Jahon | 15:05 / 31.03.2025
6276
10 daqiqa o‘qiladi

Bayden davrida Ukraina va AQSh o‘rtasida qanday bahslar bo‘lgan? NYT surishtiruvidan asosiy gaplar

Foto: Reuters

AQSh Donald Tramp Oq uyga qaytishigacha bo‘lgan davrda Ukrainadagi urushga ilgari o‘ylaganlaridan ko‘ra ko‘proq miqyosda tortilgan. New York Times nashri Kiyev va Vashington deyarli uch yil davomida razvedka, strategiya, rejalashtirish va texnologiyalardagi hamkorlikni xufiyona birlashtirgani haqida katta surishtiruvni e’lon qildi – bundan Amerika va ittifoqning faqat tor doiradagi rasmiylari xabardor bo‘lgan.

NYT materialida ta’kidlanishicha, Germaniyaning Visbaden shahridagi Amerika bazasi Ukraina qurolli kuchlariga Rossiya hududidagi rus qo‘shinlarining koordinatalarini taqdim etib kelgan. Ushbu operatsiya Task Force Dragon deb nomlangan bo‘lib, uning vazifasi Rossiyaning jonli kuch va qurol-yarog‘ bo‘yicha ustunligini kompensatsiya qilish edi.

AQSh va Ukraina harbiylari har kuni ustuvor nishonlarni aniqlagan, razvedkachilar sun’iy yo‘ldosh tasvirlari, radionurlanish va tutib olingan xabarlarni o‘rganish orqali Rossiya pozitsiyalarini topgan, ularning koordinatalari keyinchalik Ukraina qurolli kuchlariga uzatilgan, deyiladi nashrda.

Bayden ma’muriyatining «qizil chiziqlari» doimiy ravishda ortga surildi, deb yozadi NYT. Garchi Vashington keng ko‘lamli bosqinning boshidanoq urushda to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirok etmoqchi emasligini ta’kidlagan bo‘lsa-da, maqola mualliflari ta’kidlashicha, bir vaqtning o‘zida o‘nga yaqin amerikalik harbiy maslahatchilar Kiyevda bo‘lib turgan.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, keyinchalik guruh o‘ttiz kishigacha kengaygan va harbiy maslahatchilarga jangovar harakatlar joylariga yaqinroq joylashgan Ukraina qo‘mondonlik punktlariga borishga ruxsat berilgan.

2022 yilda AQSh harbiy-dengiz kuchlari shtabi Ukraina qurolli kuchlariga Rossiya harbiy kemalariga dengiz dronlari bilan zarba berish uchun ma’lumotlar berishga ruxsat berdi, deyiladi surishtiruvda.

NYT ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy razvedka boshqarmasi Ukrainaning Qrim bo‘yicha amaliyotlarini qo‘llab-quvvatlashga imkon bergan.

Mualliflar ta’kidlashicha, 2024 yil yanvar oyida Visbadendagi amerikalik va ukrainalik harbiy ofitserlar Rossiyaning Qrimdagi 100 ga yaqin harbiy inshootlariga hujum qilish uchun koalitsiya tomonidan yetkazib berilgan uzoq masofali raketalar va Ukraina dronlaridan foydalangan holda kampaniya uyushtirishni birgalikda rejalashtirgan.

Qarshi hujum bilan bog‘liq muammolar

NYT ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda Ukraina qurolli kuchlarining yozgi qarshi hujumi ham Visbadenda muhokama va rejalashtirish mavzusiga aylangan. Qarshi hujumning muvaffaqiyatsizligiga esa «Ukrainadagi siyosiy kelishmovchiliklar sabab bo‘lgan», deya ta’kidlaydi nashr.

Kampaniya keng ko‘lamli bosqinning birinchi yilidagi g‘alabalardan so‘ng Ukrainaga «impuls berishi» kerak edi. Ammo hamkorlar Visbadenda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazib, strategiyani kelishib olgandan so‘ng, «reja Ukraina siyosati bilan to‘qnashdi».

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni, general Valeriy Zalujniy janubdagi Melitopol shahri yo‘nalishidagi shturmni hamda bu bilan Rossiya ta’minot tizimini uzib qo‘yishni ko‘zda tutuvchi rejani ma’qullagan.

NYT o‘z surishtiruvida Sirskiy va Zalujniy o‘rtasidagi raqobat bilan bog‘liq ko‘plab jihatlarni bayon etadi

Ammo unga bo‘ysunuvchi va shu bilan birgalikda raqibi — general-polkovnik Oleksandr Sirskiy ham o‘z rejasiga ega bo‘lgan: Rossiya qo‘shinlariga Baxmutda zarba berish.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yakunda Sirskiyning tarafini olgan va kuchlar ikki asosiy frontga bo‘linib ketgan

Bosh shtab yig‘ilishida Zalujniy general Oleksandr Tarnavskiy asosiy zarba yo‘nalishi — Melitopolga hujum qilish uchun 12 brigada hamda o‘q-dorilarning katta qismini olishi kerak degan qarorga kelgan. Bu vaqtda general Yuriy Sodol rossiyalik harbiylarni chalg‘itish uchun Mariupolga aldamchi yurishni amalga oshirishi, Sirskiy esa Baxmut atrofida ko‘makchi zarbaga boshchilik qilishi kerak edi.

«Shunda Sirskiy so‘z oladi. Ukrainalik mulozimlarga ko‘ra, general bu rejadan bosh tortib, rossiyaliklarni Baxmutdan siqib chiqarish uchun keng ko‘lamli yurish qilishni xohlashini aytgan», — deya yozadi. Uning versiyasiga ko‘ra, Sirskiy Luhanskkacha borishni ham rejalashtirgandi.

Amerikaliklarga bu yig‘ilish natijalari haqida xabar berilmagan, deyiladi amerikalik jurnalistlar surishtiruvida, biroq keyinroq AQSh razvedkasi Ukraina qo‘shinlari va o‘q-dorilar «kelishilgan rejaga mos kelmaydigan yo‘nalishlarda harakatlanayotgani»ni payqagan.

Ukrainaliklar Baxmutni qaytara olmadi va bir necha oydan so‘ng qarshi hujum muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Shundan keyin Rossiya ustunlikka ega bo‘ldi, deya ta’kidlaydi NYT.

Nashr surishtiruvida Sirskiy va Zalujniy o‘rtasidagi raqobat bilan bog‘liq boshqa ko‘plab jihatlar ham tasvirlanadi, shuningdek, ukrain qo‘mondonlarining amerikaliklar bilan aloqalari haqida so‘z yuritiladi.

AQSh va Ukraina o‘rtasidagi tortishuvlar

2022 yil 14 aprelda ukrain harbiylari Rossiya Qora dengiz flotiga halokatli zarba yo‘llagan va «Moskva» raketa kreyserini cho‘ktirib yuborgandi, bu esa AQShda salbiy reaksiyani keltirib chiqargan.

NYT yozishicha, 2022 yil apreli o‘rtalarida amerikalik va ukrainalik zobitlar kundalik razvedka o‘tkazayotganida radarlar ekranlarida kutilmagan obekt paydo bo‘ladi.

Nashrning ifodalashicha, amerikaliklar ukrainlar kreyserga ularni ogohlantirmasdan zarba berganidan g‘azablangan, shuningdek Ukrainada kemaga yetib bora oladigan raketalar borligidan ajablanishgan.

Ular vahimaga tushishgan, deya yozadi NYT, chunki «Bayden ma’muriyati ukrainlarga Rossiya qudratining bunday katta ramziga hujum qilishga ruxsat bermoqchi emasdi».

Amerikaliklar ukrainaliklar ularni «Moskva» kreyseriga hujum haqida ogohlantirmaganidan g‘azablangan, deb yozadi jurnalistlar

Ukrainaning 2024 yil avgustida Kursk oblastida boshlagan amaliyotini ham amerikaliklar ishonchga putur yetkazuvchi harakat sifatida baholashgan. Nashr qayd etishicha, 2024 yil yozida ukrain armiyasi shimol va sharqda frontni xavfli darajada cho‘zib yuborgandi. Ammo bu vaqtga kelib Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni lavozimida Zalujniyning o‘rnini egallagan Sirskiy unga «g‘alaba kerakligi» haqida gapirishda davom etardi.

Mart oyida amerikaliklar Ukraina harbiy razvedkasi Rossiyaning janubi-g‘arbiy qismida yerusti operatsiyasini yashirincha rejalashtirayotganini aniqlaydi. O‘shanda Markaziy razvedka boshqarmasining Kiyevdagi rezidenturasi boshlig‘i Bosh razvedka boshqarmasi rahbari Kirill Budanovdan izoh so‘raydi: agar ukrainlar Rossiya bilan chegarani kesib o‘tsa, bu Amerika qurollari va razvedka ma’lumotlarisiz bo‘lishi talab etiladi, deya ta’kidlaydi nashr.

Avgust oyi boshida ukrainaliklar shimolda nimadir bo‘layotganiga sirli ishora qilishdi, deb yozadi NYT. Bu vaqtda general Sirskiy o‘z yurishini amalga oshiradi — Rossiyaning janubi-g‘arbiy chegarasi orqali Kursk oblastiga qo‘shin yuboradi.

Gap nafaqat ukrainaliklar amerikaliklarni g‘aflatda qoldirganida, balki «ular [Ukraina harbiylari] koalitsiya tomonidan taqdim etilgan qurollarni Rossiya hududiga olib chiqib, o‘zaro kelishilgan chiziqni yashirincha kesib o‘tganida», deya ta’kidlaydi nashr.

Avvalroq Ukraina va AQSh Rossiyada ukrainaliklar Amerika qurollaridan o‘q uzishi mumkin bo‘lgan hududni belgilab olgandi, Visbadendagi qo‘mondonlik esa ularning zarbalarini razvedka ma’lumotlari bilan qo‘llab-quvvatlashi mumkin edi. Bu, xususan, Xarkiv oblastidagi gumanitar falokatning oldini olish uchun amalga oshirildi. «Bu salkam shantaj emas, balki shantajning aynan o‘zginasi edi», – deya vaziyatga izoh berdi Pentagon rasmiysi.

Ukrainlar Kursk oblastidagi platsdarmni yetti oydan ko‘proq vaqt mobaynida ushlab turadi

Kursk obastida harbiy harakatlar boshlanganidan keyin amerikaliklar qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishi mumkin edi, ammo ular bu Ukraina harbiylari orasida katta qurbonlarga olib kelishi mumkinligini bilishardi, deb tushuntirdi AQSh ma’muriyati vakili. Agar ular HIMARS raketalari va razvedka tomonidan himoya qilinmaganida halokatga mahkum edi, deb yozadi NYT.

Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastiga bostirib kirishidan ko‘zlangan maqsadlardan biri, Zelenskiyning amerikaliklarga tushuntirishicha, ta’sir qilish vositasiga ega bo‘lish – kelajakdagi muzokaralarda Ukraina yerlariga almashtirilishi mumkin bo‘lgan Rossiya yerlarini egallab olish va saqlab turish edi.

Mart oyida Ukraina harbiy kontingentini bosqichma-bosqich olib chiqib ketayotgani ma’lum bo‘ldi. Yaqinda Zelenskiy AQSh tomonidan razvedka ma’lumotlarini taqdim etishdagi pauza Ukraina qo‘shinlarining Kursk oblastidagi ahvoli yomonlashishiga ta’sir qilmaganini aytgandi.

Mavzuga oid