O‘zbekiston | 12:13 / 21.05.2025
11280
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklar uchun viza olishni osonlashtirish bo‘yicha AQSh bilan muzokara o‘tkaziladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Tashqi ishlar vazirligiga AQSh fuqarolari uchun O‘zbekiston hududiga 30 kunlik vizasiz kirish rejimi joriy qilish hamda o‘zbekistonliklar uchun AQShga viza talablarini yengillashtirish yuzasidan muzokaralar boshlashni topshirdi. TIV 3 oy ichida ushbu masala yakuni bo‘yicha taklif kiritishi kerak.

2025 yil 15 may kuni O‘zbekistonga sayyohlar oqimini ko‘paytirish va turistik xizmatlar ko‘lamini kengaytirishga doir prezident farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan respublika hududlariga turistlar oqimini ko‘paytirish maqsadida 2025 yil 1 iyundan boshlab Bahrayn qirolligi, Kuvayt davlati va Umon sultonligi fuqarolari uchun O‘zbekiston hududiga kirgan kundan e’tiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilandi.

Farmonga ko‘ra, Tashqi ishlar vazirligi uch oy muddatda Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston va Ozarboyjon davlatlari fuqarolari uchun O‘zbekiston hududiga ichki hujjat yoki ID-karta, shu jumladan, 16 yoshga to‘lmagan fuqarolarga «kinder pasport» bilan 30 kungacha kirish rejimini joriy qilish yuklatildi.

Shuningdek, TIV Amerika Qo‘shma Shtatlari fuqarolari uchun O‘zbekiston hududiga 30 kunlik muddatga vizasiz kirish rejimini joriy qilish hamda O‘zbekiston fuqarolari uchun AQShga viza talablarini yengillashtirish yuzasidan muzokaralar boshlash topshirildi. Vazirlik 3 oy ichida ushbu masala yakuni bo‘yicha taklif kiritishi kerak.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasiga ikki hafta muddatda mahalliy hokimlarni Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Koreya, Indoneziya, Malayziya va Ko‘rfaz arab davlatlaridan xorijiy turistlarni ko‘paytirish maqsadida tegishli hududlarga biriktirish topshirildi.

Mahalliy hokimliklar O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bilan birga o‘zlariga biriktirilgan hududlar bilan turizm sohasida aloqalarni kengaytirish bo‘yicha hududiy dasturlarni belgilangan tartibda tasdiqlashi kerak. 

Mavzuga oid