Jamiyat | 17:21 / 28.04.2025
3420
5 daqiqa o‘qiladi

“Chuqurlarga to‘la ko‘cha” – Farg‘ona shahri markazidagi abgor yo‘l qachon ta’mirlanadi?

Farg‘ona shahri Kamoliddin Behzod ko‘chasidagi avtomobil yo‘li necha yillardirki haydovchilarning e’tirozini keltirib chiqarmoqda. Sababi markazni boshqa ko‘chalar bilan bog‘lovchi mazkur yo‘l chuqurlarga to‘la. Haydovchilar yo‘ldan majburlikdan harakatlanishadi. Kun.uz muxbiri haydovchilar bilan suhbatlashib holatni o‘rgandi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

O‘zimiz pul to‘plab asfalt qilaylikmi?”

“Bir kunda bu yo‘ldan nechta mashinalar o‘tadi so‘kinib, bir-biri bilan tortishib. Necha marta yozganmiz hokimiyatga. Yo‘lni ta’mirlab beringlar yo o‘zimiz pul to‘plab qilaylikmi deb, hech iloji bo‘lmayapti. Boshqa yo‘llar hammasi asfalt bo‘ldi, bu ko‘cha necha yildan beri yamoqligicha qoldi.

Mashina topish qiyin, bitta ballon muncha so‘m bo‘lsa. Nima qilishimiz kerak? Kimga murojaat qilaylik? 50 yil oldin remont bo‘lgan bu ko‘cha. Mana qarang, hamma yog‘i “yama”-ku. Yamoq. Bir yilda besh-olti marta “xodovoy” qilyapmiz. “Zapchastlar” qimmat bo‘lsa”, – deydi Ahmadjon Saidov.

Chuqurlardan qochish ham xavfli...”

“Bir kunda kamida uch marta yuraman shu ko‘chadan. Yo‘llar dabdala, “g‘adir-budur”. Eng yomoni mashinani chuqurdan olib qochsangiz to‘satdan odam chiqib qolishi mumkin, harakatga xavf tug‘diradi-da. Shu, qachon yo‘limiz tekis chiroyli bo‘lar ekan.

Iltimos, mas’ullar shu yo‘llarni chiroyli qilib berishsin, bemalol mashina haydaylik. Qishloq bo‘lsa ham mayli, shahar joylarda harakat ko‘p. Iloji yo‘q, tormoz bersangiz chuqurga tushasiz, mayli u ham. Endi ba’zida adashib chuqurga tusha olmay qolib yo qarama-qarshi tomonga chiqib ketib qolsangiz-chi? Kim jabrlanadi unda? Piyodalarga bo‘ladi. Yo‘llar tekis bo‘lsa, xotirjam yurasiz”, – deydi yana bir haydovchi.

Yamashadi xolos”

“Bu ko‘chadan bir kunda 10 martadan oshiq yursam kerak, lekin yo‘llar juda rasvo. Yo‘llarni ko‘rib bo‘lmaydi, hamma yog‘i “yama”. Polsha bozorning yo‘li, turmaning yo‘li, “dom radio” ko‘chasi umuman talabga javob bermaydi.

Kimlarga qarashli bo‘lsa, shu yo‘llarni chiroyli qilib asfalt qilib berishsa, haydovchilar xursand bo‘lamiz. Bu ko‘chaga hech kim e’tibor qaratmayapti. Nima qilish kerak, kimga murojaat qilish kerak, boshimiz qotgan. Doim chuqurchalarni yamashadi xolos. Asfalt qilishganini ko‘rganim yo‘q”, – deydi Nodirbek Xojiyev.

Shaharga yarashmaydi bu yo‘l...”

“Bu yo‘ldan bir kunda 10-15 marta o‘taman. Bu ham shaharning ichi. Nega endi shaharning ichidagi aynan shu ko‘cha ajratib qo‘yiladi, e’tibor berilmaydi taajjubdaman. Qilib qo‘ysa bo‘ladi-yu mutasaddilar, to‘g‘rimi? XXI asr, bunday yo‘llar bilmayman endi XVIII asrga to‘g‘ri keladimi? Bu faqatgina mening fikrim emas-u, Farg‘ona shahridagi mana shu ko‘chadan harakatlanadigan har bitta haydovchi aytishi mumkin. Farg‘ona shahriga yarashmaydi bu ko‘cha. E’tibor qaratish kerak, tuzatish kerak.

Ana qarang, bittasi ruliga urib kelyapti, yamaga tushdi-da. Sababi mashinani peshona teriga qiynalib olgan. Bu yo‘ldan bir oy qatnaydigan bo‘lsa, mashinasi ham to‘kilib ketadi-yu”, – deydi Nizomiddin Xoljo‘rayev.

Haydovchilar e’tiroziga sabab bo‘layotgan yo‘l qachon mukammal ta’mirdan chiqariladi? Bu haqda Farg‘ona shahar Obodonlashtirish boshqarmasi texnik nazoratchisi Nodir Mamajonovdan izoh oldik.

Nodir Mamajonov

“Kamoliddin Behzod ko‘chasi haqiqatan ham ta’mirtalab, haydovchilarning haqli e’tirozlarini keltirib chiqaryapti. Shuni inobatga olib, Obodonlashtirish boshqarmasi, hokimlik tashabbusi bilan 2025 yilning ikkinchi choragiga joriy ta’mirlash ko‘zda tutilgan.

Boshidan oxirigacha asfalt qoplamasini yangilash katta mablag‘ talab qilganligi sababli Farg‘ona viloyati yoki Farg‘ona shahar hokimligining miqyosida hal qilinadigan ish bu. Hokimiyatga bu masalada taklif kiritamiz”, – deydi Nodir Mamajonov.

Kun.uz holatni kuzatishda davom etadi.

Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov.

Mavzuga oid