Urushdagi mutlaq rekord: mart Rossiya artilleriyasi uchun «qora oy» bo‘ldi
2025 yil mart oyi Rossiya okkupatsion armiyasi artilleriyasi uchun juda og‘ir davrga aylandi. Bu oyda urush boshlanganidan buyon eng yirik yo‘qotishlar kuzatildi.

Foto: dnepr.express
Harbiy tahlilchi Aleksandr Kovalenkoning ma’lum qilishicha, 29 mart holatiga ko‘ra, Rossiya qurolli kuchlarining to‘p artilleriyasidagi yo‘qotishlar soni 1543 ta birlikni tashkil etgan. Rossiya oxirgi uch yil ichida hech qachon bunday miqdorda artilleriya vositalarini yo‘qotmagan.
«Oy tugashiga hali ikki kun bor, ammo allaqachon mutlaq rekord qayd etildi», — deb yozdi mutaxassis.
U shuningdek, Rossiya qurolli kuchlarining avtomobil transportidagi yo‘qotishlari ham rekord darajaga yaqinlashganini ta’kidladi. Fevral oyida Rossiya 3472 ta avtotransportidan ayrilgan bo‘lsa, martning 29 kunida bu ko‘rsatkich 3297 tani tashkil etdi.
Kovalenkoning ta’kidlashicha, artilleriya va avtotransportdagi yo‘qotishlar o‘zaro bog‘liq. Bu, birinchi navbatda, Rossiya qo‘shinlari tomonidan shturm harakatlariga o‘t kuchini ta’minlash zarurati, maxsus zirhli texnika va asosiy jangovar tanklar yetishmasligi, shuningdek, qisqa masofali to‘plar sonining ortishi bilan izohlanadi.
Bu orada Forbes nashri Rossiya frontga 80 yillik yuk mashinalarini jalb qilayotgani haqida maqola e’lon qildi.
Katta miqyosdagi texnika yo‘qotishlari ortidan rossiyaliklar frontda GAZ-69 yuk mashinalarini ishlata boshlagan — bu Rossiyada Ikkinchi jahon urushidan keyingi ilk yo‘ltanlamas yuk mashinalaridan biri bo‘lib, 1940-yillarning oxirida ishlab chiqilgan.
Forbes nashri kuzatuvchisi Devid Aksning yozishicha, ushbu yuk mashinalarining ilk namunasi 1952 yili Molotov zavodi konveyeridan chiqqan, oxirgi modifikatsiyasi esa 1972 yilda ishlab chiqilgan. Hozir esa ana shu 80 yillik konstruksiya Ukrainadagi urushda qatnashyotgan so‘nggi transport turlaridan biriga aylangan.
Tahlilchining ta’kidlashicha, buning o‘ziyoq Rossiya armiyasining demexanizatsiyalanishga duchor bo‘lgani, ya’ni zamonaviy harbiy texnikalarning yetishmasligidan dalolat beradi. Urush davomida Rossiya bronetexnika va og‘ir transport vositalaridagi yo‘qotishlari 20 mingdan oshgan. Solishtirish uchun: ayni kunlarda butun Britaniya armiyasida 18 mingga yaqin texnika mavjud.
«Rossiyaliklar yangi ishlab chiqarish yoki zaxiradan eski mashinalarni olib chiqish orqali yo‘qotishlarni qoplay olmayotgani sababli, ular faqat logistika uchun emas, balki ukrain pozitsiyalariga bevosita hujumlarda ham fuqarolik transport vositalaridan tobora ko‘proq foydalanmoqda», — deydi Aks.
Bunday fuqarolik texnikalari minalar, artilleriya, dronlar va raketalarga qarshi yanada ojiz. Yaqindagi tadqiqotga ko‘ra, Rossiyaning umumiy yo‘qotishlarining taxminan 70 foizini zirhsiz yuk mashinalari, minivenlar, yengil avtomobillar, furgonlar va hatto golfkarlar tashkil etmoqda. Bu esa o‘z navbatida, yanada noqulay transport turlariga talabni oshirmoqda — masalan, elektrosamokatlar, otlar va eshaklar.
Aksning ta’kidlashicha, Rossiya armiyasining demexanizatsiyalanishi hali u hujumni davom ettira olmaydi, degani emas. Chunki hamon rossiyaliklarda ukrainaliklarga nisbatan ko‘proq odam va texnika bor.
«Biroq harbiy jihatdan zarur transport vositalarining yo‘qotilishi Rossiya kuchlarini cheklaydi. Aniq sharoitlarda demexanizatsiyalangan rossiya polklari ukrain brigadalarini siqib chiqarishi mumkin. Ammo amalda bunday yorib o‘tuvchi polklar Ukraina mudofaa chizig‘ida yuzaga kelgan yoriqlardan foydalana olmaydi», — deya xulosa qiladi tahlilchi.
Mavzuga oid

23:14 / 01.04.2025
Ukrainada 20 km masofaga ucha oladigan optik tolali FPV-dronlar sinovdan o‘tkazildi

22:54 / 01.04.2025
Rossiya va Ukraina bir-birini energetika obektlariga zarba berishda davom etayotganlikda aybladi

22:39 / 01.04.2025
Putin gubernatorlar maoshini keskin oshirdi

20:35 / 01.04.2025