Jahon | 10:22 / 29.03.2025
2625
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Kiyevda tinchlikparvar kuchlar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilishini e’lon qildi 

Kiyevda Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarini yuborishga tayyor davlatlar bosh shtablari vakillari bilan shoshilinch uchrashuv bo‘lib o‘tadi, dedi Volodimir Zelenskiy.

Foto: Genya Savilov/AFP

Kiyevda Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarni yuborishga tayyor bo‘lgan davlatlar bosh shtablari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 28 mart, juma kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi. U gap «juda tor doiradagi davlatlar», jumladan, Buyuk Britaniya va Fransiya haqida ketayotganini ta’kidladi, deb yozadi «RBK Ukraina».

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv bir hafta ichida bo‘lib o‘tishi kerak. «Biz o‘z infratuzilmamizni ko‘rsatamiz, hamkorlar bilan ishlaymiz va umumiy qarashlarimizni ishlab chiqamiz. Shundan so‘ng zudlik bilan harbiy darajada emas, balki milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilar darajasida uchrashuv o‘tkazilishiga kelishib oldik», — deya qo‘shimcha qildi u.

Britaniya bosh vaziri Kir Starmer 15 mart kuni Yevropa Ittifoqi yetakchilari va NATO vakillarining onlayn sammiti chog‘ida Ukraina uchun 10 mingdan ortiq kishilik G‘arb tinchlikparvar kuchlarini yaratish rejasini aytib o‘tdi, deya xabar beradi Britaniya matbuoti.

Zelenskiy yana Moskvani urushni tugatishni istamaslikda aybladi

17 mart kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yana bir bor Rossiyani urushni tugatishdan manfaatdor emaslikda aybladi. «Ushbu haftada bizning shaharlar va jamoatlarimizga yuzlab hujumlar uyushtirildi. Ruslar 1020 dan ortiq hujumkor uchuvchisiz uchoqlar, deyarli 1360 ta boshqariladigan havo bombalari va 10 dan ortiq turli raketalarni uchirdi. Urushning tezroq tugashini istaganlar bunday qilmaydi», deb yozdi Zelenskiy ijtimoiy tarmoqda.

Ukraina prezidenti yana bir bor butun sivilizatsiyalashgan dunyo «Rossiyani o‘z agressiyasini to‘xtatishga majburlash uchun unga birgalikda bosim o‘tkazishi» zarurligini, yangi «hal qiluvchi choralar», jumladan, sanksiyalarni kuchaytirish kerakligini ta’kidladi. «Ukraina, Yevropa, Amerika va dunyoda tinchlikni istagan har bir kishi – biz birgalikda adolatli va mustahkam tinchlikni ta’minlay olamiz», — deya xulosa qildi u.

Bundan uch kun avval Zelenskiy Kremlni Rossiya va Ukraina o‘rtasida AQSh tashabbusi bilan tuzilgan tinchlik kelishuvini ataylab kechiktirishda ayblagan edi. «Afsuski, bir kundan ortiq vaqtdan beri (Jiddadagi uchrashuvdan keyin) dunyo bildirilgan takliflar yuzasidan Rossiyadan mazmunli javob eshitmayapti. Bu esa aynan Rossiya urushni davom ettirishga intilayotganini va tinchlik boshlanishini imkon qadar kechiktirishga harakat qilishini yana bir bor tasdiqlaydi», — deb yozdi u 13 mart kuni. Ukraina prezidenti, shuningdek, «AQSh bosimi Rossiyani urushni tugatishga majbur qilish uchun yetarli bo‘lishiga» umid bildirdi.

Mavzuga oid