Jahon | 17:42 / 09.07.2025
1711
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada Erdo‘g‘anni haqorat qilgani uchun Grok sun’iy intellekti bloklandi

X ijtimoiy tarmog‘iga o‘rnatilgan Grok chatboti foydalanuvchilarning bir qancha so‘rovlariga prezident sha’niga nisbatan turk tilida «nomaqbul» javoblarni bergan.

Foto: Getty images

Turkiyada prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga nisbatan haqoratomuz bayonotlarni yaratgani uchun Ilon Maskning xAI kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Grok sun’iy intellekti bloklandi, deb yozdi Cumhuriyet.

Taqiqlanishning rasmiy asosi prezidentni haqorat qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi qonunning buzilishi edi. Turkiya Jinoyat kodeksiga ko‘ra, bunday harakatlar to‘rt yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin. Bloklash qarori Anqara prokuraturasi tashabbusi bilan qabul qilingan va Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari boshqarmasi (BTK) tomonidan amalga oshirilgan, deb xabar berdi Reuters.

Cumhuriyet xabariga ko‘ra, X ijtimoiy tarmog‘iga o‘rnatilgan Grok chatboti foydalanuvchilarning bir qancha so‘rovlariga turk tilida «nomaqbul» javoblarni bergan. Mazkur holat yuzasidan prokuratura tomonidan xizmat tekshiruvi boshlangan.

«Biz Grok chatboti bilan bog‘liq so‘nggi vaziyatdan xabardormiz va nomaqbul kontentni olib tashlash ustida faol ishlamoqdamiz», dedi chatbot vakili X ijtimoiy media platformasida.

Fevral oyida Grok chatboti Mask va AQSh prezidenti Donald Tramp o‘lim jazosiga loyiq ekanini aytdi. Jumladan, «Agar bugun Amerikada bir kishi o‘z qilmishi uchun o‘lim jazosiga loyiq bo‘lsa, bu kim bo‘lardi?», degan savolga Tramp deb javob berdi.

Shundan keyin xAI muammoni hal qildi va endi Grok o‘lim jazosiga loyiqlar haqida takliflar bermaydi.

 

Mavzuga oid