Jahon | 11:43
4252
12 daqiqa o‘qiladi

Chegara mojarosiga nuqta, Wizz air'dan norozi turkman va Dushanbeda sovet askari stellasi – Markaziy Osiyo hafta ichida

Yakuniga yetgan haftada mintaqa xavfsizligi va tinchligi uchun katta qadam qo‘yildi, qirg‘iz-tojik chegara kelishuvi imzolandi. Ikki davlat diplomatiyasi mojarolarga nuqta qo‘ymoqda. Qozog‘istonlik ayol Olmaota hokimiyatida ayol kadrlar yo‘qligidan nolib, shikoyat qildi. Turkmaniston fuqarosi sarson bo‘lgani ortidan Wizz Air ustidan turistik portalga yozdi. Afg‘oniston esa AQShdan tovon puli talab qilmoqda.

Rahmon va Japarov yer talashuviga nuqta qo‘ydi

Yakuniga yetgan haftada Markaziy Osiyo va undagi davlatlar tinchligi uchun eng katta qadamlardan biri qo‘yildi desak bo‘ladi. Mintaqa integratsiyasi yoki birdamligi haqida gap ketganda doimiy tilga olinadigan asosiy muammolardan bittasi – chegara masalalari edi. Qirg‘iziston va Tojikiston esa uzoq yillar davomida murosaga kelolmadi, vanihoyat prezident Imomali Rahmon va Sadir Japarov qo‘shma hujjatga imzo chekkan. Bu bilan qirg‘iz-tojik chegara mojarosiga nuqta qo‘yilmoqda, har holda ikki tomon ham shundan umidvor. 12-13 mart kunlari Imomali Rahmon davlat tashrifi bilan Qirg‘izistonga keldi, uni yuksak ehtirom bilan qarshi olishdi. 1994 yilda prezident lavozimini egallagan Rahmon bir necha bor Bishkekka safar bilan kelgan, ularning aksariyati ishchi tashriflari edi. Uning katta rasmiy safari 1998 yilda Askar Akayev prezidentligi davrida bo‘lgan. 13 mart kuni o‘tgan asosiy muzokaralarda ikki davlat 2021 yildan beri yopgan ikki chegara o‘tkazish punktini qayta ochadigan bo‘ldi.

Bundan tashqari, 14 martdan boshlab Bishkekdan Dushanbe va Xo‘jandga reyslar yo‘lga qo‘yildi.

Qirg‘iziston prezidenti o‘z nutqida ikki davlatning chegara kelishuvi Markaziy Osiyo tinchligi, xavfsizligi, barqarorligi uchun tarixiy qadam bo‘lganini gapirdi. Rahmon ham bu fikrga qo‘shildi. Hujjat imzolanganidan keyin 2021 yil yopilgan «Qizil-Bel» va «Qayrag‘och» nazorat o‘tkazish punktlari qayta ochilish marosimida ikki rahbar onlayn qatnashdi. Tojik va qirg‘izlar bir birining yeriga o‘tib, chegara ochilganidan xursandligini yashirmadi. Yig‘laganlar ham bo‘ldi.

Endi Dushanbe va Bishkek o‘zaro savdoni rivojlantirmoqda, kelishuvga muvofiq yaqin orada ular tovar aylanmasi hajmi 500 mln dollarga yetmog‘i kerak. Shuningdek, Markaziy Osiyo-Janubiy Osiyo-1000, ekspertlar tilida CASA-1000 elektr sotish loyihasini ham tezlashtirish haqida fikr bildirilgan.

Endigi qadam esa Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegaralari tutash nuqtasi bo‘yicha bitimni imzolash. Rahmonga ko‘ra, bu 31 mart – katta ehtimol bilan Ramazon hayiti kuni Tojikistonning Xo‘jand shahrida amalga oshiriladi. Buni O‘zbekiston tomoni ham tasdiqlagan. Qisqa xulosa shuki, chegara muammolari o‘nlab yillar davomida bu davlatlarning jahondagi siyosiy imijiga ham salbiy ta’sir o‘tkazib kelayotgandi, mintaqa tinchligiga xavf solib, har yili qandaydir to‘qnashuvlar insonlar o‘limiga sabab bo‘layotgandi. Chegara kelishuviga tinch erishish bu – qo‘shnilar diplomatiyasi yutug‘i. Prezident Japarov endi Markaziy Osiyo davlatlari ham o‘zaro vizasiz rejimni joriy qilish masalasini o‘ylasa bo‘lishini yozdi. BMT bosh kotibi Antonio Guterrish esa chegara kelishuviga erishilgani bilan ikki davlatni tabriklagan.

Olmaotalik fuqaro hokimiyatda ayollar ishlamasligidan norozi

Olmaota hokimi fuqarolar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda qatnashgan ayollardan biri so‘zga chiqarkan, hokimlikda ayol kadrlar yo‘qligidan shikoyat qildi. Mahalliy nashr – Tengrinews e’lon qilgan maqolada kelishicha, shaharning Bostandiq tumanida yashovchi ayol oxirgi 2 yil ichida kottej qurish masalasi bo‘yicha mahalliy hokimliklarga 200 dan ortiq murojaat yo‘llaganini aytdi. Fuqaroning aytishicha, na hokimiyatda, na boshqa idoralarda xalqni hech kim eshitmaydi.

Men qarorlar qabul qilishda ayollarning vakilligi masalasini ko‘tarmoqchiman. Qarang, hokimligingizda ishlayotgan deyarli hamma – erkaklar, ayollar umuman yo‘q. Balki shu omil ishning samaradorligiga ta’sir qilayotgandir, degan olmaotalik ayol.

Hokim Yerbolat Dosayev esa shikoyatchining savoliga javob qaytarar ekan, men erkaklardan ko‘ra, ko‘proq ayollarga ishonaman dedi. U so‘zini davom ettirarkan, Olmaota hokimiyati eng noyob davlat tashkilotlaridan, menda ayol rahbarlar ancha, deya ta’kidladi.

Olmaota hokimi Dosayev tez-tez odamlar bilan muloqot qilishi aytiladi. Avvalroq bir fuqaro undan tomorqasiga yo‘l ochib berishni so‘ragan edi, Dosayev esa davlat qurilish rejasi birinchi o‘rinda ekani, uni hokim ham buzolmasligini aytib, uzr so‘ragan.

Tojikistonda qizil armiya askarlari mangu xotirasi uchun stella qo‘yildi

O‘tgan hafta Qirg‘iziston madaniyat vazirligi delegatsiyasi Moskvaga borib, 9 mayni qanday nishonlash masalasini muhokama qilganini xabar bergandik. Bu hafta esa Tojikistonda Ikkinchi jahon urushi yillarida halok bo‘lgan Qizil armiya askarlari sharafiga qo‘yilgan, avval olib tashlangan stella qayta tiklandi. U Dushanbedagi pravoslav qabristonining Shon-sharaf xiyobonida joylashgan. Mahalliy nashr Asia plus Tajikistan’ning yozishicha, 10 mart kuni Ulug‘ Vatan urushi yillarida Stalinobod, ya’ni Dushanbe evakuatsiya gospitallarida halok bo‘lgan Qizil armiya askarlari va qo‘mondonlari xotirasi uchun stellaning ochilish marosimi o‘tkazilgan.

Tadbirda Rossiya elchixonasi xodimlari, Rossotrudnichestvo, akkreditatsiyadan o‘tgan dipkorpus vakillari, Tojikistondagi urush faxriylari, askarlar, yosh armiya a’zolari qatnashgan. Stellaning restavratsiya qilinishi va atrof obodonlashtirishi xarajatlarini Rossiya elchixonasi bo‘yniga olgan. Bu qabristonda dafn qilingan urush ishtirokchilari va qo‘mondonlari ismlari stellaga yozib chiqilgan. Tadbirda so‘zga chiqqan tojik faollari va tarixchilari bu ishni olqishlay-olqishlay stelladagi kvadratchalarga qolib ketgan hammaning ismini yozish kerakligini gapirishgan. Tadbirdan olingan rasmlarda ko‘rinishicha, O‘zbekiston elchisi ham unda qatnashgan.

Rossiyaning Tojikistondagi elchisi esa 2025 yil MDHda “G‘alabaning 80 yilligi, natsizmga qarshi kurashda tinchlik va birdamlik yili” ekanini eslatgan. Elchi 9 may tantanalarida Tojikiston prezidenti bevosita qatnashishini ham ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 13 fevral kuni Tojikiston va Rossiya TIV ko‘rishganda Rahmon 9 may kuni Moskvaga borishga rozi ekanini bildirgan.

Yig‘ilganlar prezident Rahmondan urush yillarida evakuatsiya muzeyini tashkil qilish, Dushanbedagi g‘alaba bog‘ida sovet ittifoqi qahramonlari xiyobonini tashkil etishni iltimos qilib so‘rashgan.

Turkmaniston fuqarosi Wizz Air ustidan shikoyat qildi

Turkmaniston fuqarosi Wizz Air ustidan turistik portalga shikoyat yo‘lladi. Ma’lum bo‘lishicha, kompaniya ichki qonun-qoidalarini ro‘kach qilib, Abu-Dabidan Gruziyaning Kutaisi shahriga uchayotgan Turkmaniston fuqarosini reysga qo‘ymagan. Turkmen news e’lon qilgan maqolada kelishicha, Wizz Air xodimlari yo‘lovchining pasportini ko‘rib, uni ushlab qolgan, reysga qo‘ymagan.

Yo‘lovchi esa bir necha kundan keyin Abu-Dabidan Toshkentga uchmoqchi bo‘lgan va yana kompaniya uni qo‘ymagan. Sababi so‘ralganda esa bu kompaniya ichki qonun-qoidasi talabi ekani tushuntirilgan. Nashrning yozishicha turkmanistonlik fuqaro 3 marta bilet almashtirishga majbur bo‘lgan. Dastavval Ummonning Muskat shahriga uchishni rejalagan, biroq reys qoldirilgan. Vizasiz davlat bo‘lgani bois Gruziyaga uchishga hozirlik ko‘rgan, uni samolyotga chiqarishmagach, Toshkentga bilet olgan, ammo kompaniyadagilar yana rad qilgan.

Turkmen news’ning yozishicha, Abi-Dabiga borgan fuqaro onlayn ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lgan. Kutaisiga uchish chog‘ida uning onlayn registratsiyasini bekor qilishgan va o‘ziga Turkmaniston fuqarolariga xizmat ko‘rsatolmasliklarini aytishgan, yo‘lovchini reysdan olib tashlashgan. Tranzit vizasi muddati tugayotgani uchun yo‘lovchi Fly Dubai’ning Tbilisiga reysidan chipta xarid qilib, muammolarsiz uchib ketgan. Erkak voqeadan g‘azabda, u o‘zining toptalgan huquqlarini tiklamoqchi, himoya qilmoqchi. Portalga yo‘llagan xatida Wizz Air’ning mijozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limiga arz qilganini qo‘shgan. Yo‘lovchi Gruziyaga uchmoqchi bo‘lganida borish-kelish chiptasi, mehmonxona band qilingani va hatto salomatlik sug‘urtasini ham aeroportda taqdim qilgan.

Afg‘oniston AQShdan tovon puli so‘ramoqda

Afg‘onistondagi generallar, zobitlar va mamlakat xavfsizlik kuchlarining sobiq askarlari ittifoqi rahbari Shaur Gul Pashtun AQShdan tovon puli talab qilib chiqdi. Uning chiqishida O‘zbekiston ham tilga olingan. Gul Pashtun Afg‘onistonda ikki million odam o‘ldirilgani va mamlakat qishloqlari vayron qilingani uchun AQSh tovon puli to‘lashi kerakligini aytmoqda. Bu xabarni mahalliy nashr Tolo news e’lon qildi.

Kobuldagi uchrashuvda Shaur Gul Pashtun O‘zbekistonni ham gapirib, AQShga yettita Blask Havk vertolyotlarini topshirgani uchun tanqid qilgan, qo‘shni davlatlarni yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari va xalqaro qonunlarni hisobga olgan holda mas’uliyat bilan harakat qilishga chaqirgan.

"Ular millionlab qurollarimizni, ikki million odamimizni va qishloqlarimizni yo‘q qilishdi. Ular bizga tovon to‘lashlari kerak", - deydi Shaur Gul Pashtun.

Generallar, zobitlar va sobiq askarlar uyushmasi rahbari, shuningdek, BMTni ham afg‘on xalqi huquqlarini himoya qilishga chaqirdi.

Inson huquqlari va xalqaro huquqni himoya qiluvchi xalqaro hamjamiyat afg‘on xalqi huquqlarini ham himoya qilishi kerak, deydi u.

Shu bilan birga, bir qancha sobiq harbiy amaldorlar qo‘shni davlatlar, xususan, O‘zbekiston va Tojikistonni Ashraf G‘ani hukumati qulaganidan keyin bu davlatlarga qo‘ngan barcha afg‘on samolyotlarini qaytarishga chaqirgan.

"Bu harbiy aktivlar millat va xalqqa tegishli. Ular respublikaning milliy armiya va xavfsizlik institutlarini tashkil etish tuzilmasi tarkibiga kirgan", - deydi Mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Afzal Aman.

Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp ma’muriyatining so‘roviga binoan O‘zbekiston 2021 yilda “Tolibon” hokimiyatga kelish davrida afg‘on uchuvchilari olib o‘tgan 7 vertolyotni Vashingtonga qaytargan. AQSh elchixonasi ham buni tasdiqlagan. Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazining sun’iy yo‘ldosh suratlariga tayanib ma’lum qilishicha, 2021 yilda O‘zbekiston chegarasida 45 dan ortiq Afg‘oniston samolyotlari ko‘ringan. 

Mavzuga oid