘shni hududlar, Qozog‘iston va Turkmanistonga ham yetkazib berilmoqda.
Ta’kidlanishicha, fidoyi dehqon bu yil tumandagi barcha maktab va bog‘chalarga 2 ming dona qarag‘ay ko‘chatini beg‘araz tarqatib, «Yashil makon» loyihasiga hissa qo‘shdi.
Bandlik vazirligi va bank bilan hamkorlikda xo‘jalikning yondosh hududida o‘quv markazi ochilgan. Unda xo‘jalik tajribasi asosida xonadonlardagi samarasiz tomorqadan yil davomida daromad olishga o‘rgatilmoqda. Natijada mahallalarda omilkorlik kengayib, oilalarga qo‘shimcha daromad kirmoqda.
Ushbu xizmatlari, mehnatsevarligi va yosh avlodga namunaligini inobatga olib, prezidentimiz Oyimjon Otajanovani «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi» unvoni bilan mukofotlashga qaror qildi.
Mavzuga oid

20:39 / 23.05.2025
Shavkat Mirziyoyev maktab bitiruvchilarini tabrikladi

19:54 / 23.05.2025
«Harbiylarning aloqasi yo‘q». Mudofaa vazirligi Xorazmda metallolomga topshirilgan snaryad bo‘yicha ma’lumot berdi

17:29 / 23.05.2025
Xorazmda metallolomga topshirilgan snaryad portlab ketdi. Bir kishi halok bo‘ldi

08:00 / 23.05.2025