«Aqlli ovoz berish» mojarosi, «xushlanmagan» nomzodlar va Putin partiyasi g‘alabasi. Rossiyadagi saylovlar yakunlari
Rossiya Davlat dumasining sakkizinchi chaqirig‘i uchun saylovlar bo‘lib o‘tdi. Onlayn ovoz berish jarayoni 19 sentabr kuni yakunlangan bo‘lsa-da, natijalar keyingi kuni e'lon qilindi.

Stanislav Krasilnikov / TASS / Scanpix / LETA
Saylovda davomat 51,68 foizni tashkil etdi. Ovoz berish uch kun – 17-19 sentabr kunlari davom etdi. VVS saylovlar natijasini tahlil qildi.
«Yedinaya Rossiya» yana eng ko‘p ovoz oldi
Amaldagi hukmron partiya bo‘lgan «Yedinaya Rossiya» 49 foiz ovoz oldi. Bu esa partiyaga dumada 120 o‘rin taqdim etadi. Partiya nomzodlari 198ta bir mandatli okrugda g‘alaba qozongan. Hukmron partiya oldingi yildagiga qaraganda pastroq natija qayd etgan bo‘lsa-da, bu konstitutsion ustunlikni qo‘lga kiritish uchun yetarli bo‘ldi.
Saylov natijalariga ko‘ra, Rossiya kommunistik partiyasi 18,9 foiz ovoz bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Kommunistlar 2016 yilgi saylovlarga qaraganda o‘z natijasini 5 foizga yaxshilagan.
Partiya yetakchisi Gennadiy Zyuganov o‘z partiyasidagi o‘sishni shunday izohladi: «Saylovchi bizga ishondi, saylovchi bizni eshitdi va bizga ovoz berdi».
Rossiya markaziy saylov komissiyasi rahbari Ella Pamfilovaning aytishicha, kommunistik partiya vakillari joylarda o‘z e'tirozlari bilan ko‘p marta qoida buzgan va saylov komissiyasi ishchilariga noqulaylik tug‘dirgan. Zyuganovning partiyasi bir mandatli to‘qqizta okrugda qozonilgan g‘alaba evaziga dumada 30ta o‘rin oladigan bo‘ldi.
Dumada «Yangi odamlar»
Yo‘q, Rossiya qonunchilik tizimida yangi insonlar paydo bo‘lgani yo‘q, shunchaki «Yangi odamlar» degan partiya paydo bo‘ldi. Bu partiya saylovlarda 7,09 foiz ovoz oldi va hatto Jirinovskiy yetakchiligidagi liberallarni ortda qoldirdi. Shu tariqa, 15 yil ichida ilk bor dumada to‘rttadan ko‘p partiya bo‘ladi.
Muxolif nashrlar «Yangi odamlar»ni prezident administratsiyasi loyihasi deb atagan. Uning asoschisi o‘z navbatida Faberlic kompaniyasining asoschisi bo‘lgan Aleksey Nechayev hisoblanadi. Nechayev joriy saylovlarda partiya yetakchisi, Yoqutiya sobiq meri Sardana Avksenteva bo‘lgan. Uning aytishicha, partiyaning yutug‘i «yangicha siyosat» yuritayotganida.
Nechayev partiya dumada 13-14 o‘ringa ega bo‘lishini taxmin qilmoqda. Saylovlarda qatnashgan yana bir partiya «Yashil alternativa» esa yetarli foizlarni to‘play olmagan.

Elektron ovoz berish va Moskvadagi muxolifat
Bu saylovlardagi asosiy intrigalardan biri «Yedinaya Rossiya»dan ovoz «tortib olish»ga qaratilgan «aqlli ovoz berish» loyihasi edi. Moskvada bu loyihani asosan kommunistik partiya nomzodlari qo‘llab-quvvatlashdi. Ular o‘ziga xos «Sobyanin ro‘yxati»da bo‘lgan nomzodlarga qarshi o‘z nomzodini ilgari surgandi.
Masalan, Kunsev okrugida kommunistik partiya nomidan Moskva davlat universiteti o‘qituvchisi Mixail Lobanov qatnashgandi. Hukumati qo‘llab-quvvatlovidagi nomzod sifatida esa boshlovchi Yevgeniy Popov nomzodi ilgari surilgandi.
Ovozlarni hisoblash jarayonida qiziq voqea sodir bo‘ldi. Dastlabki ovozlarni hisoblash jarayonida kommunistik partiyadan hukumat qo‘llab-quvvatlovisiz nomzod bo‘lganlar hukumat xohlagan nomzodlarni ortda qoldirishdi. Masalan, taxminiy yakunlarga ko‘ra Moskvadagi okruglarda quyidagi nomzodlar g‘olib bo‘lgandi - Mixail Lobanov, Valeriy Rashkin, Denis Parfenov, Sergey Obuzov, Anastasiya Udalsova. «Yabloko»dan nomzod bo‘lgan Sergey Mitroxin ham oldinda borayotgandi.
Ammo ovozlarni to‘liq hisoblash uchun saylovda xuddi Putin kabi onlayn qatnashganlarning ham ovozini hisoblash kerak edi. Markaziy saylov komissiyasi onlayn ovoz berish natijalarini dushanba kuni tunda e'lon qilishini ma'lum qilgandi, ammo bunday bo‘lmadi. Kommunistik partiyaning bir qator nomzodlari bu vaqtda ovozlarni hisoblash va protokollarni hisobga olishda bir qator qoida buzishlar sodir bo‘lganini ma'lum qilishdi. Masalan, Mixail Lobanovning aytishicha, hududiy saylov komissiyasi ovoz berish protokolini qabul qilishdan bosh tortib ovozlarni hisoblash uchun yuborgan.
Dushanba kuni ertalab saylov o‘z okruglarida yetakchilik qilayotgan nomzodlar asta-sekin «Sobyanin ro‘yxati»dagilarga imkoniyatni boy bera boshlashdi. Sergey Sobyanin esa o‘zi qo‘llagan barcha nomzodlar o‘z okrugida g‘alaba qozonganini ma'lum qildi. Onlayn ovozlar aytilganidek ovoz berish yakunlanishi bilan emas, ertasiga e'lon qilindi. Bu ovozlar hisoblangach esa hukumat qo‘llagan nomzodlar katta farq bilan g‘alaba qozongani ma'lum bo‘ldi.
«Aqlli ovoz berish»ning ilhomlantiruvchisi Aleksey Navalniyning safdoshlaridan biri bo‘lgan Leonid Volkov bu harakat o‘z samarasini berganini, Moskvadagi 15ta okrugdan 12-13tasida, Sankt-Peterburgdagi 8ta okrugdan hammasida hukumat qo‘llagan nomzodlar mag‘lub bo‘lganini ma'lum qildi va qolgan har qanday natijalarni soxtalashtirish deb hisobladi.
Kommunistik partiya saylov natijalarini tan olmasligini ma'lum qildi va miting uchun ruxsat so‘radi. Moskva meriyasi esa bunga ruxsat bermadi.
«Aqlli ovoz berish»ni yoppa bloklash
Qamoqda qolayotgan Navalniy tashkil etgan «Aqlli ovoz berish» jarayoniga hukumat saylovlar boshlanmay qarshilik qilishni boshlagandi. Masalan, «Roskomnadzor» Apple va Google'dan o‘z onlayn do‘konlaridan «Navalniy» ilovasini o‘chirib tashlashni talab qildi. Aynan shu dasturda «Aqlli ovoz berish» bo‘yicha maxsus ro‘yxatlar berib borilayotgandi. Har ikki kompaniya Rossiya hukumatining jazosidan qo‘rqib ilovani AppStore va Play Market'da bloklab qo‘yishdi.
«Aqlli ovoz berish» boti ham rossiyalik Pavel Durov boshchiligidagi Telegram messenjeri tomonidan bloklandi. Keyinchalik odamlarning noroziligi sabab bot faoliyati tiklandi, ammo faqat Rossiyadan tashqarida.

Ko‘plab qoida buzilishlari
Saylovning birinchi kunidan boshlab uchastkalardagi «qovun tushirishlar» ko‘rinib qoldi. Mustaqil kuzatuvchilarning aytishicha, saylov qutilariga juda ko‘p soxta byulletenlar tashlangan. Bunday holatlar esa kameralarga tushib qolgan. Ammo barcha qoida buzilishlari ham kamerada ko‘rinmagan.
Shuncha e'tirozlarga qaramay, MSK saylovlar «havas qilgulik darajada» toza o‘tgani va hech qanday qoida buzilishi sodir bo‘lmaganini ma'lum qildi. Shunday bo‘lsa-da, MSK 12ta holatda byulletenlarni tashlash holatlari kuzatilganini tasdiqlagan. Lekin qancha ovoz, kimning ovozi tashlangani aytilmagan.
VVS'ning yozishicha, hukumat qoidabuzarlar bilan shug‘ullanishdan ko‘ra qoida buzilishlari haqida ma'lum qilganlar bilan shug‘ullanishni ma'qul ko‘rgan. Doimgidek barchasiga G‘arb va muxolifat aybdor qilib ko‘rsatilgan.
MSK saylov yakunlari bo‘yicha brifingda bir video e'lon qildi va buni shunchaki sharmandali holat deb atash mumkin. MSKdagilar muxolifat tomonidan «feyklar fabrikasi» tashkil etilganini aytishgan.
VVS bu rolik qanday suratga olinganini aniqlab, unda qatnashgan odamlarni ham topgan. Ma'lum bo‘lishicha, videoda ko‘ringanlar aktyorlar bo‘lib, ularga ijtimoiy rolikda suratga tushishlari aytilgan, lekin buyurtmachi kimligi aniq emas.
MSK raisi Ella Pamfilova esa bu «feyk fabrikasi» haqida ma'lumotlar ishonchli ekaniga kafolat berishini aytdi. Shuningdek, MSK saylovlar vaqtida AQSh va Germaniyadan kiberhujumlar kuzatilgani, mingga yaqin kiberhujum bartaraf etilganini bildirgan.
Tavsiya etamiz
Haydovchilar uchun qator yengilliklar e’lon qilindi
O‘zbekiston | 18:04 / 16.05.2025
Shaharlarda yo‘l ta’mirlash ishlari faqat tunda amalga oshiriladi
O‘zbekiston | 17:20 / 16.05.2025
Kameralar yo‘l chizig‘ini bosganlik uchun jarima yozmaydigan bo‘ldi
O‘zbekiston | 16:46 / 16.05.2025
14 yillik qamoqdan prezidentlikkacha. Xose Muxika kim edi?
Jahon | 16:05 / 16.05.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Toshkentda bir qator ko‘chalar vaqtincha yopiladi
O‘zbekiston | 23:55 / 17.05.2025
-
«Kristal Pelas» «Man Siti»ni mag‘lub etib, Angliya Kubogini qo‘lga kiritdi
Sport | 23:01 / 17.05.2025
-
Isroil G‘azoda yangi, keng ko‘lamli harbiy operatsiyani boshladi
Jahon | 22:36 / 17.05.2025
-
Shifokor changli havoda amal qilish kerak bo‘lgan tavsiyalarni berdi
Jamiyat | 22:23 / 17.05.2025