O‘zbekiston | 09:05 / 05.09.2021
4168
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda kardioxirurgiya bo‘limi uchun yangi bino ishga tushiriladi

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida shu yil oxirigacha kardioxirurgiya, neyro-qon tomir xirurgiyasi va transplantologiya majmuasi ishga tushiriladi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi kardioxirurgiya bo‘limining zamon talablariga mos, yuqori texnologiyalar bilan jihozlangan operatsiya xonalariga ega 5 qavatli 75 o‘ringa mo‘ljallangan binosining ochilishi kutilmoqda. Ushbu majmuada neyro-qon tomir xirurgiyasi va transplantologiya bo‘limlari ham faoliyat ko‘rsatadi.

SSV matbuot xizmatining qayd etishicha, ayni vaqtda kardioxirurgiya bo‘limida yiliga 400ga yaqin yuqori texnologik operatsiyalar, jumladan, ishlab turgan yurakda aorta-koronar shuntlash, ko‘tariluvchi aortani hamda yurak klapanlarini tiklash kabi jarrohlik amaliyotlari bajariladi.

«Dunyoning so‘nggi rusumidagi tibbiy jihozlar bilan ta'minlangan kardioxirurgiya bo‘limi mavjudligi, bu yerdagi sharoitlarning yanada zamonaviylashtirilishi mamlakatimizda eng murakkab va noyob kardioxirurgik amaliyotlarni bepul va yuqori sifat bilan bajarish imkonini bermoqda», deyiladi xabarda.

Hozirda markazning kardioxirurgiya bo‘limi 15 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, kuniga ikkitadan operatsiya amaliyotini bajarish imkoniyatiga ega. Yangi bino ishga tushishi bilan o‘rinlar va amaliyotlar soni ham ortadi.

RShTYoIM direktori Doniyor Alimov

«Ta'kidlash joizki, markazning bir qator mutaxassislari dunyodagi yetakchi ixtisoslashtirilgan kardioxirurgiya markazlarida uzoq muddatli amaliyot o‘tab qaytishdi. Shifokorlar Rossiya, Turkiya, Avstriya kabi davlatlarning yetakchi markazlarida tahsil olib, u yerdagi mutaxassislar bilan hamkorlik munosabatlari yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa markazimizda o‘tkir ishemik kasallikning og‘ir asoratlari, chap qorincha anevrizmasi, chap qorincha disfunksiyasi, mitral klapanning ishemik yetishmovchiligida eng murakkab aralashuvlarni joriy etish imkonini berdi», — deydi RShTYoIM direktori Doniyor Alimov. 

Kelajakdagi rejalarda markazning kardioxirurgiya bo‘limida eksperimental operatsiyalarni yo‘lga qo‘yib, aorta va yurak klapanlarida minimal invaziv yondashuvni joriy etgan holda, bo‘limni kengaytirish va kadrlar tayyorlash tizimini qo‘llash nazarda tutilgan.

«So‘nggi yillarda markazdagi kardioxirurgiya xizmati keng rivojlanishga yuz tutdi, o‘tgan 5-6 yil ichida 2000ga yaqin turli xildagi jarrohlik amaliyotlari bajarildi va bu yutuqlar nafaqat mahalliy, balki chet ellik mutaxassislar tomonidan ham yuqori baholandi», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid