Jahon | 12:00 / 09.03.2025
12147
12 daqiqa o‘qiladi

Norozi turkman dehqonlari, Tojikistonda kuzatuvchilarsiz saylov, aeroportdagi qahramonlik va “svet”siz Kobul – Markaziy Osiyo hafta ichida

67 yoshli erkak Olmaota aeroportida xodimni garovga olib, pichoq o‘qtaldi, kuzatuvchi erkak qahramonlik ko‘rsatdi. Tojikistonda 25 yil ichida birinchi marta g‘arblik kuzatuvchilarsiz saylov o‘tkazildi. Turkmaniston dehqonlari traktorlar va o‘g‘it yo‘qligidan shikoyat qilmoqda. Qirg‘iziston madaniyat vazirligi delegatsiyasi esa 9 mayni maromida nishonlashni maslahat qilish uchun Moskvaga bordi.

Turkmanistonning ikki viloyatida dehqonlar traktor va o‘g‘itga zor

Bahor kelib, dalalarda ekin ekish ishlari allaqachon boshlangan. Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlar aholisining aksariyat qismi hali-hanuz qishloq xo‘jaligi bilan band. Lekin ekologik muammolar, suvning kamayishi va havodagi zaharli chiqindilar hamda qator boshqa omillar dehqonlarning ishini orqaga sudramoqda. Masalan, qo‘shni davlat Turkmanistonda dehqonlar qishloq xo‘jaligi texnikalari va yerni o‘g‘itlash uchun kimyoviy moddalar yetishmayotganidan shikoyat qilmoqda.

Asosan, davlatning Mary va Ahal viloyatlaridagi fermerlar ekish vaqti borgan sari o‘tib ketayotgani, dehqonlar esa kechga qolayotganini bildirgan. Agar 15 martga qadar yerlarga ishlov berib, ekinlar ekilmasa, o‘rniga begona o‘tlar yerlarni egallaydi. «Turkmenobaxizmat» qishloq xo‘jaligi uyushmasi esa shikoyatlarni tinglab, yelka siqqan. Bu masala bilan brigadirlar shug‘ullansin degan. Shu yilning 13 yanvar kuni prezident Serdar Berdimuhammedov qishloq xo‘jaligi rejalari ijrosi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazib, unda vazirlar va hokimlar ham qatnashgandi.

Mart oyining boshiga kelgan bo‘lsak-da, ikki viloyat Mary va Ahalda odamlar dalalarda hech nima qilmaganidan rasmiylar ham xabardor. Qolgan 3 viloyatda paxta ekishga tayyorgarlik ko‘rish oldidan yerlarni shudgorlash, tirmalash ishlari davom etyapti. Kerakli texnikalar «Obaxizmat» tasarrufidagi dehqon uyushmalari tomonidan ajratilishi kerak. Birlashmaning traktorlari bor, lekin bu texnikalar eskirib ketgan, har yili buziladi.

Mary viloyatidagi qishloq xo‘jaligi texnikalaridan xizmat mashinalarigacha uyushma raislari, hokim, prokuror va boshqa nufuzli odamlar shaxsiy yumushlari hamda ularga kerakli sohalarga jalb qilinadi. Dehqonlarning yeri oxirgi o‘rinda, deb yozadi Turkmennews. «Dokunximiya» konserni esa faqat o‘z uchastkalari uchun pestitsid, gerbitsid va o‘g‘itlar yetkazib berib turadi, deyiladi xabarlarda.

67 yoshli erkak Olmaota aeroporti xodimini garovga oldi

Olmaota aeroportida pichoq bilan qurollangan shaxs aeroport xodimini garovga oldi. Voqea 7 mart kuni, soat taxminan 11:45 larda uchishdan avvalgi tekshiruv jarayonida ro‘y berdi. Ma’lum bo‘lishicha, xavfsizlik xizmati xodimlari undan hujjatlarini taqdim etishini so‘ragan. Bunga javoban shubhali shaxs aeroportning skrining xodimasi sochidan ushlab, qo‘lida pichoq tutgan holda uni garovga olgan.

Biroq voqea sodir bo‘layotgan zalda bo‘lgan yana bir yo‘lovchi esa garov evaziga uni olishini, ayolni qo‘yib yuborishini aytib, o‘z ixtiyori bilan garovga olingan. Videoda ko‘rinishicha, garov almashtirilganidan keyin o‘sha fuqaro pichoqni yulib olishga muvaffaq bo‘lgan, hujumchi qurolsizlantirilgan.

Olmaota aeroporti xabariga ko‘ra, 7 daqiqa ichida voqea sodir bo‘lib, u qurolsizlantirilgan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, yordamga kelgan shaxs yo‘lovchi ham emas, kuzatuvchi bo‘lgan xolos. Qozog‘iston OAV uni jasur inson deya atadi, qator kanallarda “Rahmat senga, jasur inson” sarlavhasi ostida xabarlar tarqaldi. Hujumchi esa hibsga olingan, u 67 yoshda va Olmaotada yashashi aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, voqeadan prezident To‘qayev ham xabar topgan va bu jasur insonni davlat mukofotiga tavsiya qilishlarini so‘ragan.

Tojikistonda g‘arblik kuzatuvchilarsiz saylov o‘tkazildi

O‘tgan hafta, 2 mart kuni Tojikistonda parlament saylovi o‘tkazildi. Kutilganidek hukmron partiya yana g‘alaba qozondi. Saylovlarni kuzatish bo‘yicha biror g‘arb missiyasi akkreditatsiya ololmagan va bu oxirgi 25 yilda g‘arb kuzatuvlarisiz o‘tgan birinchi saylov bo‘ldi.

Tojikiston parlamenti – Majlisi Namoyondagon besh yillik muddatga saylanadigan 63 deputatlardan iborat.

Mamlakat saylov tizimiga ko‘ra, 41 deputat bir mandatli okruglar orqali, 22 nafari esa milliy siyosiy partiyalar ro‘yxatidan saylanadi. Saylovlarda tarixan ustunlik qilib kelayotgan Tojikiston Xalq demokratik partiyasi prezidentning partiyasi bo‘lib, 2,43 millionta - 51,9 foiz ovozni tashkil etdi va partiya ro‘yxatlari orqali mavjud bo‘lgan 22 o‘rindan 12 tasini qo‘lga kiritdi. Tojikiston Agrar partiyasiga 986 ming yoki 21 foiz ovoz berib, unga besh o‘rin bergan bo‘lsa, Iqtisodiy islohotlar partiyasi 595 ming ovoz to‘plab, uchinchi o‘ringa ega bo‘ldi, bu 12,7 foizga teng.

Tojikiston Xalq Demokratik partiyasi quyi palatadagi 63 o‘rindan 49 tasini qo‘lga kiritdi, bu esa mamlakatdagi hukmron partiyaning o‘ziga xos ustunligini aks ettiradi.

Mamlakat bo‘ylab jami 3500 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan bo‘lib, Tojikistonning 28 davlatdagi diplomatik vakolatxonalari huzurida xorijdagi fuqarolarni joylashtirish uchun qo‘shimcha 36 ta saylov uchastkasi tuzilgan. MSK ma’lumotlariga ko‘ra, saylovda 5,5 million saylov huquqiga ega bo‘lgan jami 4,7 million kishi yoki 85,3 foizi ishtirok etgan.

–Biroq qator xorijiy nashrlar Tojikistondagi bu saylovni nodemokratik degan mazmunda maqolalar e’lon qildi. Keng tarqalgan siyosiy loqaydlik, saylovlar atrofida targ‘ibot ishlarining o‘ta sust olib borilgani va musulmonlar uchun muqaddas Ramazon oyida saylovlar o‘tkazilishi vaqti hisobga olinsa, aholi faol bo‘lmagani aniq. Davlat berayotgan 85 foizlik davomat noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin, deb yozadi The Diplomat nashri.

2000 yildan buyon Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kabi mustaqil g‘arb kuzatuvchilari saylov jarayonlarini nazorat qilish uchun qabul qilinganiga qaramay, Tojikiston har bir prezidentlik va parlament saylovlaridan keyin shaffoflik va adolat yo‘qligi yuzasidan doimiy ravishda jiddiy tanqidlarga uchrab keladi. Tojikistondagi saylovni kuzatish missiyalari uzoq vaqtdan beri samarasiz hisobotlar tayyorlaydi, deya qo‘shimcha qiladi ushbu nashr.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) xalqaro kuzatuvchilarni akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha Tojikiston hukumati tomonidan kafolat ololmagani sababli saylovni kuzatish missiyasi boshlanganidan ikki hafta o‘tib bekor qilgan. Garchi byuro “demokratiya va inson huquqlarini mustahkamlash bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni amalga oshirishda Tojikistonni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini” ta’kidlagan bo‘lsa-da, Dushanbe bundan unchalik manfaatdor emas, deb yozadi The Diplomat.

The Economist nashri esa bu saylovni prezident Imomali Rahmon hokimiyatini mustahkamlash vositasi deb atadi. Saylovdan avval e’lon qilingan maqolada jarayon demokratik o‘tishi dargumon, saylov Rahmonning siyosiy muxolifatini yo‘q qilishga xizmat qilishi mumkin, deb yoziladi nashr materialida.

Qozog‘iston TIV Amerikadan deportatsiya ma’lumotlarini yashirmaydi

AQShda Donald Tramp prezidentlikka qaytib, misli ko‘rilmagan deportatsiyani amalga oshirishga kirishgan ekan, minglab markaziy osiyoliklar ham deport qilinish ostonasida. Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi mavzu yuzasidan jurnalistlar va matbuotning savollarini yerda qoldirmayapti. Senat yalpi majlisida chiqish qilgan Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Alibek Bakayev bu yashiriladigan mavzu emasligini aytdi. Jurnalistlar undan necha nafar Qozog‘iston fuqarolari hozirgacha deport qilingani haqida so‘ragan. Vazir o‘rinbosari esa hozircha hech qanday raqamlar yo‘qligini, lekin vazirlik bu haqidagi ma’lumotlarni jamoatchilikdan yashirmasligini aytdi.

Agarda deportatsiya qilingan taqdirda bu qandaydir maxsus operatsiya emas, albatta rasmiy doirada axborotlar almashinuvi bo‘ladi. Bizning elchixonamiz birinchi navbatda ma’lumot oladi va Qozog‘istonning vakolatli organlariga xabar beradi. Bugungi kunga kelib AQShdan Qozog‘istonga deport qilingan fuqarolarimiz haqida hech qanday ma’lumot yo‘q”, degan vazir o‘rinbosari Alibek Bakayev.

Ma’lum bo‘lishicha, AQShdagi Qozog‘iston konsulligidan 3,6 ming nafar qozoqlar ro‘yxatdan o‘tgan. Ya’ni ular qonuniy ravishda yashashadi. Matbuot xabarlariga ko‘ra, 2024 yilda 369 nafar qozoqlar davlatdan chiqarib yuborilgan. Ammo bojxona xizmati bor-yo‘g‘i 24 nafar Qozog‘iston fuqarolari deport qilinganini aytadi.

9 may maromida nishonlanishi kerak”

Qirg‘iziston Madaniyat vazirligi Rossiya Madaniyat vazirligi bilan 9 mayni qanday nishonlashni maslahat qildi. Mahalliy nashr AkiPress xabariga ko‘ra, g‘alabaning 80 yilligiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilingan. Ma’lum bo‘lishicha, Qirg‘iziston madaniyat vaziri o‘rinbosari Moskvaga borib, hamkasbi bilan ko‘rishgan. Ikki tomon madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlikni ko‘rib chiqqan. Vazirlik matbuot xizmati xabarida kelishicha, Ulug‘ Vatan urushidagi G‘alabaning 80 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish, tarixiy xotirani asrab-avaylash va qahramonlar jasoratini abadiylashtirishga qaratilgan qo‘shma tadbirlar, ko‘rgazmalar va ijodiy aksiyalarni o‘tkazish belgilangan.

Kobulda ramazon oyida ham elektr uzilishlaridan xalq norozi

Kobulliklar o‘tgan hafta internet qimmatligidan shikoyat qilgan bo‘lsa, bu hafta ramazon bo‘lishiga qaramay elektr uzilishlaridan norozi. Bu haqda mahalliy nashr – Tolonews xabar beryapti. Aholiga ko‘ra, elektr energiyasi kerak bo‘lmagan soatlarda mavjud, lekin haqiqatan ham kerak bo‘lganda esa o‘chiriladi. Tong soat 4 dan kechki 17:00 gacha ham elektr ta’minoti uzilib qolyapti, tashvishlarimizni hal qiladigan hech kim yo‘q, deydi Kobulda yashovchi Abdulla Qodir.

Bizda na iftorda, na saharda elektr energiyasi yo‘q. Odamlar jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Islom Amirligidan iltimosimiz shuki, bu elektr uzilishlariga chek qo‘yishsin, deydi Sayfulla ismli fuqaro.

Ayni paytda, Da Afghanistan Breshna Sherkat (DABS) milliy energetika kompaniyasi xodimlari fuqarolarni elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirayotganini aytadi.

Breshna matbuot kotibi Hikmatulloh Mayvandiga ko‘ra, “qish, ob-havo sovuq, bu esa elektr energiyasiga bo‘lgan talabni ta’minlab bo‘lmaydigan darajada oshirmoqda. Bundan tashqari, so‘nggi yomg‘irlar ba’zi hududlarda texnik muammolarni keltirib chiqargan va guruhlar ularni hal qilish ustida ishlamoqda”.

Rasmiylarga ko‘ra, hozirda mamlakat bo‘ylab bir qancha energetika loyihalari amalga oshirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Afg‘oniston elektr energiyasining atigi 20 foizini ichki manbalardan ishlab chiqaradi, xolos. Qolgan energiya esa Tojikiston, O‘zbekiston, Turkmaniston va Erondan import qilinadi.

Mavzuga oid