Jahon | 09:50 / 24.04.2025
4288
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Londondagi Ukraina muzokaralarini ijobiy baholadi

Prezident vaziyatni hal qilish uchun «ikkita kuchli, aqlli odam kelishib olishi» kerakligini qo‘shimcha qildi.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp 23 aprel kuni Londonda Yevropa, Kiyev va Vashington delegatsiyalari o‘rtasida Rossiya-Ukraina mojarosini tartibga solish bo‘yicha o‘tkazilgan muzokaralarni yuqori baholadi. Translatsiya Fox News tomonidan olib borildi.

Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda Tramp uchrashuv samarali o‘tganini va mojaroni hal qilishda mumkin bo‘lgan taraqqiyot uchun shart-sharoit yaratilganini ta’kidladi. «Ha, menimcha, muzokaralar yaxshi o‘tdi», dedi Tramp.

Prezident vaziyatni hal qilish uchun «ikkita kuchli, aqlli odam kelishib olishi» kerakligini qo‘shimcha qildi.

AQSh prezidentining Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog ham Londondagi muzokaralarni konstruktiv va ijobiy deb baholadi.

Uchrashuvda Ukraina tomonidan prezident devoni rahbari Andrey Yermak, tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Andrey Sibixa va mudofaa vaziri Rustem Umerov ishtirok etdi. Muzokaralarda AQShdan kutilganidek Davlat kotibi Marko Rubio emas, balki Kellogning o‘zi ishtirok etdi. Fransiya va Germaniya tashqi ishlar vazirlari o‘rniga o‘z maslahatchilarini yubordi.

AQSh nashrlarining yozishicha, muzokaralar chog‘ida hozirgi front chizig‘ini muzlatish, Ukrainaning NATO a’zosi bo‘lish niyatidan qaytarish va ehtimoliy hududiy imtiyozlar, jumladan, G‘arbning Kiyevga xavfsizlik kafolatlari evaziga Qrimni Rossiyaning bir qismi sifatida tan olish takliflari muhokama qilingan.

Avvalroq, Vashington, agar real taraqqiyotga erishilmasa, vositachi rolini qayta ko‘rib chiqishi mumkinligini ochiq aytgan edi.

Kiyev Qrimni Rossiya hududi deb tan olish o‘zi uchun mutlaqo nomaqbul ekanligini ta’kidladi.

Moskva Qrimning hududiy mansubligini yopiq masala deb biladi.

Mavzuga oid