Afsonaviy bokschi Jorj Formen vafot etdi
Uni ko‘pchilik muxlislar 1974 yilda Muhammad Aliga qarshi o‘tkazgan jangi orqali eslashadi. Formen 45 yoshida jahon chempionlik jangida g‘alaba qozonib, og‘ir vazn toifasidagi eng keksa chempionga aylangandi.

Foto: Getty Images
Mashhur bokschi, og‘ir vazn toifasida ikki karra chempion Jorj Formen 76 yoshida vafot etdi, deb xabar berdi uning oilasi.
Ringda Katta Jorj nomi bilan tanilgan amerikalik eng uzoq davom etgan kareraga ega bo‘lgan sportchilardan biri bo‘lgandi, u
1968 yilda Olimpiya oltin medalini qo‘lga kiritgan hamda 21 yil farqi bilan ikki marta og‘ir vazn toifasida jahon chempionligini qo‘lga kiritgandi – ikkinchi martasida, 45 yoshida tarixdagi eng keksa chempionga aylangan.
U o‘zining birinchi titulini 1974 yilda Muhammad Aliga «Junglidagi gumburlash» deb nom olgan mashhur jangda yutqazgandi. Professional boksdagi faoliyati davomida Formen hayratlanarli darajada ko‘p g‘alabaga erishgan – 76 ta, shundan 68 tasi nokaut bilan, bu Alinikiga qaraganda deyarli ikki baravar ko‘p.
Formen 1997 yilda sportchilik faoliyatini butunlay yakunlagan.
Formen 1949 yil 10 yanvarda Texasning Marshall shahrida tug‘ilgan. Uni va oiladagi olti nafar aka-uka va opa-singillarini yolg‘iz ona tarbiyalagan. U maktabni tashlab, sport faoliyatini boshlashdan oldin ko‘chada talonchilik bilan shug‘ullangan.
Formen 1968 yilda Mexikoda bo‘lib o‘tgan Olimpiadada 19 yoshida og‘ir vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritadi. Keyin u professional boksga o‘tadi va ketma-ket 37 ta bellashuvda g‘alaba qozonadi. U faoliyati davomida faqat besh jangda mag‘lub bo‘lgan.
1973 yilda Yamaykaning Kingston shahrida u amaldagi jahon chempioni, yengilmas Jo Freyzerni mag‘lub etadi, o‘shanda u dastlabki ikki raundda raqibini olti marta nokaut holatiga tushirgan.
Uning 1974 yilda Zair davlati (hozirda Kongo Demokratik Respublikasi) poytaxti Kinshasa shahrida Muhammad Aliga qarshi o‘tkazilgan jangi boksdagi boks durdonalari turkumidan o‘rin olgan.
Jang favoriti Formen bo‘lgan: Ali undan yetti yosh katta edi, bungacha uni Vetnam urushiga chaqiruvdan bosh tortgani uchun chempionlik unvonidan mahrum qilishgandi.
Formen 50 yil o‘tib BBC World Service Newshour’ga bergan intervyusida o‘sha afsonaviy jangni eslaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ringda Ali kaltaklanishiga barchaning ishonchi komil edi. «U bir raund ham bardosh bera olmaydi», – deb taxmin qilishgandi ekspertlar.
Ammo Ali raqibni holdan toydirish taktikasini qo‘llab, uni yuzlab zarbalar berishga majbur qiladi va sakkizinchi raundda hujumga o‘tib, Formenni nokautga uchratdi.
O‘sha jang «Ring» jurnali talqiniga ko‘ra «Junglidagi gumburlash» deb nomlandi va «Yil jangi» maqomini oldi.
1977 yilda professional ringdagi ikkinchi mag‘lubiyatdan so‘ng Formen faoliyatini yakunlaydi hamda Texasda o‘zi asos solgan va qurgan Hazrati Iso Masih cherkovining ruhoniysi bo‘ladi.
1987 yilda Formen yoshlar sport markazi uchun pul yig‘ish maqsadida ringga qaytadi. U yana 24 ta jangda g‘alaba qozonib, bittasida mag‘lub bo‘ladi.
1994 yilda 45 yoshida Formen yengilmas bokschi bo‘lib turgan Maykl Murerni nokautga uchratib, og‘ir vazn toifasidagi eng keksa chempionga aylanadi.