O‘zbekiston | 19:43 / 06.12.2023
8882
3 daqiqa o‘qiladi

«Aksiya» deb yerlarni noqonuniy egallash, tezkor qurilish qilish holatlari ko‘paydi – Kadastr agentligi 

«Aksiya» bo‘ladi degan xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, hududlarda yerlarni noqonuniy egallab, tezkor qurilish qilayotganlar ko‘paygan. Kadastr agentligi bunga izoh berdi. 

Ijtimoiy tarmoqlarda noqonuniy uy-joylar uchun kadastr hujjatlarini tayyorlashda «aksiya» bo‘lishi kutilayotgani to‘g‘risidagi xabarlar tarqalishi ortidan, yerlarni o‘zboshimchalik bilan noqonuniy egallab olish va qurilish ishlarini tezkor boshlab yuborish holatlari ko‘paygan. Bu haqda Kadastr agentligi matbuot xizmati rahbari Ne’mat Otamurodov ma’lum qildi. 

«Kadastr hujjatlarini tayyorlashda «aksiya» bo‘lishi kutilayotgani to‘g‘risidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘p tarqalyapti. Bu xabarlarga biroz tuzatish kiritish kerak. Sababi, xabarlarda kadastr hujjatlarini tayyorlash jarayoni «aksiya» deb nomlanyapti. Aslida aksiya emas», dedi u. 

Qayd qilinishicha, prezident boshchiligida 27 oktyabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda 2,4 millionta xonadonning egalik hujjati yo‘qligi, agar ularning kadastr hujjati qilinsa, odamlarga huquqiy, iqtisodiy jihatdan yordam bo‘lishi aytilgan. Shu bois, hujjatsiz uy-joylarga egalik huquqini berish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish topshirig‘i berilgan. Otamurodovning ta’kidlashicha, «bugungi kunda qonun loyihasi ishlab chiqilyapti». Kadastr hujjatlarini tayyorlash uchun arizalar qancha muddatda ko‘rib chiqilishi va to‘lov miqdori qancha bo‘lishi faqat qonun qabul qilinganidan keyin ma’lum bo‘ladi. 

Otamurodov so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda shunday mazmundagi xabarlar tarqalgach, hududlarda yerlarni noqonuniy egallab, tezkor qurilish qilayotganlar uchramoqda. 

«Ijtimoiy tarmoqlarda xabar tarqalganidan keyin, aholi o‘rtasida «uddaburonlar» ko‘paydi. «Tezkor imorat qurib olib, bu uyni 5-10 yil oldin qurganman deb iddao qilsam, hujjatlashtirib olaman», deb o‘ylab yurgan bo‘lishi mumkin. Ochig‘ini aytganda, ular xato o‘ylamoqda. Sababi, Kadastr agentligi tomonidan yerlarning holatini o‘rganish bo‘yicha kosmik s’yomkalar, xaritalar bor. Ular yordamida 5-10 yil, hatto 20 yil oldingi holatni ko‘rib, tekshirish mumkin», dedi u. 

Otamurodovning ta’kidlashicha, bu jarayonda insonlar o‘ziga zarar berishi mumkin. Chunki, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish, u yerga noqonuniy bino qurish uchun qonunchilikda ma’muriy javobgarlikdan, jinoiy javobgarlikkacha choralar belgilangan.

Mavzuga oid