Jahon | 11:20 / 24.04.2025
9804
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Ukraina shaharlari bo‘ylab yopirilma zarbalar yo‘lladi

Rossiyaning Ukraina bo‘ylab navbatdagi marta yopirilma zarbalari oqibatida Kiyevda kamida to‘qqiz kishi halok bo‘lib, 70 dan ortiq kishi yaralandi. Jami to‘qqiz region zarbalar ostida qolgan.

Foto: Kiyev FVV

24 aprelga o‘tar kechasi Rossiya armiyasi Ukraina regionlari bo‘ylab kombinatsiyalangan zarbalar yo‘llandi.

Kiyev shahri va Kiyev oblasti, Xarkiv, Jitomir, Dnipropetrovsk, Poltava, Xmelnitskaya, Sumi va Zaporijjya oblastlari zarbalarga uchragan.

Ukraina FVDX ma’lumotiga ko‘ra, qutqaruvchilar mamlakatning to‘qqiz regioni bo‘ylab 40 dan ortiq yong‘in o‘choqlarini bartaraf etgan. Tungi hujumlardan Kiyev eng ko‘p jabr ko‘rgan, poytaxtda 13 ta lokatsiyada yong‘inlar qayd etilgan. Kiyevning Svyatoshinskiy rayonida turar joy binosi vayron bo‘lgan.

Mahalliy vaqt bilan soat 7:30 holatiga ko‘ra, Kiyevda to‘qqiz kishi halok bo‘lgani, yana 70 dan ortiq kishi turli tan jarohatlari olgani tasdiqlangan.

Xarkivga 24 marta hujum uyushtirilgan, 14 marta — dronlar, 10 marta — raketalar bilan hujum qilingan, dedi shahar meri Igor Terexov.

«Ko‘p qavatli turar joy binolari, shahar poliklinikasi, maktab binosi, xususiy hovlilar, ishlab chiqarish korxonalari, mehmonxona majmuasi shikastlangan. Bir kishi kasalxonaga yotqizildi», — deb yozdi u.

Kiyev oblasti o‘qqa tutilishi natijasida Bucha rayonidagi besh qavatli uylar, Zaporijjyada turar joy binosi va ma’muriy binolar shikastlangan.

Rossiya Kiyev, Xarkiv va Ukrainaning boshqa shaharlariga uyushtirilgan yopirilma hujumlar yuzasidan hozircha izoh bermadi.

Mavzuga oid