O‘zbekiston | 19:03 / 29.10.2022
7076
3 daqiqa o‘qiladi

Operatsiya vaqtida yosh bolaning tanasida bint qolib ketgani haqida xabarlar tarqaldi. SSV buni rad etdi

Telegram-kanallarida tarqalgan videoda surxondaryolik 4 yoshli bemor bola tanasida operatsiya payti bint qolib ketgani haqida so‘z boradi. Sog‘liqni saqlash vazirligi bu axborot haqiqatga zid ekanini ma’lum qildi.

Foto: Videodan kadr

Videoda bolaning salomatligi haqida ma’lumot bergan ayol (katta ehtimol bilan uning onasi) farzandi yorg‘og‘ida churra borligi uchun operatsiya qilingani, jarrohlik amaliyoti vaqtida uning tanasida bint qolib ketgani uchun davolanib chiqishga majbur bo‘lgani, bolakay hozir peshob chiqara olmay isitmalayotgani, unda talvasa kuzatilayotganini aytadi.

SSV matbuot xizmatiga ko‘ra videodagi bemor bola 2018 yilda tug‘ilgan bo‘lib, Surxondaryo viloyatining Termiz shahridagi Tinchlik mahallasida yashaydi. U 2020 yil 12 martda viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida “O‘ng tomonlama chov yorg‘oq churrasi” tashxisi bilan operatsiya qilingan, jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli kechgan.

“Amaliyotdan so‘ng K.A.da jarohatlar asoratsiz bitgan va operatsiyadan 5 kun o‘tib, uyiga ruxsat berilgan. Videolavhadagi bemor tanasida operatsiya chog‘ida bint qolib ketganligi to‘g‘risidagi vajlar esa haqiqatga zid. Qolaversa, o‘sha vaqtda bolaning ota-onasi tomonidan tibbiyot muassasasiga jarrohlik amaliyoti yuzasidan hech qanday e’tiroz bo‘lmagan”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Ta’kidlanishicha, operatsiya bolaning chap chov sohasida muvaffaqiyatli o‘tkazilgan va amaliyotdan so‘ng asoratlar kuzatilmagan.

“Biroq vaqt o‘tishi bilan bemorning boshqa nuqtasi, ya’ni o‘ng tomonlama chov yorg‘oq churrasida xastalik yuzaga kelgan. Videolavhada xuddi shu manzara tasvirlangan.

Shu bois K.A. joriy yil yana jarrohlik amaliyotiga muhtojligi tufayli 25 oktabr kuni viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga davolanish uchun yotqizildi. Yakuniy tibbiy tekshiruvlardan so‘ng u 27 oktabr kuni onasining iltimosiga ko‘ra, avvalgi jarrohlik amaliyotini bajargan malakali shifokor A.O. tomonidan operatsiya qilindi. Ayni paytda bolaning ahvoli yaxshi va u shifokorlar nazorati ostida tibbiy muolajalarni davom ettirmoqda”, deya xabar bermoqda SSV matbuot xizmati.

Mavzuga oid