Jahon | 21:16 / 01.05.2025
7664
6 daqiqa o‘qiladi

Tramp ma’muriyati ilk bor Kiyevga qurol sotishni ma’qulladi

Tabiiy resurslar bo‘yicha kelishuv Ukraina qurolli kuchlariga yangi harbiy yordamni ham nazarda tutadi.

US Air Force photo by Staff Sgt. Marco A. Gomez

AQSh moliya vaziri Skott Bessent va Ukraina iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko 30 aprel kuni foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuv imzoladi. Shartnoma Qo‘shma Shtatlarga Ukrainada 57 turdagi tabiiy resurslarni, jumladan, nodir metallar, neft va tabiiy gazni o‘zlashtirish bo‘yicha yangi loyihalarga imtiyozli kirish imkonini beradi.

Kelishuvga ko‘ra, tomonlar teng sharoitlarda eng muhim foydali qazilmalarni qazib olishga sarmoya kiritadigan jamg‘arma tuzadi.

Tiklanish jamg‘armasi, Sviridenkoning ta’kidlashicha, «50/50 asosida tuziladi», Ukraina va AQSh tomonidan birgalikda boshqariladi. Ukraina qo‘shma jamg‘armaga yangi litsenziyalarni sotishdan tushgan daromadning 50 foizini investitsiya qiladi, biroq u yerga qo‘shimcha mablag‘larni ham o‘tkazish huquqiga ega.

AQShning jamg‘armaga qo‘shgan hissasi, to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyaviy hissalardan tashqari, Ukrainaga yangi qurol-yarog‘ yetkazib berish, jumladan, havo hujumidan mudofaa tizimlari hisoblanadi. «Agar [AQSh hukumati] Ukraina hukumatiga har qanday shaklda (jumladan, qurol-yarog‘ tizimlari, o‘q-dorilar, texnologiyalar yoki o‘qitish) yangi harbiy yordam taqdim etsa, AQShning kapital qo‘yilmasi bunday harbiy yordamning taxminiy qiymatiga oshirilgan deb hisoblanadi», – deya kelishuv matnidan iqtibos keltirgan «Yevropeyskaya pravda».

Dastlabki 10 yil davomida jamg‘armaning foydasi va daromadlari taqsimlanmaydi, aksincha, Ukrainaga – yangi loyihalar yoki rekonstruksiyaga qayta investitsiya qilinadi.

AQSh moliya vazirligi press-relizida shartnoma «Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin AQSh xalqi Ukrainani himoya qilish uchun ko‘rsatgan katta moliyaviy va moddiy yordamni tan olish uchun» tuzilgani aytiladi. «Prezident [Donald Tramp] aytganidek, AQSh bu shafqatsiz va ma’nosiz urushni tugatishga yordam bermoqchi. Bu kelishuv Rossiyaga Tramp ma’muriyati uzoq vaqt davomida erkin, suveren va gullab-yashnayotgan Ukrainadagi tinchlik jarayoniga sodiq ekani haqida aniq signal beradi», – dedi AQSh moliya vaziri Skott Bessent.

Bloomberg nashri yozishicha, Kiyev kelishuvni imzolarkan, Rossiya bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda AQSh prezidenti Donald Trampning qo‘lloviga erishmoqchi. «Ushbu kelishuv Trampning Kiyevga xayrixohligini mustahkamlash uchun juda muhim deb baholanmoqda, chunki uning ma’muriyati Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishidan keyin boshlangan urushga chek qo‘ymoqchi», – deya qayd etadi agentlik.

AQSh va Ukraina ikki mamlakat prezidentlarining Oq uydagi tortishuvidan ikki oy o‘tib kelishuvni imzoladi – 28 fevral kuni Donald Tramp va Volodimir Zelenskiy yerosti boyliklari bo‘yicha kelishuv imzolanishi arafasida bahslashib ketgandi. Shundan keyin AQSh Kiyevga kelishuvning qat’iylashtirilgan variantini yubordi, ammo muzokaralar jarayonida qator yon berishlar bo‘ld. Tramp va Zelenskiy 26 aprel kuni Vatikanda Rim papasi Fransiskning dafn marosimida uchrashganidan keyin tomonlar kelishuvni imzolash bo‘yicha uzil-kesil kelishib oldi.

Tramp ma’muriyati ikkinchi prezidentlik muddati davomida birinchi marta Ukrainaga qurol sotishni ma’qulladi

AQSh prezidenti ma’muriyati kongressga Ukrainaga mudofaa mahsulotlarini sotishga ruxsat bermoqchi ekanini ma’lum qildi. Oq uyning tegishli xabari kongress saytida 29 aprel kuni paydo bo‘lgan. Bu haqda birinchi bo‘lib 1 may kuni Ukrainaning Kyiv Post nashri diplomatik manbalarga tayanib xabar berdi.

Gap xususiy kompaniyalar orqali (Direct Commercial Sales) qiymati 50 million dollardan boshlanuvchi to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy yordamlarni yetkazib berish haqida ketmoqda. DCS doirasidagi Amerika kompaniyalari mudofaa uchun mo‘ljallangan buyumlar va xizmatlarni davlat kanallari orqali emas, balki tijorat asosida xorijiy hukumatlar yoki tashkilotlarga sotadi.

AQSh Kongressi Ukrainaga so‘nggi yordam paketida DCS orqali bir milliard dollardan ortiq qurol sotishni ma’qullagandi. 2015-2023 yillarda AQSh ushbu liniya orqali Ukrainaga 1,6 milliard dollardan ortiqqa baholangan qurol va xizmatlar eksportiga ruxsat bergan.

Mudofaa yordami bo‘yicha tahlilchi Kolbi Badxvarning Kyiv Post nashriga aytishicha, DCS bo‘yicha barcha yetkazmalar «sokinlik» bilan amalga oshiriladi, ular davlatlararo qurol sotishdan farqli o‘laroq, ommaga e’lon qilinmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda yangilik shundaki, «Tramp Ukrainani butunlay kesib tashlashi haqidagi barcha prognozlarga qaramay», Amerika qurollari sotuvi davom etmoqda.

Kyiv Post nashri yozishicha, Tramp ma’muriyati Volodimir Zelenskiy Ukraina AQShdan 50 milliard dollargacha bo‘lgan miqdorda qurol sotib olishga tayyorligini aytganidan bir necha hafta o‘tib, Ukrainaga qurol sotishni ma’qullagan. «Biz sotib olmoqchi bo‘lgan (qurollarimizning) katta paketini Amerika tomoniga taqdim etdik», – degandi Zelenskiy 9 aprel kuni. Ukraina yetakchisining qo‘shimcha qilishicha, u qurol sotib olish masalasini Donald Tramp bilan muhokama qilgan.

Mavzuga oid