Rossiya qo‘shini Kiyevga raketa zarbasi yo‘lladi. Qurbonlar bor, o‘nlab kishilar yaralangan
Bu Ukraina poytaxtiga «Oxmatdet» shifoxonasiga zarbadan buyon eng yirik hujum bo‘ldi.

Genya Savilov / AFP / Scanpix / LETA
Rossiya qo‘shini 24 aprelga o‘tar kechasi Kiyevga ballistik raketalar va dronlar bilan zarba berdi. Eng ko‘p vayronagarchilik Svyatoshinskiy rayonida qayd etilgan, bu yerda turar joy binosiga zarba kelib tushgan. Shuningdek, Kiyev shahri meri Vitaliy Klichkoning ma’lum qilishicha, dron qoldiqlari poytaxtning Goloseyev, Podolsk va Shevchenko rayonlariga ham tushgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, sakkiz kishi halok bo‘lgan. Avvaliga qurbonlar soni 10 kishi ekani aytilgandi, keyinroq rasmiylar bu ma’lumotga aniqlik kiritdi. Yana 77 kishi shifokorlar yordamiga murojaat qilgan, ulardan 31 nafari kasalxonaga yotqizilgan, deya aniqlik kiritdi Klichko. Uning so‘zlariga ko‘ra, jabrlanganlar orasida besh nafar bola ham bor. Voqea joyida qidiruv-qutqaruv amaliyoti davom etmoqda, qutqaruvchilar Svyatoshinskiy rayonidagi uy vayronalarini demontaj qilmoqda. Klichkoning so‘zlariga ko‘ra, hujum oqibatida Kiyevda 12 ta binoga zarar yetgan. Kiyevlik Lyudmila «Suspilne» nashriga halok bo‘lganlar orasida uning 84 yoshli onasi ham borligini aytgan. «U keksa, ammo baquvvat edi. U o‘lishni rejalashtirmagandi», – degan ayol.

Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
Volodimir Zelenskiy JARga tashrifi dasturining bir qismini bekor qildi va respublika prezidenti Siril Ramafosa bilan uchrashuvdan so‘ng darhol Ukrainaga qaytishini aytdi. «Ukraina o‘t ochish va zarbalarni to‘liq to‘xtatishga rozi bo‘lganiga qirq to‘rt kun bo‘ldi. Bu AQSh taklifi edi. Qirq to‘rt kundan beri Rossiya odamlarni o‘ldirishda davom etmoqda va buning uchun qattiq bosim va javobgarlikdan qutulib qolmoqda», – deb yozgan Zelenskiy.

Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
Kechasi Ukraina osmonida kamida 70 ta raketa urib tushirildi, deya ma’lum qildi Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari. Rossiya qo‘shinlari hujum davomida 37 ta X-101 qanotli raketasi, 11 ta «Iskander-M»/KN-23 ballistik raketasi, 12 ta «Kalibr» qanotli raketasi, oltita «Iskander-K» qanotli raketasi va to‘rtta X-59/X-69 boshqariladigan aviatsiya raketasi, shuningdek, 145 ta zarbdor drondan foydalangan.

Genya Savilov / AFP / Scanpix / LETA
«Agenstvo» nashri qayd etishicha, Kiyev bo‘ylab zarba qurbonlar soni bo‘yicha 2024 yil iyulidan buyon eng yirigi bo‘lgan. O‘tgan yil 8 iyulda Rossiya raketasi «Oxmatdet» bolalar shifoxonasiga kelib urilgandi. Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Kiyevda o‘sha kuni 33 kishi halok bo‘lgandi, keyinroq shifoxonada jabrlangan bolalardan birining joni uzilgandi.

Mavzuga oid

23:22 / 01.05.2025
AQSh keyingi 100 kun ichida Rossiya va Ukraina o‘rtasida muzokaralar o‘tkazishga urinib ko‘radi

21:16 / 01.05.2025
Tramp ma’muriyati ilk bor Kiyevga qurol sotishni ma’qulladi

19:00 / 01.05.2025
Zelenskiy Aleksey Arestovichga qarshi sanksiya qo‘lladi

17:33 / 01.05.2025