O‘zbekiston | 20:08 / 23.05.2025
2982
4 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda o‘nlab pedagoglarga ustama to‘lash texnik masalalar sabab to‘xtatib qo‘yildi

Ko‘kdala tumanidagi 3 ta maktabga uzoq masofadan qatnab ishlovchi o‘qituvchilarga transport xarajatlarini qoplab berish yil boshida to‘xtatib qo‘yilgan. Bunga ushbu maktablar joylashgan mahalla avval Chiroqchi tumani tarkibida bo‘lgani va UzASBO tizimidagi texnik masalalar sabab bo‘lyapti. Mas’ullarning e’tiborsizligi oqibatida pedagoglarning yarim yillik ustamasi kuyib ketishi mumkin.

Foto: Kun.uz

Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanidagi 3 ta maktabning ayrim pedagoglari UzASBO tizimidagi texnik masalalar tufayli 5 oydan beri tegishli ustamalarni ololmay kelyapti.

Tumanning Paxtalisoy mahallasida joylashgan 47-, 48- va 51-maktablarda boshqa tumanlardan qatnab ishlaydigan o‘qituvchilar bor. Ularga yanvar oyidan boshlab yo‘l-transport xarajatlari uchun ustama berish to‘xtatib qo‘yilgan.

Ayol boshimiz bilan erta tongdan soat 5-6 larda qishning qattiq sovug‘i-yu, jazirama issiqlarda 3-4 ta transport almashib, taxminan 150 km masofa yo‘l bosib, ish joylarimizga yetib boramiz va yana shuncha masofa yo‘l bosib uyga qaytamiz”, – deyiladi o‘qituvchilarning Kun.uz'ga yo‘llagan murojaatida.

Ular bir necha marta prezidentning virtual qabulxonasiga va bir marta maktab vaziri Hilola Umarovaga xat orqali murojaat qilishgan. Lekin natija bo‘lmagan.

Ustozlarga ko‘ra, muammoning yuzaga kelishi – avval Chiroqchi tumani tarkibida bo‘lgan “Paxtalisoy” MFY yangi tashkil etilgan Ko‘kdala tumani tarkibiga o‘tkazilgani bilan bog‘liq.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, xalq deputatlari Chiroqchi tumani kengashining 2021 yil 18 noyabrdagi qaroriga asosan, Chiroqchi tumanidagi 32 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari, jumladan, “Paxtalisoy” MFY yangi tashkil etilgan Ko‘kdala tumani tarkibiga o‘tkazilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yildagi qarori bilan tasdiqlangan olis hududlar ro‘yxatida esa, “Paxtalisoy” MFY Chiroqchi tumani tarkibida ko‘rsatilganicha qolmoqda. Ushbu holatda, tuman kengashining qarori bilan, 2025 yil yanvarigacha ustamalar to‘lab kelingan.

UzASBO dasturidagi tegishli ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilingani orqali ish haqi to‘lovlarida moliyaviy xato va kamchiliklarning oldini olish maqsadida, “Paxtalisoy” MFY Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi 471-sonli qarori bilan tasdiqlangan ro‘yxatga asosan Ko‘kdala tumani tarkibiga kiritilmagani sabab, ushbu MFYga boshqa hududdan kelib faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarga maxsus ustama to‘lovlari to‘lanishi avtomatik ravishda to‘xtatilgan”, – deyiladi rasmiy izohda.

MMTVga ko‘ra, hozirda tegishli tashkilot va idoralar bilan olis hududlar ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlanmoqda. Hukumat qaroriga o‘zgartirish kiritilgandan keyin ustama to‘lovlari to‘lanishi davom ettiriladi.

Oliy hududlar ro‘yxatiga tuzatish kiritilganidan keyin, orada to‘lanmay qolgan oylar uchun ustamalar ham to‘lab beriladimi? Kun.uz'ning bu savoliga vazirlik rasmiysi: “Afsuski, yo‘q. Qonun ortga qaytish kuchiga ega emas”, deya javob berdi.

Uning aytishicha, ustama to‘lash hukumat qaroriga o‘zgartirish kiritish haqidagi qaror chiqqan kundan boshlab qayta boshlanadi.

Bu o‘rinda, pedagoglar manfaatini himoya qilishi kerak bo‘lgan vazirlik muammo yuzaga kelganidan beri o‘tgan vaqt – 5 oy davomida tezkor yechimni ta’minlamagani taajjublanarli.

Ko‘kdala tumani 2021 yil oxirida tashkil etilganidan kelib chiqilsa, aslida vazirlikda 2025 yil yanvarigacha hukumat qarorini tuzatib qo‘yish uchun kamida 3 yil vaqt bo‘lgani oydinlashadi.

Mavzuga oid