Jamiyat | 12:23
2275
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda o‘quvchi qizga shilqimlik qilgan o‘qituvchi 5 sutkaga qamaldi

36 yoshli o‘qituvchi 10-sinf qizni sinf xonasiga qamab, eshikni ichkaridan qulflagan holda uni quchoqlamoqchi bo‘lgan. 

Sergeli tumanidagi maktablardan birining o‘qituvchisi o‘quvchiga shilqimlik qildi. Sud qarori bilan unga ma’muriy qamoq jazosi qo‘llandi.

Kun.uz o‘rgangan sud qarorida keltirilishicha, 1989 yilda tug‘ilgan E.P. Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. U 2025 yil 4 mart kuni maktabning 10-sinf o‘quvchisini huquq fanidan turli bahonalar qilib, xonasiga chaqirib olgan. O‘quvchi qiz kelgach, sinf xonasining eshigini ichkari tomondan qulflab, unga shilqimlik qilgan.

O‘qituvchi sud majlisida haqiqatdan o‘quvchini xonaga chaqirib, eshikni qulflagan holda unga shahvoniy shilqimlik qilmoqchi bo‘lganligini tan olgan hamda bunday holat boshqa qaytarilmasligini bildirgan. 

Sud majlisida so‘roq qilingan o‘quvchi qiz esa bo‘lgan voqeani aytib, o‘qituvchiga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. 

Sud E.P. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan (shahvoniy shilqimlik) huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topgan. Unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Oldinroq Jizzax viloyatining Forish tumanida ham 64 yoshli jismoniy tarbiya o‘qituvchisi darsda o‘quvchining yakka o‘zini olib qolib, yuzidan ushlagan holda unga shahvoniy shilqimlik qilgandi.

Mavzuga oid