Farg‘onadagi xususiy klinikaga burun operatsiyasi uchun borgan departament xodimi vafot etdi
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Farg‘ona viloyat boshqarmasining 33 yoshli xodimi Farg‘ona shahridagi xususiy klinikada vafot etdi. Marhumning yaqinlariga ko‘ra, bemor vafot etgach, uni operatsiya qilgan shifokorlar voqea joyidan qochib ketgan. Shifokorning o‘zi esa qochib ketganini inkor qilgan.

Foto: Daryo.uz
Farg‘ona shahrida joylashgan xususiy klinikaga burun operatsiyasi uchun kirgan 33 yoshli Muhammadjon Husainov shifoxonadan o‘lik holda chiqdi. Bu haqda marhumning turmush o‘rtog‘i Daryo.uz’ga xabar bergan.
Xonzodabegim Husainovaning ma’lumot berishicha, turmush o‘rtog‘i Muhammadjon 10 aprel kuni soat 18:00 da operatsiyaga kirgan va 22:30 da uning vafot etgani ma’lum bo‘lgan.
“Operatsiyadan oldin yonboshidan ikkita ukol oldi. Rentgen qilishdi, hammasi yaxshi, sog‘lomsiz deyishgandi. O‘z oyog‘i bilan operatsiyaga kirib ketgandi”, degan marhumning turmush o‘rtog‘i.
Ayol o‘sha kuni klinikaga olib borgan farzandlarini uyiga tashlash uchun ketganida unga klinikadan qo‘ng‘iroq qilib, soat 20:00 da turmush o‘rtog‘ini palataga olishmoqchiligini xabar berishgan.
“Kechki payt soat 20:20 larda klinikaga bordim. Borsam na shifokor bor, na hamshiralar. Hamma yoq tinch, kutib turdik. Soat 22:00 dan keyin yana so‘radim. Jonlantirish bo‘limini yopib, qulflab qo‘yishgan ekan. Erkaklarni chaqiring, deyishdi. Talab qilib, ichkariga kirsak, erim o‘lib bo‘lgan va o‘rab qo‘yishgan ekan”, degan Xonzodabegim Husainova.
Marhumning yaqinlariga ko‘ra, bemor vafot etgach, shifokorlar voqea joyidan qochib ketgan.
“Bahodir Qo‘chqorov degan shifokor operatsiya qilgandi. U viloyat shifoxonasida ishlar ekan. Biz avvaliga davlat shifoxonasiga borgandik. Shifokor men davlat shifoxonasida operatsiya qilmayman degani uchun keyin xususiyga bordik. Erim o‘lib qolganidan so‘ng shifokor klinikaning yerto‘lasiga yashiringan ekan. Men va qaynotam ularni izlab topolmay qoldik. Shifoxonadagi liftlarni ham o‘chirib qo‘yishgandi”, deya ma’lum qilgan marhumning turmush o‘rtog‘i.
Shifokor Bahodir Qo‘chqorov operatsiyadan so‘ng qochib ketganini inkor qilgan. Shuningdek, u bemorni viloyat Bolalar ko‘p tarmoqli markaziy shifoxonasida faqatgina 18 yoshgacha bo‘lgan bemorlarga xizmat ko‘rsatilishi sababli davlat shifoxonasida operatsiya qilmaganini aytgan.
“Bemordagi burun to‘sig‘i qiyshig‘ini to‘g‘irlash operatsiyasi ko‘ngildagidek o‘tgandi. Men shundan so‘ng bemorni anesteziolog ixtiyoriga topshirib, u yerdan ketganman. Qochib ketmaganman. O‘lim holati men operatsiyani tugatib, chiqib ketganimdan so‘ng taxminan 15-20 daqiqadan keyin sodir bo‘lgan. Jarrohlik amaliyoti hech qanday muammosiz o‘tdi, qon ham ketmadi”, degan shifokor.
Shuningdek, Bahodir Qo‘chqorov 15 daqiqaga mo‘ljallangan amaliyot bir soatga cho‘zilishi yoki bir soatga mo‘ljal qilingan operatsiya 15 daqiqada tugashi ham mumkinligini bildirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, viloyat shifoxonasining “Lor” bo‘limi mudiri bo‘lgan Bahodir Qo‘chqorov “Doktor-A” xususiy klinikasida ikki-uch oydan beri faoliyat yuritmoqda. Klinika faoliyat boshlaganiga ham taxminan shuncha vaqt bo‘lgan.
“Yiliga shunaqa operatsiyalardan 500 tasini o‘tkazaman. O‘n yildan beri shunaqa operatsiyalarni qilaman. Shuncha vaqt davomida taxminan besh-olti ming aynan shunday operatsiyalarni bajarganman. Men o‘z ishimni to‘liq va xatosiz bajardim. Operatsiya yakunlangach, bemorni anesteziologga topshirganman”, deya ta’kidlagan shifokor.
Bosh prokuratura axborot xizmati 2025 yilning 10 aprel kuni operatsiya natijasida vafot etgan bemor Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining viloyat boshqarmasi xodimi ekanini tasdiqlagan. Shuningdek, holat yuzasidan ayni kunda Farg‘ona viloyati prokuraturasi tomonidan tergovga kadar tekshirish harakatlari olib borilayotgani, tekshirish natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi bildirilgan.
Avvalroq Buxoro shahridagi xususiy klinikada 11 yoshli bola ukoldan so‘ng vafot etgandi.
Mavzuga oid

16:03
Rossiya Bosh prokuraturasi o‘zbekistonlik migrantlarning huquqlariga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish majburiyatini oldi

17:21 / 28.04.2025
“Chuqurlarga to‘la ko‘cha” – Farg‘ona shahri markazidagi abgor yo‘l qachon ta’mirlanadi?

12:15 / 28.04.2025
Farg‘onada 1 maydan ichimlik va oqova suv xizmatlari narxi oshadi

17:00 / 25.04.2025