Jahon | 01:11 / 01.04.2025
5565
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropaning oltita davlati «Rossiyaga bosim o‘tkazishni» davom ettirishga tayyorligini ma’lum qildi

Shuningdek, ushbu davlatlar «Ukrainaning harbiy hamda mudofaa sanoatini cheklovchi» biror kelishuvni qabul qilmasliklarini bildirdi.

Foto: Reuters

Germaniya, Fransiya, Italiya, Polsha, Ispaniya va Buyuk Birtaniya tashqi ishlar vazirlari, shuningdek, Yevropa diplomatiyasi rahbari qo‘shma bayonot e’lon qilib, «Rossiyaga bosim o‘tkazishni davom ettirishga» tayyor ekanliklarini bildirdi. Madriddagi uchrashuv yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan bayonot Germaniya TIV saytiga joylashtirilgan.

Unda «Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlash», shuningdek, BMT nizomi va xalqaro huquq tamoyillariga asoslangan «adolatli va mustahkam tinchlik» haqida so‘z boradi. Yevropa davlatlari vakillari qayd etishicha, Ukraina dastlabki shartlarsiz o‘t ochishni to‘liq to‘xtatishga roziligini bildirib, tinchlik o‘rnatish tarafdori ekanini namoyon qilgan, ammo «Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzi to‘xtagani yo‘q». Bayonot mualliflarining fikricha, Rossiya «yangi shartlar qo‘yish va Ukraina shaharlari hamda infratuzilmasiga hujumlarni davom ettirish» o‘rniga «urushni tugatishga jiddiy yondashayotganini» ko‘rsatishi kerak.

Shuningdek, yuqoridagi davlatlar Ukrainaga qisqa va uzoq muddatli harbiy yordam ko‘rsatishni davom ettirishga tayyor ekanliklarini ma’lum qilgan.

«Biz mavjud barcha vositalardan foydalangan holda, jumladan, yangi sanksiyalarni qabul qilish orqali Rossiyaga bosim o‘tkazishni davom etishga tayyormiz… Tinchlik adolatli bo‘lishi kerak va Rossiyaning tajovuzi bosqinchining mukofoti bilan yakunlanishi kerak emas», — deyiladi bayonotda.

Germaniya, Ispaniya, Fransiya, Italiya, Polsha va Buyuk Britaniya, shuningdek, «Ukrainaning harbiy hamda mudofaa sanoatini cheklovchi» biror kelishuvni qabul qilmasliklarini ma’lum qildi.

EUobserver ma’lumotlariga ko‘ra, Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 17-paketi ustida ish boshlagan. Yevropalik diplomatlardan birining aytishicha, sanksiyalar yoz boshida joriy etilishi mumkin.

Mavzuga oid