O‘zbekiston | 19:01 / 05.04.2025
3385
5 daqiqa o‘qiladi

“Har qanday loyihani, albatta, ekologik ekspertizadan o‘tkazamiz” – ekologiya vaziri AES haqida

5 aprel, Samarqand iqlim forumining 2-kuni turli sessiyalarda davom etdi. Suv resurslari, yashil iqtisodiyot va mintaqa yuzlashayotgan iqlim inqirozi muhokama qilindi. Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovga ko‘ra, O‘zbekistonning turli hududlarida ekologik loyihalarni amalga oshirish uchun Jahon banki 142 million dollar ajratadi. Vazir mintaqada quriladigan AES xususidagi savolga ham javob berdi.

Foto: Kun.uz

4 aprel kuni boshlangan Samarqand iqlim forumi ertasiga turli mavzular muhokamasi, panel sessiyalari bilan davom etdi. Forum ochilish marosimida Markaziy Osiyoning besh prezidenti, Yevropa kengashi va Yevropa komissiyasi prezidentlari, BMT institutlari vakillari qatnashdi. BMT bosh kotibi Antonio Guterrish onlayn murojaat bilan chiqdi. Ekologik inqiroz butun dunyoni qamrab oldi, oxirgi o‘n yillikda eng issiq kunlar, eng issiq oylar qayd etildi, dedi bosh kotib.

“Havo isib borayotganini Markaziy Osiyoda ham aniq va ravshan ko‘rib turibmiz – qurg‘oqchilik, bo‘ronlar buni isbotlaydi. Bu inqiroz faqat kuchayib boradi, iqtisodlarni vayron qiladi, insonlar hayotini og‘irlashtiradi, hayot uchun zarur bo‘lgan resurslarni yo‘q qiladi. Bundan tashqari, suv va oziq-ovqat xavfsizligini tahdid ostiga qo‘yadi. Iqtisodiy falokatlar aholiga qanday zarar yetkazishini Orol dengizi misolida ko‘rdik” – Antonio Guterrish, BMT bosh kotibi

Forum ochilish sessiyasida nutq so‘zlagan Yevropa komissiyasi prezidenti esa Markaziy Osiyo bilan endi aloqalar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani, bu sheriklik markazida esa iqlim o‘zgarishiga qarshi umumiy kurash turishini ta’kidladi.

“Yashil energetikaga o‘tish – iqtisodiy imkoniyatlar ham degani. Tojikistondagi Rog‘un, Qirg‘izistondagi Qambarota GESlari nafaqat bu mamlakatlar, balki qo‘shni davlatlar uchun ham energiya ishlab chiqaradi. Bizning savdo koridorlarimizni ham aynan shu ikki stansiya energiya bilan ta’minlashi mumkin. Iqlim inqirozi – real, u bizning umumiy vazifamiz” – Ursula fon der Lyayyen

Markaziy Osiyo yuzlashayotgan tahdidlarni esa 5 aprel kuni mintaqa ekologiya vazirlari va soha rahbarlari muhokamadan o‘tkazdi. O‘zbekiston ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovga ko‘ra, mamlakatdagi ekologik loyihalar, xususan, o‘rmonlarni hosil qilish uchun Jahon banki 142 million dollar mablag‘ ajratishga qaror qilgan.

“Iqlim o‘zgarishi, bioxilmaxillik va ekotizimlarni saqlash, shuningdek, yerdan barqaror foydalanishni yaxshilash uchun mintaqaviy grant loyihalari portfelini kengaytirishni davom ettiryapmiz. Bu hozirgi vaqtda 84 million dollarni tashkil etadi. Grant mablag‘larini jalb qilishning eng yirik yutug‘i Global ekologik jamg‘arma tomonidan ekotizimlarni tiklash va tabiiy resurslarni boshqarishni yaxshilash uchun Markaziy Osiyoning suv va yer resurslari o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlashga qaratilgan mintaqaviy dasturni amalga oshirishga 26 million dollar ajratilishi bo‘ldi. Ushbu sessiya yakunida mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha niyatlarimizni tasdiqlovchi hujjatni imzolaymiz” – Aziz Abduhakimov, O‘zbekiston ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri 

Forum ochilishida so‘zga chiqqan Qozog‘iston prezidenti mamlakatida AES qurilishi, bu energetik va iqtisodiy xavfsizlik uchun zarurligini aytgan edi. O‘zbekiston ham AES qurishga bel bog‘lagan. Xo‘sh, bu energetik loyihalar mintaqaning strategik sherigi Yevropa Ittifoqi standartlariga mos keladigan qilib quriladimi? Aziz Abduhakimovga ko‘ra, har qanday loyihalar, albatta, ekologik ekspertizadan o‘tkaziladi.

“Albatta, biz Ekologiya vazirligi sifatida amalga oshirilayotgan loyihalarni ekologik ekspertizadan o‘tkazamiz. O‘zbekistonda qonunchilik mavjud, shu hujjatlarga qanchalik mos yoki mos emasligini tekshiramiz, xulosalarimizni beramiz. Ursula fon der Lyayyen xonim Yevropaga ishonsangiz bo‘ladi, deb aytdi. Bu quruq gap emas. Ittifoq qabul qilgan investitsion paket doirasida yangi texnologiyalar ham kirib keladi. Ochig‘ini aytish kerak, avval bizning qo‘limiz yetmasdi bu texnologiyalarga” – Aziz Abduhakimov, O‘zbekiston ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri

Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqi 4 yo‘nalishga jami 12 mlrd yevro ajratiladigan yirik investitsion paket e’lon qildi. Transport koridorlari, muhim xomashyolar, toza va yashil energiya, raqamli bog‘liqlik: sun’iy yo‘ldosh orqali yuqori tezlikda internetga ulanish loyihalari uchun bu mablag‘lar sarflanadi.

Mavzuga oid

E`lonlar