O‘zbekiston | 15:49 / 24.05.2025
5567
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Shusha deklaratsiyasiga qo‘shilgani haqidagi xabarlar rad etildi

Ayrim xorijiy nashrlar Ozarboyjon va Turkiya o‘rtasida imzolangan, urush holatida birgalikdagi mudofaani nazarda tutuvchi Shusha deklaratsiyasiga O‘zbekiston ham qo‘shilgani haqida xabar tarqatdi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Kun.uz'ga bergan izohida bu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi.

Bir qator xorijiy nashrlar va Telegram-kanallarda Ozarboyjon va Turkiya o‘rtasida imzolangan, umumiy mudofaani ko‘zda tutuvchi Shusha deklaratsiyasiga O‘zbekiston ham qo‘shilgani haqida xabarlar tarqaldi.

«O‘zbekiston tomonidan [Ozarboyjon bilan] ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi va Shusha deklaratsiyasiga qo‘shilishi aynan o‘z mohiyatida baholanishi kerak. Bu – Ozarboyjon, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida harbiy ittifoq tuzilganini bildiradi. «Harbiy ittifoq» degan tushuncha esa tashqaridan tajovuz bo‘lsa, o‘zaro harbiy yordamni nazarda tutadi», deyiladi CBC TV'ning YouTube'dagi 1,2 million obunachiga ega kanalida 23 may kuni ketgan reportajda.

Materialda Turkiya bugungi kunda tobora o‘zini «turkiy dunyo»da xavfsizlik koordinatori sifatida ko‘rsatayotgani hamda harbiy sohada Markaziy Osiyo davlatlari bilan ham aloqalarni mustahkamlab borayotgani qayd etilgan.

«Turkiya, Ozarboyjon va O‘zbekiston o‘rtasida harbiy ittifoq tuzilgani – bu turkiy dunyoni mustahkamlash va Markaziy Osiyo xavfsizligini barqarorlashtirish yo‘lida muhim qadamdir. Yaqin kelajakda Shusha deklaratsiyasiga boshqa turkiy davlatlarning ham qo‘shilishi kutilishi mumkin», deyiladi CBC TV xabarida.

Kun.uz O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonovdan olgan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston Shusha deklaratsiyasining ishtirokchisi emas.

«O‘zbekiston 2021 yil 15 iyun kuni Shusha shahrida Ozarboyjon va Turkiya o‘rtasida imzolangan «Shusha deklaratsiyasi»ning ishtirokchisi emas. Bu faqat Ozarboyjon va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlovchi ikki tomonlama hujjatdir.

Mazkur deklaratsiya doirasida O‘zbekistonning Turkiya va Ozarboyjon bilan har qanday mudofaa ittifoqida ishtirok etayotganini tasdiqlovchi hech qanday rasmiy manba yoki dalil mavjud emas», deyiladi TIV rasmiysi Kun.uz'ga bergan izohda.

Ahror Burhonov Ozarboyjon nashrida tarqalgan xabar «haqiqatga umuman to‘g‘ri kelmasligi»ni bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu xabarlar tarqalgan kunlarda, xususan 19 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish haqida»gi qonunni imzolagan edi. Bu shartnoma 2024 yil 23 avgust kuni Toshkentda, prezident Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev tomonidan imzolangan.

O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasidagi ittifoqchilik to‘g‘risidagi shartnoma matni e’lon qilinmagan. TIVga ko‘ra, bunday kelishuv shartnomalari matni ochiqlanmaydi.

Shusha deklaratsiyasi – Ozarboyjon va Turkiya o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlovchi ikki tomonlama strategik hujjat bo‘lib, 2021 yil 15 iyun kuni Ilhom Aliyev va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an tomonidan imzolangan.

Deklaratsiya Ozarboyjon va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarni ittifoqchilik darajasiga ko‘tarish, ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, harbiy, iqtisodiy, madaniy, gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirishni ko‘zda tutadi. Tomonlar o‘zaro harbiy yordam ko‘rsatish, uchinchi davlat tomonidan mustaqillik, suverenitet yoki hududiy yaxlitlikka tahdid yoki tajovuz bo‘lsa, BMT Nizomi doirasida zaruriy yordam ko‘rsatish majburiyatini olgan.

Mavzuga oid