Jahon | 22:28 / 15.07.2025
1160
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliya prokuraturasi sobiq prezident Bolsonaruni davlat to‘ntarishiga urinishda aybladi

Sobiq davlat rahbari «zo‘ravonlik yo‘li bilan demokratik tuzumni ag‘darishga uringan». Agar sud Jair Bolsonaruni aybdor deb topsa, u 40 yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi.

Foto: AP

Braziliya prokuraturasi mamlakatning sobiq prezidenti Jair Bolsonaruni davlat to‘ntarishiga urinishda aybdor deb topishni talab qildi.

Ayblov tomonining hisoblashicha, sobiq davlat rahbari «qurollangan jinoiy assotsiatsiya»da ishtirok etgan va «zo‘ravonlik yo‘li bilan demokratik tuzumni ag‘darishga uringan».

Bolsonarudan tashqari, bu turdagi jinoyatlarda yana yetti kishi ayblanmoqda.

Endi ish Braziliya Federal oliy sudi sudyasi Aleshandri di Morais tomonidan ko‘rib chiqiladi. Agar Bolsonaru va boshqa ishtirokchilar aybdor deb topilsa, ular 40 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Fevral oyida Braziliya prokuraturasi Bolsonaruga nisbatan mamlakatning amaldagi prezidenti Luis da Silvaga qarshi fitna uyushtirish ayblovini ilgari surgandi.

Bolsonaru 69 yoshda. Hukumat unga 2030 yilga qadar mamlakat prezidenti lavozimi uchun saylovlarda ishtirok etishni taqiqlagan, ammo u 2026 yilgi saylovlarda qatnashish yo‘llarini qidirmoqda.

AQSh prezidenti Donald Tramp bir necha bor Bolsonaruni qo‘llab-quvvatlab, unga bog‘liq sud ishlarini to‘xtatishga chaqirgan.

Bolsonaru 2019 yildan 2023 yilgacha Braziliya prezidenti bo‘lgan va Lula da Silva uning o‘rniga kelgan edi. Siyosatchi mag‘lubiyatini tan olmagan, lekin lavozimini tark etgan. 2023 yil yanvar oyi boshida natijalardan norozi Bolsonaru tarafdorlari Braziliya poytaxtida norozilik namoyishlari va tartibsizliklar uyushtirgan, jumladan, hukumat binolarini egallab olishga uringan.

Mavzuga oid