Jahon | 23:45 / 28.06.2025
6512
4 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon Rossiyani ikki ozarboyjonlikni o‘ldirganlikda aybladi va tergov talab qildi

Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi norozilik bildirib, Rossiya xavfsizlik kuchlarining ozarboyjonliklarga nisbatan harakatlarini «qabul qilib bo‘lmas zo‘ravonlik» deb atadi.

27 iyun kuni Rossiya xavfsizlik kuchlari Yekaterinburg shahridagi ozarboyjonliklarning yashash va ish joylarida keng ko‘lamli reyd o‘tkazdi. 50 nafardan ortiq odam hibsga olindi. Ikki kishi halok bo‘ldi - aka-uka Ziyoddin va Husayn Safarovlar.

Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi norozilik bildirib, Rossiya xavfsizlik kuchlarining harakatlarini «qabul qilib bo‘lmas zo‘ravonlik» deb atadi. Shuningdek, Rossiyadan tergov o‘tkazishni talab qildi.

Rasmiy versiyaga ko‘ra, reyd avvalgi yillarda sodir etilgan bir qator og‘ir jinoyatlarni tergovi doirasida o‘tkazilgan. Uni Rossiya Tergov qo‘mitasining Sverdlovsk viloyati bo‘yicha bo‘limi olib borgan. IIV «tergov manfaati uchun» reyd to‘g‘risidagi tafsilotlarni oshkor etmadi.

E1.ru nashrining yozishicha, asosiy epizod 2001 yil may oyida yekaterinburglik Yunis Pashayevning o‘ldirilishi bilan bog‘liq bo‘lib, u «Kaspiy» kafesi yonida pichoqlangan. Qotillikda kafe egalari aka-uka Safarovlar gumonlanuvchiga aylangan. Pashayev jon berishdan oldin ularning ismlarini aytgan. Ta’kidlanishicha, shu vaqtda Safarovlarni javobgarlikka tortishning iloji bo‘lmagan. Aka-ukalar oradan 24 yil o‘tib, bu ishni allaqachon yopilgan deb hisoblagan.

Safarovlar oilasining tanishi so‘zlariga ko‘ra, hibsga olish chog‘ida aka-uka o‘zini yomon his qilayotganini aytgan. Ular shifoxonaga yotqizilgan.

«Aytishlaricha, ulardan birining yuragida muammo boshlangan, uni qutqarib qolishning iloji bo‘lmagan. Ikkinchisida ham xuddi shunday bo‘lgan. Endi murdalarni yorib ko‘rishadi, natijasini kutamiz», dedi u.

Marhumlarning ukasi, jurnalist Sayfiddin Husaynli so‘zlariga ko‘ra, Ziyoddin va Husayn qiynoqlar oqibatida o‘lgan.

«Ular sodir bo‘lgan voqeani o‘zaro jinoiy janjal sifatida ko‘rsatishga urinmoqda. Ular yurak xurujidan vafot etgani haqida yolg‘on ma’lumotlar tarqatmoqda. Rossiya turli bahonalar bilan jasadlarni topshirishni kechiktirmoqda».

28 iyun kuni ertalab Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi mamlakat fuqarolarining o‘limi yuzasidan «chuqur xavotir» bildirdi va Rossiyani zudlik bilan xolisona tergov o‘tkazishga va aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqirdi. Keyinroq Rossiyaning Bokudagi elchixonasining muvaqqat ishlar vakili Pyotr Volokov Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilib, unga rasmiy norozilik bildirildi. Bayonotda aytilishicha, reyd oqibatida «ikki ozarboyjonlik vahshiylarcha o‘ldirilgan, bir necha kishi og‘ir yaralangan, to‘qqiz kishi hibsga olingan».

Safarovlarga tegishli mojaroli «Kaspiy» kafesi jinoiy olamda mashhur hisoblanadi. U kriminal xabarlar lentasiga ko‘p marta tushgan. Xususan, hozir jinoiy iyerarxiyada yuqori lavozimni egallagani uchun sudlanayotgan Marsel Gasanov shu yerda ushlangan. Kafe hududida «otishmalari» bo‘lib turgan. Sud ijrochilari bir necha bor muassasani yopishga uringan, biroq har safar u faoliyatini davom ettirgan.

Mavzuga oid