O‘zbekiston | 22:06 / 07.02.2024
12303
2 daqiqa o‘qiladi

“3–4 milliardga bo‘lib ketadi” - Qarshida yerosti va yerusti piyodalar yo‘laklari quriladi

Qarshi shahridagi “Yangi bozor” oldida yerusti o‘tish yo‘li, “Yerqo‘rg‘on” bozori oldida esa yerosti o‘tish yo‘li quriladi. Viloyat hokimi Murodjon Azimov bu joylarda piyodalar yo‘lni kesib o‘tishi juda qiyinligi, qurilajak yerosti va yerusti yo‘llar “3–4 mlrd so‘mga bo‘lib ketishi”ni aytdi.

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati

Qarshi shahrida yerosti va usti piyodalar yo‘laklari quriladi. Bu haqda 7 fevral kuni viloyat hokimligida Qarshi shahrini ijtimoiy-iqtisodiy va kommunal sohani rivojlantirish, aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha o‘tkazilgan taqdimotda ma’lum qilindi.

“Yerosti va yerusti boshlanishi kerak. Haqiqatan ham, “Yerqo‘rg‘on”ning oldida ham, “Yangi bozor”ning oldida ham [yo‘lni piyoda kesib] o‘tib bo‘lmaydi. Bu ham odamlarning kayfiyati bilan bog‘liq. Boshlatvorishimiz kerak. 3–4 milliardga bo‘lib ketadi”, – dedi viloyat hokimi Murodjon Azimov.

Taqdimotda aytilishicha, “Yangi bozor”ning oldida “Orzu” bozorining oldidagi kabi yerusti o‘tish yo‘li, “Yerqo‘rg‘on” bozoriga tutash joyda esa yerosti o‘tish yo‘li, avtoshohbekat va taksilar uchun alohida joy qurish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 29 yanvar kungi yig‘ilishda shaharsozlik va yo‘l harakatiga mas’ul barcha bo‘g‘indagi rahbarlar “Shahar – piyodalar uchun” degan shiorni o‘zining asosiy tamoyili qilib olishi shartligini ta’kidlagan edi.

Yerosti va yerusti yo‘llar esa keksalar, yuk ko‘targan yoki bolani “kolyaska”da olib yurgan piyodalar, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun noqulaylik tug‘diradi.

Video:

Mavzuga oid