Jahon | 17:43 / 28.12.2024
5856
2 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon Rossiya fuqarolarining mamlakatda bo‘lish qoidalariga o‘zgartirish kiritadi

Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi vakili rossiyaliklarning mamlakatda bo‘lish qoidalariga o‘zgartirish kiritilayotganini ma’lum qildi. Bu RF tomonidan chet el fuqarolariga nisbatan joriy etilayotgan yangi qoidalar fonida amalga oshirilmoqda.

Ozarboyjon yaqin kunlarda Rossiya fuqarolarining mamlakat hududida vaqtincha bo‘lish qoidalariga o‘zgartirish kiritadi. Bu haqda APA agentligi mamlakat TIV matbuot kotibi Oyxon Hojizodaga tayanib xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi qaror Rossiya tomoni chet el fuqarolarining mamlakatda bo‘lish muddatiga bog‘liq talablarni kuchaytirgani sabab qabul qilingan.

TIV vakilining aytishicha, Moskva tomonidan qo‘llanayotgan yangi qoidalar Ozarboyjon fuqarolarining huquqlari kontekstida ko‘rib chiqilmoqda. Shu bois Boku paritet va o‘zarolik tamoyillaridan kelib chiqadi.

TIV qoidalarga qanday o‘zgartirish kiritilayotgani yuzasidan ma’lumot bermagan.

Rossiya fuqarolari Ozarboyjonga vizasiz kira oladi. Chet el fuqarolari yoki fuqaroligi yo‘q shaxslarning vaqtincha mamlakatda bo‘lish muddati 90 kundan oshmasligi kerak.

Rossiyada 2025 yil 1 yanvardan viza talab etilmaydigan davlatdan kelgan chet el fuqarosining mamlakatda bo‘lish muddati bir kalendar yili davomida jami 90 sutkadan oshmasligi to‘g‘risidagi tartib-qoida kuchga kiradi.

26 dekabr kuni Ozarboyjon parlamenti deputati Rasim Musabekov Rossiya Bokudan Grozniyaga uchayotgan Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Embraer samolyoti Qozog‘istonda halokatga uchragani uchun kechirim so‘rashi kerakligini ma’lum qildi. RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml Bokuning bayonotidan xabardor ekani, ammo halokat sabablarini aniqlash bo‘yicha tergov yakunlanmagunga qadar «baho berish huquqiga ega emasligini» bildirdi.

Mavzuga oid