O‘zbekiston | 14:39 / 22.11.2023
34402
6 daqiqa o‘qiladi

5 o‘lim va 6 yarador – Farg‘onadagi dahshatli avtohalokat tafsiloti (reportaj)

Uchko‘prik tumani hududida yuk mashinasi svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtab turgan Damas’ga kelib urilishi oqibatida 2 nafar bola va 3 ayol vafot etdi. Mashina haydovchisi va yana 5 kishi og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Ulardan ikki nafarining ahvoli og‘irligi aytilmoqda. Kun.uz muxbiri voqea tafsilotlarini o‘rgandi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

21 noyabr kuni ertalab Uchko‘prik tumanida Isuzu yuk mashinasi svetoforda to‘xtab turgan Damas bilan to‘qnashdi. Damas ichida jami 11 kishi – haydovchi, Buvayda tumani Yangiqishloqdagi 7-maktabning 5 nafar o‘quvchisi hamda 5 ayol bo‘lgan. Sabzi kavlash uchun Oltiariq tumaniga ketayotgan yo‘lovchilardan 5 kishi – 2 nafar maktab o‘quvchisi va 3 ayol yo‘l transport hodisasi oqibatida vafot etgan.

Baxtsiz hodisadan omon qolgan 5 nafar yo‘lovchi va haydovchi ayni paytda Bog‘dod, Buvayda hamda Uchko‘prikdagi shifoxonalarda qolmoqda. Ular orasida ahvoli og‘irlari ham bor.

Bog‘dod tumani Tibbiyot birlashmasi Reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i Dilshod Jalilovning aytishicha, bo‘limga olib kelingan ikki o‘quvchi qizning ahvoli o‘ta og‘ir darajada.

“Bog‘dod tumani tibbiyot birlashmasiga soat 9:00lar chamasida avtohalokat natijasida tan jarohati olgan 14 va 16 yoshli maktab o‘quvchilari olib kelindi. Ulardan biri o‘ta og‘ir koma holatida kelgan. Ikkinchi o‘quvchi esa hushida, lekin tan jarohati judayam ko‘p. Birinchi bemor bosh miyasiga qon quyilishi sabab jarrohlik amaliyotidan chiqdi.

Ikki bemorning ham ahvoli juda og‘ir. Biri sun’iy nafas olish apparatiga ulangan, koma holatida. Ikkinchisining holati esa jarrohlik amaliyotidan keyin ma’lum bo‘ladi”, – deydi shifokor.

Dilshod Jalilov

Buvayda tumani tibbiyot birlashmasiga YTH ishtirokchilaridan 4 nafari yotqizilgan. Damas’ning oldi o‘rindig‘ida o‘tirgan Sevara Polvonova sabzi kavlashga 9-sinfda o‘qiyotgan qizi bilan ketayotgan bo‘lgan.

“Oltiariq tumaniga sabzi kavlashga ketayotgan edik. 9-sinfda o‘qiyotgan qizim ham harna sizga yordam bo‘lsin deb kunlik ishga men bilan birga ketayotgan edi. Svetoforga yetib borganimizda qizil chiroq yonib qoldi. 1 daqiqalar chamasi yashil chiroq yonishini kutdik. Shu paytda to‘satdan mashinamizga yuk mashinasi kelib urildi. G‘ijimlanib ketgan mashinamiz kuchli zarb bilan borib beton to‘siqqa tegdi. Xushimdan ketibman. Keyinroq o‘zimga keldim.

Damas’ning oldi o‘rindig‘ida bo‘lganim uchun faqat men va haydovchini tashqariga tortib olishdi. Yuk mashinasi mashinamizni qisib, g‘ijimlab tashlagan edi. Qolgan yo‘lovchilarni chiqarishning imkoni bo‘lmadi. Katta yuk mashinasida Damas’ni tortishgandan keyingina ichkarida sheriklarimiz tashqariga tortib olindi.

Keyin bilsak sheriklarimizdan 5 kishi halok bo‘lgan ekan. Bulardan 2 nafari maktab o‘quvchilari edi. Hammamiz bir mahallada yashaymiz. Bir-birimizni taniymiz”, dedi Sevara Polvonova.

Sevara Polvonova

“To‘satdan jiyanim kelib kelinim va nevaram avtohalokatga uchragani haqida aytdi. Ming xavotir bilan kelinimga qo‘ng‘iroq qildim. Telefoni o‘chgan ekan. Daragini so‘roqlab Buvaydadagi shifoxonaga keldim. Damas ichida bo‘lgan qo‘shnimiz Zulayho, kelinim va nevaramni shu yerdan topdim.

Damas ichida bo‘lgan barcha xotin-qizlar bitta mahallada yashaydi. Kelinim tirikchilik deb kunlik ishlarga chiqib turadi. 5 farzandi bor. Harna turmush o‘rtog‘iga yordam beradi-da. Nevaram ham onasiga qo‘shilib olgan edi”, deydi Sevara Polvonovaning qaynonasi Shahriniso opa.

Shahriniso Polvonova

Buvayda tumani tibbiyot birlashmasi travmatologi Zayliddin Jo‘rayev shifoxonaga olib kelingan bemorlar holati bo‘yicha ma’lumot berdi:

“Shifoxonamizga 21 noyabr soat 7:55lar chamasida avtohalokatga uchragan 4 nafar bemor olib kelindi. Ulardan birining ahvoli og‘irligi uchun jarrohlik stoliga yotqizildi. Uning qarotaloq va oshqozoni yorilib ketgan edi. Bemor jarrohlik amaliyotidan keyin reanimatsiya bo‘limiga yotqizildi. Yaqinlarining xohishi bilan Damas haydovchi Uchko‘prik tuman tibbiyot birlashmasiga o‘tkazildi. Haydovchining ahvoli o‘rta og‘ir. YTHga uchragan ona va bolaning holati esa ancha yaxshi”, deydi u.

Holat yuzasidan yuk mashinasi haydovchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz

Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid