Jahon | 15:27 / 29.04.2025
3672
10 daqiqa o‘qiladi

Isroilga qarshi sud eshituvi, Hindiston hujumini kutayotgan Pokiston va Ukrainada 9 may otashkesimi - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

BMT sudida Isroilga qarshi eshituv boshlandi

BMT Xalqaro sudi Isroilning G‘azo va G‘arbiy Sohildagi falastinliklarga gumanitar yordam ko‘rsatish majburiyatlarini muhokama qilishni boshladi. Bu jarayon BMT Bosh Assambleyasining murojaati ortidan boshlandi. Asosiy sabab — Isroilning UNRWA agentligi faoliyatini taqiqlashi va G‘azoga yordam kiritishni cheklashi bo‘ldi.

BMT mart oyidan beri yordamning to‘xtashi G‘azoda halokatli oqibatlarga olib kelayotganini bildirib, Isroilni xalqaro huquqni hurmat qilishga chaqirdi.

7 oktyabrdan buyon G‘azoda halok bo‘lganlar soni 52 ming 314 kishiga yetdi. Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi sutka ichida 71 kishi halok bo‘lib, 153 kishi yaralangan.

Isroil 18 martdan qayta boshlagan hujumlar natijasida 2222 falastinlik halok bo‘lgan, 5751 kishi jarohat olgan. Jahon hamjamiyati G‘azodagi vaziyat yuzasidan jiddiy tashvish bildirmoqda.

Pokiston Hindiston hujumiga tayyorlanmoqda

Pokiston mudofaa vaziri Havoja Asif Hindiston armiyasining Pokiston hududiga bostirib kirishini «muqarrar» deb atadi. Reuters agentligiga bergan intervyusida u mamlakat kuchlari mustahkamlanganini va strategik qarorlar qabul qilinganini ma’lum qildi.

Asifning so‘zlariga ko‘ra, Pokiston armiyasi hukumatni ehtimoliy hujum haqida oldindan ogohlantirgan. Hozirda Islomobod Xitoy, Fors ko‘rfazi davlatlari, Buyuk Britaniya va AQSh bilan aloqada ekanini ham qayd etdi.

22 aprel kuni Hindistonning Jammu va Kashmir shtatidagi terakt ortidan ikki davlat o‘rtasida keskinlik yanada oshgan. Hindiston Pokistonni ayblagan va chegarani yopgan. Pokiston esa harbiy tayyorgarlikni kuchaytirdi.

Ikki davlat ham yadroviy qurolga ega bo‘lib, Havoja Asif yadro quroli faqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid holatida qo‘llanishini ta’kidladi. Hindiston esa keskinlik sharoitida raketa sinovlarini amalga oshirgan.

Putin Ukrainada qisqa otashkesim e’lon qildi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 9 may — fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan Ukrainada qisqa muddatli otashkesim e’lon qildi. Kreml ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari 7 may yarim tundan 10 may yarim tungacha harbiy operatsiyalarni to‘xtatadi.

Bayonotda ta’kidlanishicha, bunday qaror insonparvarlik nuqtai nazaridan qabul qilingan. Kreml Ukraina tomonini ham shunday o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga amal qilishga chaqirdi. Shu bilan birga, agar Ukraina shartlarni buzsa, Rossiya Qurolli Kuchlari «shunga mos va samarali javob» qaytaradi.

Kreml Rossiya tomoni «hech qanday dastlabki shartlarsiz» tinchlik muzokaralariga tayyor ekanini yana bir bor ta’kidladi. Moskva xalqaro hamkorlar bilan konstruktiv hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Avvalroq, Putin Pasxa bayrami munosabati bilan ham o‘t ochishni to‘xtatgan edi, ammo keyin tomonlar bir-birini shartlarni buzganlikda ayblagan edi.

Yanukovich sirtdan 15 yilga hukm qilindi

Kiyevning Podolsk rayon sudi Ukraina sobiq prezidenti Viktor Yanukovichni sirtdan 15 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi. U 2014 yilda Rossiyaga qochish paytida odamlarni noqonuniy ravishda davlat chegarasidan o‘tkazish va dezertirlikka undashda aybdor deb topildi.

Yanukovichning sobiq xavfsizlik xizmati boshlig‘i Konstantin Kobzar ham xuddi shu ish bo‘yicha 10 yillik qamoq jazosini oldi. Sud xulosalariga ko‘ra, ular havo yo‘li orqali kamida 20 nafar xavfsizlik xodimini noqonuniy ravishda Ukrainadan Rossiyaga olib o‘tgan.

Bu Yanukovich uchun Ukrainada chiqarilgan ikkinchi sirtdan hukmdir. 2019 yilda u davlatga xiyonatda ayblanib, 13 yilga qamalgan edi. Yanukovich 11 yildan beri Rossiyada yashirinib yuribdi.

Podolsk sudi ta’kidlashicha, Yanukovichning harakatlari Ukraina suverenitetiga va davlat chegaralariga qarshi jiddiy qonunbuzarlik sifatida baholangan.

Germaniya Trampning Ukraina rejasini tanqid qildi

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining Ukrainaga hududiy yon berishlar orqali tinchlikka erishish taklifini keskin tanqid qildi. U Tagesschau nashriga bergan izohida bu tashabbusni «Ukrainaning kapitulyatsiyasi» deb atadi.

Pistoriusning ta’kidlashicha, agar shunday yo‘l tutiladigan bo‘lsa, Ukraina bir yil oldinoq taslim bo‘lgan bo‘lar edi. U Ukraina barqaror tinchlikka erishish uchun muayyan muvaqqat yo‘l berish ehtimolini tushunayotganini, ammo bunga ishonchli xavfsizlik kafolatlari hamroh bo‘lishi zarurligini urg‘uladi.

Axios nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp rejasi Qrimni Rossiyaniki deb tan olish, Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson oblastlarini Rossiya nazoratida qoldirishni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, Xarkiv oblastining bosib olingan qismi qaytarilishi va Zaporijjya AES rasman Kiyevga o‘tishi, ammo uni AQSh boshqarishi nazarda tutilgan.

Kelishuv amalga oshsa, Tramp 2014 yildan buyon Rossiyaga qo‘yilgan barcha sanksiyalarni bekor qilishga tayyorligini bildirgan.

Donald Trampning reytingi pasayib bormoqda

Donald Tramp yanvarda Oq uyga qaytganida siyosiy faoliyatidagi eng yuqori qo‘llab-quvvatlash darajasini qayd etgandi. Ammo CNN so‘roviga ko‘ra, bor-yo‘g‘i 100 kunda uning reytingi keskin pasaydi. Aprel oxirida Trampning ish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash darajasi 41 foizgacha tushib ketgan — bu 1950 yillardan beri yangi prezidentlar orasida eng past ko‘rsatkichdir.

Hisobotga ko‘ra, ayollar va lotin amerikaliklar orasida qo‘llab-quvvatlash 7 foizga kamaygan. Mustaqil saylovchilar orasida esa reyting 31 foizga tushib, antirekord yangilandi. Inflatsiya va tarif siyosati bo‘yicha ma’qullash darajasi 35 foizga tushgan, iqtisodiy siyosatda esa dekabrdan beri 13 punkt yo‘qotilgan.

Federal boshqaruv va kadrlar siyosati bo‘yicha ishonch darajasi ham pasaygan. Migratsiya siyosatidagi keskin choralar Amerikada xavotir uyg‘otgan, ayniqsa ommaviy migratsiyaga uchraydigan shtatlarda.

Trampning tashqi siyosatdagi Rossiyaga nisbatan yumshoq yondashuvi va Ukrainaga yordamlarni qisqartirishini 60 foiz aholi qo‘llab-quvvatlamaydi.

Yevropada keng ko‘lamli blekaut yuz berdi

28 aprel kuni Portugaliya, Ispaniya va qator Yevropa davlatlarida keng ko‘lamli elektr uzilishi ro‘y berdi. Lissabonda metro to‘xtab, yo‘lovchilar vagonlarda qamalib qoldi, Portu va Faruda aeroportlar zaxira generatorlariga o‘tdi.

Ispaniyada ham vaziyat og‘ir bo‘ldi: Madriddagi Baraxas aeroporti yopildi, Barselona va Madrid metrolari ishlamay qoldi. Svetoforlar o‘chdi, mobil aloqa va bank xizmatlarida uzilishlar yuzaga keldi. Temiryo‘l qatnovi to‘xtatildi.

Fransiya va Germaniyada ham qisqa vaqtda elektr ta’minoti uzildi. Avariyadan keyin davlatlar ta’minotni tiklash ustida ish olib bordi.

Financial Times manbasiga ko‘ra, hodisa sababi kiberhujum bo‘lishi mumkin. Biroq, ayrim manbalarga ko‘ra Ispaniyada havo haroratining keskin o‘zgarishi — noyob atmosfera hodisasi elektr uzatish liniyalarida tebranishlarni vujudga keltirgan bo‘lishi ham aytilmoqda.

Hofiz Asadning jasadi o‘g‘irlab ketildi

Suriyaning sobiq prezidenti Hofiz Asadning jasadi qabrdan chiqarilib, noma’lum joyga olib ketildi. Bu haqda Isroil matbuotiga tayanib Interfax xabar berdi. Hozircha jasad qoldiqlarni aynan kim o‘g‘irlagani aniq emas.

Avval namoyishlar paytida Hofiz Asadning maqbarasi tahqirlangan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu safargi holat vandalizm emas, balki uni tahqirlanishdan saqlash maqsadida Bashar Asad oilasi tarafdorlari amalga oshirgani taxmin qilinmoqda.

Hofiz Asad 1971 yildan 2000 yilda vafot etgunigacha Suriyani boshqargan. U davlat to‘ntarishi orqali hokimiyatga kelgan edi. Uning o‘g‘li Bashar Asad otasidan so‘ng mamlakatni boshqarib, 2024 yilda fuqarolar urushida mag‘lub bo‘lib, Rossiyaga chiqib ketgan.

Hofiz Asad Suriya tarixida katta o‘rin tutadi va uning jasadi atrofidagi bu voqea mamlakatdagi siyosiy murakkablikni yanada ochib bermoqda. Voqea bo‘yicha rasmiy izohlar hali berilmadi.

Pekin savdo urushlaridan tashvishda emas

Xitoy rasmiylari AQShning yangi bojlari mamlakat iqtisodiyoti tiklanishiga tahdid solmasligini ma’lum qildi. Davlat rivojlanish va islohotlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Jao Chensin yalpi ichki mahsulot o‘sish ko‘rsatkichlari 2025 yilda 5 foizni tashkil etishini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi chorakda erishilgan natijalar yil davomida barqaror o‘sish uchun mustahkam poydevor yaratgan. Jao xalqaro sharoitdan qat’i nazar, Xitoy o‘z taraqqiyot maqsadlariga sodiq qolishini qayd etdi. Shu bilan birga, ikkinchi chorakda yangi iqtisodiy choralar e’lon qilinishi kutilmoqda.

Shu paytda Xalqaro valuta jamg‘armasi va yirik banklar — Goldman Sachs hamda UBS — Xitoy bo‘yicha o‘z o‘sish prognozlarini pasaytirdi. Ular savdo urushlari natijasida 2025–2026 yillarda o‘sish rasmiy mo‘ljallardan past bo‘lishi mumkinligini bildirdi.

Mavzuga oid