Dunyoda qaysi avtomobillar eng ko‘p sotilyapti?
2024 yilda sotilgan har 100 ta avtomobildan 10 tasini Toyota ishlab chiqargan. Bu kompaniyaga tegishli 3 ta model – Corolla, RAV4 va Camry eng ko‘p sotilgan avtomobillar top o‘ntaligidan joy oldi. O‘tgan yili ham eng ommabop model – Tesla Model Y bo‘ldi. Bu elektromobildan 1,15 mln dona xarid qilingan. BYD bozordagi o‘rnini shiddat bilan mustahkamlab boryapti.
2024 yilda global miqyosdagi avtomobillar sotuvi 88,2 million donani tashkil etdi. Bu 2023 yilga nisbatan 2,7 foizga ko‘p. Xo‘sh, o‘tgan yili avtomobil sanoatida qanday o‘zgarishlar yuz bergan? LMC Automotive, Jato va Focus2move kabi yetakchi tahliliy kompaniyalarning hisobotlari bo‘yicha bu tendensiyani tahlil qilamiz.
2024 yildagi xalqaro avtomobil savdosining uchdan bir qismi Xitoyda amalga oshirilgan. Bu borada ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni AQSh va Hindiston egallagan.
Yengil avtomobillar sotuvi bo‘yicha yetakchi mamlakatlar
O‘tgan yili yengil avtomobil savdosi Yaponiya, Germaniya, Fransiya kabi mamlakatlarda qisqargan bo‘lsa, Xitoy, Hindoston va Braziliya kabi mamlakatlarda keskin oshgan.
Eng ko‘p sotilgan avtomobil brendlari
O‘tgan yilda BYD avtomobillarining sotuvi qariyb 27 foizga oshgan. Shuningdek, Chevrolet (+8,2 foiz), Mercedes (+5,8 foiz) va Toyota (+3,4 foiz) sotuvlarida ham sezilarli o‘sish kuzatilgan. O‘z navbatida, Ford (-3,7 foiz), Honda (-2,1) va Volkswagen (-0,6) sotuvi kamaygan.
Eng ko‘p sotilgan avtomobil modellari
2024 yilda jahonda eng ko‘p miqdorda Tesla Model Y sotilgan. Ushbu elektromobildan 1,15 mln dona xarid qilingan.
Ikkinchi o‘rinni Toyota Corolla egallagan. O‘tgan yil davomida 1,13 mln dona ushbu modeldagi avtomashina sotib olingan. E’tiborli jihati, Toyota’ning yana 2 modeli top-10 talikka kirgan. Xususan, 2024 yilda Toyota RAV4 modeli uchinchi o‘rinda (sotuv –1,02 mln dona), Tayota Camry esa sakkizinchi o‘rinda (sotuv –580 ming) qayd etilgan. 2024 yilda sotilgan har 100 ta avtomobildan 10 tasi Toyota tomonidan ishlab chiqarilgan.
To‘rtinchi va beshinchi o‘rinlarni Ford F-Series (sotuv – 900 ming dona) va Honda CR-V (sotuv – 740 ming dona) modellari egallagan.
So‘nggi 10 yillikdagi avtomobillar sotuvi
Oxirgi 10 yillikdagi eng ko‘p avtomobil sotuvi 2017 yilda kuzatilgan – 94,5 mln dona. O‘tgan yilda ham avtomobil savdosi sezilarli darajada o‘sagan bo‘lsa-da, bu ko‘rsatkich pandemiyadan oldingi davrga nisbatan kamligicha qolyapti.
- 2014 yil – 85,2 mln dona;
- 2015 yil – 86,9 mln dona;
- 2016 yil – 93,1 mln dona;
- 2017 yil – 94,5 mln dona;
- 2018 yil – 94 mln dona;
- 2019 yil – 90,1 mln dona;
- 2020 yil – 77,6 mln dona;
- 2021 yil – 81,1 mln dona;
- 2022 yil – 80,4 mln dona;
- 2023 yil – 85,9 mln dona;
- 2024 yil – 88,2 mln dona;
O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoati
Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbekistonda 424 ming 808 dona yengil avtomobil ishlab chiqarilgan. Bu borada eng ko‘p ishlab chiqarilgan modellari quyidagilar:
- Cobalt – 164 887 dona;
- Damas – 101 902 dona;
- Tracker – 45 918 dona.
O‘tgan yilda mamlakatda sotilgan avtomobillar miqdori esa 402 ming 391 donani tashkil etgan. Hisobot davrida UzAuto Motors 353 ming 730 dona, ADM Jizzakh 30 ming 329 dona, BYD Uzbekistan Factory 17 ming 132 dona, Asaka Motors 489 dona, Jizzakh Auto 394 dona, SamAuto 317 dona avtomobilni xaridorlarga yetkazib bergan.
2024 yilda korxonalarning ichki bozordagi ulushi quyidagicha:
- UzAuto Motors – 87,9 foiz;
- ADM Jizzakh – 7,5 foiz;
- BYD Uzbekistan Factory – 4,3 foiz;
- Jizzakh Auto – 0,1 foiz;
- Asaka Motors – 0,1 foiz;
- SamAuto – 0,1 foiz.
Eng ko‘p sotilgan avtomobil – Cobalt. O‘tgan yil 127 ming 240 dona ushbu modeldagi avtomobil sotilgan. Keyingi o‘rinlarda Damas (106 001 dona) va Tracker (37 903 dona) qayd etilgan.
Mavzuga oid

13:16
Mask tufayli Tesla deyarli yarim qiymatini yo‘qotdi

10:04 / 23.03.2025
Yangi “inomarka”lar savdosi 2 barobardan ko‘proqqa kamayib ketdi

11:09 / 22.03.2025
Toshkentda avtomobil yonib ketdi

23:25 / 17.03.2025