Jahon | 20:55 / 28.05.2025
5109
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil HAMAS yetakchisi Muhammad Sinvar o‘ldirilganini rasman tasdiqladi

Mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahu parlament yig‘ilishida bu haqda e’lon qildi. Sinvar bilan birga, uning o‘n nafar yordamchisi ham halok bo‘lgan.

Foto: Israeli Army

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu HAMAS yetakchisi Muhammad Sinvar o‘ldirilganini rasman tasdiqladi, deb xabar beradi Jerusalem Post.

Netanyahu bu boradagi bayonot bilan mamlakat parlamenti yig‘ilishida chiqish qildi.

Sinvar o‘ldirilgani to‘g‘risida birinchi bo‘lib Al-Arabiya 18 may kuni xabar bergandi. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, Sinvar 13 may kuni Xon Yunus shahriga berilgan zarba oqibatida halok bo‘lgan. U bilan birga, Sinvarning o‘n nafar yordamchisi ham halok bo‘lgan.

Shu bilan birga, nashrning yozishicha, Isroil razvedkasida yaqin vaqtgacha bu ma’lumotning ishonchli tasdig‘i bo‘lmagan.

Isroil harbiylari Xon Yunusdagi Yevropa shifoxonasiga 13 may kuni aviazarbalarni amalga oshirgan edi. TSAHAL xabariga ko‘ra, shifoxona ostida HAMASning qo‘mondonlik punkti bo‘lgan.

Muhammad Sinvar — 2024 yil oktyabr oyida G‘azo sektorida o‘ldirilgan HAMASning oldingi yetakchisi Yahyo Sinvarning ukasi. Yahyo Sinvar o‘tgan yilning avgustida Ismoil Haniya o‘ldirilganidan keyin HAMAS siyosiy byurosi rahbariga aylangan edi. Muhammad Sinvar ham akasi kabi HAMAS tarkibiga yoshligidan qo‘shilgan. Isroil maxsus xizmatlari bir necha bor uni o‘ldirishga uringan, ammo shu kungacha buni uddalay olmayotgan edi.

Mavzuga oid