Janubiy Koreya prezidenti hibsga olindi. Ikkinchi urinishda
Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilib, bir muddat mamlakatda xaos yuzaga keltirgan prezident Yun Sok Yol esingizda bo‘lsa kerak. Biz uning sharmandali harakatlari haqida video tayyorlab, unda janob Yol katta ehtimol bilan qamalishini aytgandik. 14 yanvar kuni Koreya politsiyasi ikkinchi urinishda endilikda sobiq prezidentni hibsga oldi. Uni qo‘lga olish jarayoni Almazbek Atambayevni qo‘lga olish jarayonini eslatib yubordi. Faqat bu holat jiddiyroq, janob Yol tunov kunigacha Koreya prezidenti edi.

Ikkinchi urinishda
Koreya politsiyasi prezident Yolni hibsga olish uchun bir necha kun avval ham harakat qilgandi. Ammo o‘shanda prezident qo‘riqchilarga jiddiy qarshilik qilgani sabab politsiya qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun operatsiyani qoldiradi. Bu gal esa politsiya katta kuch bilan prezident qarorgohini shturm qildi. Koreya tarixidagi eng yirik politsiya operatsiyasida 3 ming nafar zobit qatnashdi.
Prezident qo‘riqchilari bir necha soat davomida qarshilik qila oldi xolos. Oxir-oqibat politsiya prezidentni qo‘lga olib, Korrupsiyani tergov qilish byurosiga olib borishni uddalaydi. Politsiya shturmni 14 yanvar tong sahar 4:20 da boshlaydi. Kun yarmiga borib operatsiya muvaffaqiyatli yakunlanadi. Bu Koreyada amaldagi prezidentni hibsga olish bilan bog‘liq ilk holat bo‘ldi.
Prezident Yol uni qo‘lga olishlarini qonun ustuvorligining tugashi deb atadi. Shuningdek, qon to‘kilmasligi uchun so‘roqqa borishga rozi bo‘lganini aytdi. Endi prezident Yun Sok Yol tergov beradi. Hech qanday asossiz Koreyada harbiy holat qilgan prezidentning so‘zlariga ko‘ra, unga qarshi olib borilayotgan tergov harakatlari ham noqonuniy. Ilon Mask bu holatga «Qizaloq, endi sening gaping o‘tmaydi», deb munosabat bildirgan bo‘lardi. Koreya muxolifati prezident Yun Sok Yolning qo‘lga olinishi demokratiya ustuvorligini ta’minlash yo‘lidagi bir qadam ekanini ma’lum qildi.
Prezident nimada ayblanmoqda?
Sobiq prezident Yun Sok Yol qo‘zg‘olonga boshchilik qilish, mansab vakolatini suiiste’mol qilishda ayblanmoqda. Avvalroq uni davlatga xiyonatga ham ayblashayotgani aytilgandi. Lekin yuqoridagi ikki ayb prezident uchun davlatga xiyonat ayblovidan kam emas. Sobiq prezident ish bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida uch marta tergov berishga bormagani uchun Seul G‘arbiy okrug sudi 31-dekabrda uni hibsga olishga order bergan. 3 yanvar kuni politsiya birinchi urinishda prezident Yunni hibsga ololmaydi.
Esingizda bo‘lsa, prezident Yun Sok Yol 3 dekabr kuni Koreyada harbiy holat e’lon qilgan va Seul ko‘chalarida tanklar yura boshlagandi. Prezident bunday qarorga go‘yoki parlamentda Shimoliy Koreyani qo‘llovchi kuchlar paydo bo‘lganini sabab qilib ko‘rsatgandi. Lekin bu gapiga hech qanday asos keltirmaydi. Prezident harbiy holat e’lon qilganiga butun mamlakat, hatto uning partiyasi ham qarshi chiqadi. Koreya parlamenti a’zolari parlament binosiga kirishda qarshilikka uchragan bo‘lsa-da, bir amallab tunda yig‘ilish o‘tkazib, harbiy holatni bekor qiladi.
Bu ish fonida prezident Yun Sok Yol 13 dekabr kuni hokimiyatdan chetlatiladi. 27 dekabr kuni bosh vazir Xan Dol Su vaqtincha prezident vazifasini bajaruvchi bo‘ldi. Lekin keyinroq parlament uni ham lavozimdan ozod qildi. Hozirda moliya vaziri Chxve San Mok vaqtincha prezident vazifasini bajarmoqda.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.
Mavzuga oid

17:06 / 07.04.2025
Janubiy Koreyada navbatdan tashqari prezidentlik saylovi belgilandi

09:33 / 04.04.2025
Janubiy Koreya prezidenti lavozimidan rasman chetlatildi

20:01 / 02.04.2025
Janubiy Koreyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari ogohlikka chaqirildi

16:52 / 08.03.2025